“Ilm istar kishi doim sening bag‘ring tomon shoshgay”
Ishtixon tumanida “Ishtixon ijod maktabi” tashkil etilganligining bir yilligi munosabati bilan “Ijodimiz senga baxshida, jonajon, yangi O‘zbekistonim!” shiori ostida adabiyot va she’riyat tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hamda Ishtixon tumani hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limlari tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir avvalida Samarqand viloyati hokimining maslahatchisi Saidahmad Usmonov viloyat hokimining ishtirokchilarga hamda samarqandlik taniqli ijodkor, O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti To‘lqin Eshbek tavalludining 60 yilligi munosabati bilan tabrik so‘zlarini o‘qib eshittirdi.
Ijodiy kechada, shuningdek, Ishtixon tumani hokimi Fazliddin Ro‘ziyev, shoir va adib Farmon Toshev, taniqli jurnalist Ismat Xushev, shoira Xosiyat Bobomurodova, poytaxtlik va samarqandlik olim, shoir va adiblar so‘z qudrati, adabiyot kuchi, she’riyat qadri, mutolaa zavqi haqida gapirishdi. Bir yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “Ishtixon ijod maktabi”ning jamiyatga berayotgan foydasi, aholi, asosan, yoshlarni adabiyotga qiziqishini orttirishda maktabning o‘rni haqida alohida so‘z yuritildi. Ushbu ijod maktabi tashkilotchisi To‘lqin Eshbek ijodi so‘z olganlarning asosiy mavzusiga aylandi.
Tadbirda tuman hokimi F.Ro‘ziyev hududda kitobxonlikka e’tiborni oshirish maqsadida har bir mahalla fuqarolar yig‘iniga 100 dan ziyod nusxadagi kitoblar jamlanmasi taqdim etayotganini bildirdi va shu yerning o‘zida eng faol mahalla raislariga badiiy kitoblar to‘plami tuhfa etildi.
Mushoiraga aylanib ketgan ma’naviy tadbirda ishtixonlik ijodkorlar – taniqli telejurnalist Abdurasul Ashurov, shoira Muhabbat To‘xtasheva, yozuvchi Ulug‘bek O‘rinovlarning ijodiy faoliyati haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Ular hamda shoirlar o‘z ijod namunalaridan o‘qishdi.
Husan Eltoyev.