“Ilhaq” - urush ortidagi qahramonlar jasorati
Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan xalqimizga xos bo‘lgan ezgu fazilatlarni tarannum etgan ikki film ekranda namoyish etildi. “Ilhaq” va “101” filmlari ilk namoyishdayoq minglab yurtdoshlarimizning qalbini larzaga soldi.
Bu filmda urush ortidagi xalqimizning, mushtipar onalarimizning, ayollarimizning jasorati, matonati, fidoiyligi, mehnatsevarligi, oilasiga, Vataniga bo‘lgan mehri va sadoqati namoyish etilgan. Toshkent viloyati Zangiota tumani, Xonobod qishlog‘ilik Zulfiya aya Zokirova taqdiri xususida hikoya qilinadigan mazkur filmning yutuqlaridan biri real voqelikka asoslanganligida. Rejissyor Jahongir Ahmedov va Hasan Toshxo‘jayev hammuallifligida yozilgan asar professional ishlangan. Aktyorlar mahorati, sahna o‘sha davr ruhiyatini bera olgan. Kinoda aktyorlarning yuzi so‘zlaydi. Ularning nigohidan quvonchni, qahrni, nafratni, hatto beg‘ubor muhabbatni ilg‘ash mumkin.
Zulfiya ayaning kino boshidagi mag‘rur qaddi, yuzidagi farzandlari kamolidan xursandligi asta-asta qayg‘uga, alamga aylanadi. Axir besh nafar farzandini urushga yuborib, ulardan ketma-ket qora xat olgan onaning yurak bag‘ri qon bo‘lmaydimi? Ammo shunda ham aya kelinlari, nevaralari kamoli uchun qaddini tik tutadi.
Ayniqsa, aya bor iztiroblarini soy bo‘yiga borib to‘kib kelishi, kelinlariga uni ko‘rsatishni istamagani uning mardligidan dalolat. Zulfiya aya timsolida minglab onalarimizning yuragining bir parchasi yosh navqiron farzandlarini urushga yuborib, unsiz yig‘lagan qalbini, kelinlari timsolida o‘zbek ayollarining oilasiga, turmush o‘rtog‘ining pok xotirasiga bo‘lgan sadoqatini ham ko‘rish mumkin.
Aktyorlar ijrosi ham filmning muvaffaqiyatini ta’minlagan. Aya farzandlaridagi chapanilik, g‘urur, oriyat xalqimizning mard o‘g‘lonlariga xos fazilat edi. Buni har bir farzandi o‘zining qahramonlarcha kurashida namoyon etgan. Nemislar qo‘liga asir tushgan akaning vataniga sodiqligi, yurtdoshlarining taqdiri ukasining o‘limidan ham afzalligini ko‘rsangiz, qizaloqni o‘rmonga yuborib o‘zi nemis gazandalarini qirish uchun o‘limga tik boqqani o‘zbeklarga xos mardlik namunasi edi. Yaralanib uyiga qaytgan Muhammadjonning qayta urushga ketishida yigitlik oriyati namoyon bo‘ladi.
Filmning so‘nggi lavhalaridan biri. Urushni g‘alaba bilan tugaganligi haqidagi xushxabarni hamma hayajon bilan eshitmoqda. Barchaning ko‘zida quvonch yoshlari. Lekin onaning qalbida hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydigan bo‘shliq bor. "Birortasiyam qaytib kelmadi-ya...", beixtiyor shivirlaydi onaning lablari. Tomoshabinni larzaga solmay iloji yo‘q, bu kadrlar...
Ilhaq. Qalbida ilhaq bo‘lib farzandlarini kutgan ona timsoli. Film so‘nggida keksaygan Zulfiya aya kenja o‘g‘lining daragini topgachgina joni orom oladi. Zulfiya aya misolida o‘zbek onalarining tengsiz mehrini, matonatini ko‘rdim.
“101” filmida esa o‘zbek o‘g‘lonlarimizning vataniga sadoqati, metin irodasi namoyish etildi. 101 nafar asirlarning samarqandlik ekanligi qalbimizda faxr tuyg‘usini uyg‘otadi. Filmning aksariyat qismi Samarqandda, xususan, Nurobod va Urgut tumanlarida olingan. Bundagi ommaviy sahnalarda viloyat musiqali drama teatri aktyorlari ham ishtirok etdi. Jamoa ajoyib tarkib bilan ishlagan. Nemis fashistlari jangchilarining jangovar ruhini ko‘tarish, ularning g‘alabaga bo‘lgan ishonchini yuksaltirish uchun 101 nafar asirni turli qiynoqlarga solib, och qoldirib, azoblab, ularning hayvoniy qiyofasini ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Bu haqda ishlanadigan kinofilmga bir burda non uchun bir-birini o‘ldirishga-da tayyor asirlar lavhasi kerak edi. Bizning mard, jasur qahramonlarimiz ularning barcha qiynoqlariga, azoblariga chidaydi. Ayniqsa, ularga otilgan nonni ko‘ziga surtib, qirq bo‘lib yeyishi, xalqimizga xos qadriyat, ezgu fazilatlardan biri. Filmda mana shunday jasoratlar ulug‘langan.
Ayniqsa, o‘lim oldidan yurtdoshlarimizning mag‘rur qiyofasiga boqib, hech bir kuch ularni yenga olmasligini tushunib yetish qiyin emas. Bu xislatlar bizga ota-bobomizdan meros qolgan qadriyatlardir.
Baxtiyor RAHIMOV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist.