IIb faxriysi: Bolaning uydan bezishiga sabab...

Sizdan ikki og‘iz iliq gap eshitishga ilhaq farzandingizga ba’zida e’tibor berasiz, ba’zida esa yo‘q. Tabiiyki, bunday sharoitda tarbiyalanayotgan bola ko‘chaga intiladi. Nega?
Chunki u birinchidan, ota-onasining o‘ziga befarq munosabatda ekanidan bezib qolgan va o‘zini kerak emasdek his qila boshlaydi. Bola balog‘at yoshiga yetganda ham shu hol davom etaversa, u halovat istab, ko‘chaga intiladi. Chunki farzand biladiki, uyda ota-onasi bilan istagan yoki o‘zini o‘ylantirayotgan mavzuda yurak yutib suxbatlasholmaydi. Ish bilan band ota-ona farzandining daf’atan o‘zgarib qolgani sababini bilishga hatto ehtiyoj ham sezmaydi.
Kattalar nazoratidan chetdagi bola boshqalar gapi bilan ish qiladigan, eng yomon tomoni, hayotga sovuqqon munosabat bilan tarbiya topadi va u faqat qoralashni o‘rganadi.
Ko‘cha bolasi uydan sovigach, o‘ziga o‘xshash ko‘cha bolalari safiga qo‘shilishi turgan gap. Bu esa, oxir-oqibat yaxshilikka olib kelmaydi. Xususan, ayni kunlarda, ya’ni bolalar, o‘quvchilarning yozgi ta’til oylarida farzandlarimizga yanada e’tiborli bo‘lishimiz, yozni esda qolarli o‘tkazish uchun yaxshi sharoitlar yaratishimiz lozim-ku, axir!
- Bolaning ko‘chaga intilishi sabablaridan yana biri oiladagi kundalik yoki kunora bo‘lib turadigan janjallardir, - deydi Kattaqo‘rg‘on shahri IIB faxriysi H.Qodirov. - Otaning onaga qo‘l ko‘tarishi, onaning yig‘lab, faryod chekishi va bunday holatni ko‘rib turgan farzandning onasiga yordam berolmasdan qiynalishi uni ma’lum ma’noda "tarbiyalab" qo‘yadi. Bu tarbiya uning hayotga nisbatan muhabbat emas, aksincha, sovuqqonlik bilan munosabatida shakllanadi va buning oqibati har xil ko‘ngilsizliklar, janjallarni keltirib chiqaradi.
Xullas, o‘rtada farzand sarson, u boshi berk ko‘chada. Demak, ko‘cha bolalarining uyga qaytishlari uchun sergaklik, e’tiborni kuchaytirish shart.
Hayot-mamot masalasi darajasida e’tirof etiladigan tarbiya mavzusi hamma vaqt juda katta doira, xususan, ta’lim muassasalari, oilalar, mahalla uchun g‘oyat dolzarbdir. Hamjihatlik esa, farzandlarimizga bo‘lgan e’tiborni yanada oshiradi.
Abduaziz HOShIMOV.