Ijodiy imtihon qaysi yo‘nalishlar uchun foydali?

Qarorda ta’lim sifatini oshirishga to‘siq bo‘layotgan qator muammolar va ularning yechimi belgilandi. Jumladan, oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishda test sinovlari yoshlarning intellektual qobiliyatini to‘lasincha namoyon etish imkoniyatini bermayotgani tan­qid qilindi.

Rosti, ba’zi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan ijodiy imtihonlarni tashkil qilish va bilimni baholash nafaqat abituriyent, balki ularning ota-onalari e’tiroziga sabab bo‘layotir.

To‘g‘ri, bu yilgi test sinovlarining yangi shakl va shamoyilda, katta mas’uliyat bilan o‘tkazilgani ta’lim sohasidagi katta qadam bo‘ldi. Aholida kelajakda ta’lim tizimi yaxshilanishiga ishonch oshdi. Ammo hali bu borada yechimini kutayotgan bir qancha muammolar bor.

Masalan, 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab arxitektura va san’at, musiqa, rassomchilik, tasviriy san’at, jismoniy madaniyat kabi ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilish tubdan boshqa usulda, test sinovlarisiz, ijodiy imtihonlar orqali amalga oshirildi. Bu ilgari mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha qabul jarayonlariga tabiatan iqtidorli yoshlar qamrab olinmaganligini isbotladi ham. Ya’ni, abituriyentdan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlariga oid test imtihonlarining chiqarib tashlanishini ko‘pchilik ma’qulladi. Ammo ushbu sinov pedagog tayyorlashga mo‘ljallangan ta’lim yo‘nalishlariga qabulning yagona va bosh mezoni bo‘la oladimi?

Jumladan, joriy o‘quv yilida Samarqand davlat universitetining musiqiy ta’lim, jismoniy madaniyat va sport, tasviriy san’at kabi ta’lim yo‘nalishlariga ijodiy imtihonlar asosida talabalar saralab olindi.

Imtihon topshiriqlari umumiy o‘rta (11-sinf negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar (shu jumladan, madaniyat, san’at, musiqa, sport va jismoniy tarbiyaga ixtisoslashtirilgan) ta’limi fanlarining o‘quv dasturlaridan kelib chiqqan holda tuzildi. Sport va jismoniy tarbiya fanlari bo‘yicha imtihon topshiriqlarida belgilangan me’yoriy talablar inobatga olindi. Abituriyentlarning amaliy shakldagi imtihon natijalarini baholash maxsus shifr­lash orqali amalga oshirildi.

Fikrimizcha, bo‘lg‘usi san’atkorni qobiliyatiga qarab tanlab olsa bo‘ladi. Lekin ertaga ta’lim muassasasida o‘qituvchi bo‘laman, deydiganlarni faqat ijodiy imtihon bilan tanlab olish maqsadga muvofiq emas. Chunki musiqa fani o‘qituvchisi bo‘ladimi, jismoniy madaniyat fani mutaxassisimi, u avvalo, ziyo tarqatuvchi sifatida o‘qish, yozish, nutq san’atiga ega bo‘lishi kerak.

Shu bois musiqa ta’limi, jismoniy madaniyat, tasviriy san’at kabi pedagogik ta’lim yo‘nalishlaridagi kirish imtihonlarini ijodiy imtihonlar bilan birga test sinovlari orqali amalga oshirish to‘g‘ri bo‘ladi.

Yana bir masala, ijtimoiy ish ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ijodiy imtihon kiritilishi maqsadga muvofiq emas. Nazarimizda, ushbu ta’lim yo‘nalishiga test sinovlari asosida bemalol tanlov o‘tkazish mumkin.

Hakim XUShVAQTOV, SamDU ilmiy ishlar

va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori.