IIV fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy ma’lumotlarni joylashtirishda hushyor bo‘lishga chaqirdi

Keyingi vaqtlarda “Telegram” ijtimoiy tarmog‘ida tovlamachilik yo‘li bilan daromad orttirish maqsadida ayrim shaxslar ijtimoiy muhandislik uslubi bilan fuqarolarning shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlarni (fotosurati, ismi, sharifi, telefoni, manzili va boshqalar) to‘plab, keyinchalik ularni sha’ni va obro‘siga putur yetkazuvchi “post”lar ko‘rinishida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmaslik evaziga pul mablag‘larini talab qilayotganligi kuzatilmoqda.

Hozirgi kunda mamlakatimizda bunday kanallardan bir nechtasi aniqlangan bo‘lib, ularni yurituvchilari xorij davlatlaridan turib faoliyat ko‘rsatishadi.

Ichki ishlar vazirligi tomonidan ushbu va boshqa turdagi jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi barcha kanallarning yurituvchilarini elektron manzillari aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda xorijiy hamkorlarni jalb qilgan holda tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilmoqda.

Tekshiruv yakunlari yuzasidan tovlamachilik qilayotgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘riladi.

Afsuski, hozirgi kunda mazkur jinoiy kanallarni bloklashning texnik imkoniyatlari mavjud emas. Shuning uchun kanallar nomi oshkor etilmaydi.

Shu o‘rinda, IIV axborot xizmati fuqarolardan shaxsiy hayotiga aloqador bo‘lgan ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarga qo‘ymaslikni yoki begona guruh va kanallarga tarqatmaslikni, aks holda tovlamachilarning qurboniga aylanish mumkinligini ta’kidlagan