Ikki yoshgacha bola nafaqasi qanday tayinlanadi?
B.HAMROYeV,
Past Darg‘om tumani.
– Kam ta’minlangan, 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga, ikki yoshgacha bola parvarishi bo‘yicha nafaqa, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tariqasida ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam turlari bor. Amaldagi huquqiy hujjatga ko‘ra, bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam 6 oyga, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa esa 12 oyga tayinlanadi, biroq bola ikki yoshga to‘lgan oydan keyingi oyga o‘tmasligi kerak.
Agar tug‘ilgan, farzandlikka olingan yoki vasiylikka qabul qilingan ikki va undan ortiq bola tarbiyalansa, u holda bola parvarishi bo‘yicha nafaqa kichik bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bir barobar miqdorda to‘lanadi. Bolali oilalarga bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam oila a’zolarining o‘rtacha oylik daromadi eng kam oylik ish haqining 1,5 barobaridan ortiq bo‘lmagan oilalarga tayinlanadi. Oilaning jami daromadlarini aniqlashda oila a’zolarining mehnatga haq to‘lanadigan daromadlari, mulkiy daromadlar, tadbirkorlik, chet eldagi ishlaydigan oila a’zosidan yuborilgan mablag‘, pensiya, stipendiya va nafaqalar, dehqon xo‘jaligi yuritishdan olingan daromadlar hisobga olinadi.
Savolga viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i X.BOBONOV javob berdi.