Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘lgan jinoyat ishi Tergov departamenti tomonidan alohida nazoratga olindi
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onada yigit voyaga yetmagan qizni urganligi holati yuzasidan tarqalgan xabar bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 2020 yilning 31 may kuni 22 yoshli N.Q. Farg‘ona shahar Yuksalish ko‘chasida joylashgan Islom Karimov nomli san’at saroyi ro‘parasidagi yo‘lning chetida harakatlanib ketayotgan vaqtida, shu yerda it yetaklab ketayotgan fuqaro, voyaga yetmagan Ye.K. (qiz) bilan o‘zaro gap talashib janjallashganligi oqibatida N.Q. qizning yuz qismiga qo‘li bilan urib tan jarohati yetkazgan. Natijada Ye.K. tan jarohati olib, shifoxonaga murojaat qilgan.
Sud-tibbiy ekspertizaning xulosasida Ye.K.ning tanasida «yuzining o‘ng tomonidagi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi, pastki jag‘ suyagining o‘ng burchagi sohasidan sinib siljishi» kabi jarohatlar aniqlanib, sog‘liqning uzoq muddatga buzilishiga olib keladigan «o‘rtacha» og‘irlikdagi shikastlar toifasiga kirishi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan 2020 yil 16 iyunda Farg‘ona shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan fuqaro N.Q.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi (qasddan badanga o‘rtacha og‘irlikdagi shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlariga kirishilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan, ya’ni «N.Q. o‘zi bilan birga 30-40 nafar tanishlarini yig‘ib kelganligi, N.Q. fuqaro Ye.K.ga tan jarohati yetkazgan vaqtida ko‘pchilik uning orqasida to‘planib turganligi» kabi ma’lumotlar va jabrlanuvchi hamda boshqalarning barcha vajlari tergov jarayonida to‘liq tekshirilib, huquqiy baho berilishi ta’minlanadi. Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarining har tomonlama to‘la va xolisona o‘tkazilishi Tergov departamenti tomonidan alohida nazoratga olindi.