Ijtimoiy nazorat nima?

Samarqand davlat universiteti professori Farhod Nabiyevning “Ijtimoiy nazorat” darslik kitobi (SamDU nashriyoti, 2020 yil) nashrdan chiqdi.

Sir emas, hech bir oliygoh, hatto fuqarolik jamiyati institutlarida nazorat faoliyatiga doir bilimni to‘la tarzda beradigan fan o‘qitilmaydi. Shu bois nazorat faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy tartib muammosi barcha vaqtlarda jamiyatshunos olimlarni o‘ylantirib kelgan eng dolzarb muammolardan biri bo‘lgan. Bugungi kunda ham ijtimoiy tartib muammosi o‘z dolzarbliligini saqlab qolmoqda, chunki hali-hanuz insoniyat qanday qilsak jamiyatda tartib bo‘ladi, degan savolga mukammal javob topa olgani yo‘q.

Shu jihatdan mazkur darslikda nazorat faoliyatini samarali tashkil etishga xizmat qiladigan befarqlikni jilovlab, daxldorlik hissini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Darslik nazorat tizimini samarali tashkil etishga to‘siq bo‘lgan har ikkala sabab, ya’ni nazorat faoliyatiga doir bilimning yetarli emasligi va befarqlik kayfiyatini jilovlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, muallif kishilarning nazoratga doir bilimlarini yanada kuchaytirishda “Ijtimoiy taraqqiyot – ijtimoiy tartib – ijtimoiy nazorat – ijtimoiy buyurtma” nazariy konsepsiyasiga asoslanishi zarurligini nazarda tutib, darslikni shu asosda mukammallashtirgan. Natijada kitob ijimoiy tartibni o‘rnatishga xizmat qiladigan nazorat tizimini takomillashtirish masalalarini o‘rgatishga bag‘ishlangan.

Darslik ijtimoiy tartibni o‘rnatishga xizmat qiladigan ijtimoiy nazorat muammolari va, umuman, O‘zbekistonning yangi tarixi bilan qiziquvchi jamiyatshunos olimlar, talabalar va fuqarolik jamiyati institutlari mutaxassislari uchun asqotadigan amaliy qo‘llanmadir.

Akram BO‘RIYeV.