II MDH o‘yinlarida samarqandlik sportchilar 17 ta medalni qo‘lga kiritdi
Xabar qilganimizdek, Belarus poytaxti Minsk shahrida o‘tkazilgan II MDH sport o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar 28 ta oltin, 25 ta kumush, 53 ta bronza jami 106 ta medal bilan uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Musobaqada yurtimiz sharafini himoya qilgan samarqandlik sportchilar 4 ta oltin, 2 ta kumush 11 ta bronza medaliga ega chiqdi.
Jumladan, og‘ir atletika bo‘yicha Og‘abek Nafasov, dzyudo bo‘yicha Azamat Ablaqulov, boks bo‘yicha Gulsevar G‘aniyeva hamda Shavkatjon Boltayev oltin, muay-tay bo‘yicha Anisjon Hakimov va boks bo‘yicha Sanobar Bozorboyeva kumush medallariga sazovor bo‘lishdi.
Shuningdek, 11 nafar sportchimiz: og‘ir atletika bo‘yicha Temurbek Nasimov, muay-tay bo‘yicha Davlat Shamsiyev, Rahmatjon Xodjayev, futzal bo‘yicha (jamoaviy dasturda) Damir Mamadoliyev, kamondan otish bo‘yicha (jamoaviy dasturda) Jasmina Nurmanova, Omina Ergashova, gandbol bo‘yicha (jamoaviy dasturda) Lobar Shamiyeva, sambo bo‘yicha Dilmurod Xolmamatov, yunon-rum kurashi bo‘yicha Elnur Xolmo‘minov, Alijon Aliyev, Abror Nurmanov bronza medallarini qo‘lga kiritdi.