Ijtimoiy davlat nima? Huquqiy davlat-chi?
Yangilanayotgan Konstitutsiyaning 1-moddasi “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat”, deya o‘zgartirilmoqda.
Keling, ushbu moddadagi ijtimoiy va huquqiy davlat, degan normalar haqida dunyodagi ayrim davlatlar konstitutsiyalari misolida fikrlashaylik.
Ijtimoiy davlat – bu davlatning konstitutsiyaviy huquqiy maqomi bo‘yicha sifat tavsifi bo‘lib, unda inson va fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy huquq va erkinliklari hamda davlatning tegishli majburiyatlari konstitutsiyaviy kafolatlanganligini taqozo etadi.
Ijtimoiy davlat jamiyatning umumiy manfaatlariga xizmat qilib, undagi ijtimoiy farqlarni kamaytirishga yoki istisno qilishga intiladi. Davlatning ijtimoiy xarakteri ko‘p hollarda uning Asosiy qonunida mustahkamlab qo‘yiladi. 1949 yil birinchi bor GFR Konstitutsiyasida, keyingi yillarda boshqa Yevropa davlatlarida, MDH davlatlari konstitutsiyalarida ijtimoiylik o‘zining konstitutsiyaviy ifodasini topgan. Ijtimoiy davlat insonlarning mehnati va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ish haqining minimal kafolatlangan miqdorini belgilash, oila, onalik, otalik va bolalikka, nogironlar va keksa kishilarga yordam berishni ta’minlash, davlat pensiyalari, nafaqalari va ijtimoiy himoyaning boshqa turlarini kafolatlash majburiyatiga ega. Ijtimoiy davlatning moddiy zamini muhtoj qatlamlarning yashash minimumini ta’minlay oladigan iqtisodiy rivojlanishning yuksak darajasidir.
Huquqiy davlat esa davlatning rivojlanganlik darajasini belgilab beradi.
Uning quyidagi belgilari mavjud: a) fuqarolarning huquq va erkinliklarini huquqiy va har tomonlama kafolatlanishi; b) huquq va qonunning ustuvorligi; v) qonunlarning to‘g‘ri amal qilishi; g) fuqarolarning davlat oldidagi mas’uliyati va aksincha davlatning fuqarolar oldidagi mas’uliyati; hokimiyatlarning taqsimlanish prinsipini amaliyotga tatbiq qilinishi; d) jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan, demokratiya, qonuniylik va konstitutsiyaviylik rejimlarining mavjudligi.
Huquqiy davlatning shakllanishi va faoliyat yuritishning muhim shart-sharoitlari quyidagilar hisoblanadi:
- mamlakatda fuqarolik jamiyatining shakllanganligi; jamiyatning barcha yoki ko‘pchilik a’zolarining siyosiy va huquqiy ongining yuqori darajada ekanligi;
- ularning mamlakat ijtimoiy va siyosiy hayotida faol ishtirok eta olishi uchun umuminsoniy madaniyatga ega bo‘lishi;
- mamlakatda bir-biriga zid bo‘lmagan yagona qonunchilik tizimining mavjudligi.
Huquqiy davlat nazariyasi bilan uni amalga oshirish o‘rtasida katta farq bor. Hozirgi paytda huquqiy davlat nazariyasi dunyodagi ko‘pgina davlatlarning konstitutsiyalarida o‘z aksini topgan. Masalan, 1978 yilda qabul qilingan Ispaniya Konstitutsiyasining 1-moddasi 1-bandida quyidagilar mustahkamlab qo‘yilgan: «Ispaniya – bu sotsial, huquqiy va demokratik davlat bo‘lib, bu davlatda oliy qadriyat erkinlik, adolat, tenglik va siyosiy hurfikrlilik hisoblanadi». 1949 yilgi GFRning asosiy qonuniga ko‘ra «Germaniya Federativ Respublikasi demokratik va sotsial federativ davlat bo‘lib hisoblanadi» (20-modda) hamda ularning konstitutsiyaviy tuzilmasi Asosiy Qonunga zid kelmasligi kerak (28-modda). Huquqiy davlat to‘g‘risidagi g‘oyalar Avstriya, Gretsiya, Italiya, Fransiya, Shvetsiya, Shveysariya va boshqa bir qator yuqori darajada rivojlangan davlatlarning konstitutsiyalarida belgilab qo‘yilgan.
Huquqiy davlat to‘g‘risidagi g‘oya va nazariyalarni dunyodagi ko‘pchilik mamlakatlar tan olsalar-da, ammo uni amaliyotda hamma davlatlar to‘laligicha qo‘llamaydilar. Hozirgi paytda huquqiy davlat to‘g‘risidagi g‘oyani to‘liq hayotga tatbiq qilgan biror-bir davlatni uchratmaysiz. Xuddi shu ma’noda huquqiy davlat to‘g‘risidagi nazariyalar har qanday demokratik davlat intilishi kerak bo‘lgan ideal, etalon vazifasini o‘taydi.
Luqmon Asatov,
Past Darg‘om tumanlararo iqtisodiy sudi raisi.