Ijobiy xislatli inson fenomeni

O‘z fikr-xayollaringiz og‘ushida bo‘lib, biror joyda o‘tirgan bo‘lsangiz yoki biror ish bilan band bo‘lganingizda kimningdir qattiq kulishini eshitsangiz, albatta, diqqatingiz o‘sha tomonga buriladi. Ushbu tovush sizni jalb qiladi va ichingizga qandaydir iliqlik kirgandek bo‘ladi. Unga qo‘shilib baland ovoz bilan kulmasak-da, biz emotsional ravishda kuch-g‘ayrat to‘plab olamiz. Boshqacha aytganda, uning hissiyotlarini qabul qilib, quvonchidan “yuklanamiz”.

Nega shunday bo‘lar ekan? Nega biz ijobiy odam bilan yaxshilanamiz. Qanday qilib pozitiv odamlar bizni baxtli qila oladi? Buning siri nimada?

Nega bunday odamlarni pozitiv, deb atashadi? Manbalarga murojaat qilsak, “pozitiv” so‘zi lotincha “positum” so‘zidan kelib chiqqanligini va bu nafaqat ijobiylik, balki mavjudlik, borliqni anglatar ekan.

Yuqorida berilgan savollarga qoniqtiradigan javoblarni topish biroz vaqt talab qiladi. Javobi esa juda oddiy – inson o‘zida nimaiki ko‘p ekan, o‘sha narsani boshqalar bilan baham ko‘radi. Bu inson o‘zida tuganmas manbalarni topa oladi. Barcha manba va imkoniyatlar o‘zimizda, faqat ularni anglab olishimiz hamda ulardan foydalanishni boshlashimiz kerak.

Keling, ijobiy ichki resurlardan qanday foydalanish to‘g‘risida mulohaza yuritaylik.

Hissiy aql-idrok. Boshqacha aytsak, hissiy yetuklik. Ijobiy fazilatli inson o‘zining his-tuyg‘ularini namoyish qilish mumkinligi to‘g‘risida ishonch va tushunchaga ega. Shu bilan birga, o‘zining salbiy hissiyotlarini boshqalarga zarar yetkazmasdan, tuyg‘u va chegaralariga nisbatan ifodalaydi.

Stressga qarshi turmoq. Stress nazariyasi yaratuvchisi Gans Sele shunday deydi: “Bizni stressning o‘zi emas, balki bizning unga bo‘lgan munosabatimiz o‘ldiradi”. Ruhiy zarba olgan paytda komil inson hissiy jihatdan barqaror turib, fikrlari va his-tuyg‘ularini boshqaradi va vahimaga tushmaydi.

O‘ziga munosib baho bera olish. Munosib baho berish haddan tashqari oshirib yubormaslik va pasaytirmaslik hamdir. Ijobiy xislatli inson o‘zining ham afzalliklari, ham kamchiliklari borligini biladi. U o‘z imkoniyatlarini ob’yektiv ravishda tushunadi, o‘ziga ishonadi va boshqalarga biror narsani isbotlashga urinmaydi, hayotni borligicha qabul qiladi. Bu esa uning shaxsiyati nuqsonlari ustida ishlashini istisno qilmaydi.

Mas’uliyat. O‘zining xatti-harakatlari va uning oqibatlari uchun shaxsan javobgar bo‘lish qobiliyati. Ijobiy xislatli inson o‘zining fe’l-atvori, muomalasi, yurish-turishi o‘z qarorlari bilan belgilanishini tushunadi va ular uchun javobgardir.

Oqilona e’tiqod. Pozitiv kishi o‘zining bilim xazinasida o‘zini qadrlash bilan bog‘liq ehtiyotkorligiga ega. Masalan, men boshqalar bilan bir qatorda o‘zimni ham hurmat qilishga haqliman, boshqa odamlarning menga baho berishidan ozodman, o‘z e’tiqodim va qarashlarim asosida harakat qilaman.

Sobitqadamlik. Ongli vositalarga ega bo‘lgan odam nafaqat maqsadini shakllantirishga, balki unga erishishda o‘z irodasini namoyon etishga qodir. Maqsadga erishish uchun nafaqat tadbirlarni rejalashtirish, balki ba’zan ichki va tashqi omillar tufayli yuzaga keladigan qiyinchiliklarni yengishda qat’iylik ko‘rsatish juda muhim.

Salomatlik. Bizning sog‘lig‘imiz jismoniy va ruhiy holatimizga bog‘liq. “Sog‘ tanda sog‘lom aql”, degan mashhur iborani eslang. Ijobiy fazilatli inson o‘zini hurmat qilgani uchun ham tanasiga g‘amxo‘rlik qiladi va o‘zini yaxshi ko‘radi. Chunki u sog‘lom ruhga ega.

Yangi ko‘nikmalar. Ijobiy xislatli inson komillikka intiladi, risoladagidek bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlardan foydalanadi. Ular doim o‘zgarishga tayyor va yangi narsalarni o‘rganishni yaxshi ko‘radi. Shuning uchun ko‘nikmalarga ega bo‘lishga va ko‘p qirrali suhbatdosh bo‘lishga yetarli vaqt ajratadi.

Hayotiy tajriba. Ijobiy xislatli inson muvaffaqiyatsizlikka hayot darsi sifatida qaraydi va tegishli xulosa chiqaradi. Bu nafaqat kelajakda bunday pasayishlarning oldini olishga yordam beradi, balki o‘z imkoniyatlarini rivojlantirish va yetuklik darajasiga yetishda qimmatli tajriba orttiradi.

Xushchaqchaqlik. Hatto qiyin vaziyatda ham pozitiv sabablar topish qobiliyati ijobiy insonni belgilaydi. Ushbu intellektual qobiliyat (atrofdagi odatiy bo‘lmagan narsalarni ko‘ra olish) har qanday yoshda ham rivojlanishi mumkin. Osonlik bilan sodir bo‘layotgan narsalar bilan bog‘liq bu qobiliyat unga atrofdagi odamlar bilan samarali muloqot qilish imkonini beradi.

Dunyo bilan o‘zaro munosabatimiz va boshqalarning munosabati o‘zimizni qanday anglashimiz va his qilishimizga bog‘liq. Ijobiy xislatli inson ochiq bo‘lishga, dunyoni o‘rganishga, yangi yechimlarni topishga intiladi.  Bunday odam hayotidagi ijobiy his-tuyg‘ular va baxtga shaxsiy munosabat ustunlik qilishini sezishi sababli, o‘zining hissiyotlarini tashqi dunyo bilan bo‘lishadi.

Siz qaysi ichki manbalardan foydalanasiz?

Bahora MUHAMMADIYeVA tayyorladi.