Ilmiga amal qilmagan mullodan... Yoki ko‘plab olimlar, hatto Burhoniddin Marg‘inoniy so‘zlarini ham o‘ziniki deb e’lon qilgan Farg‘ona viloyati bosh imom xatibining “ijodi” haqida
Qadimda, ming yillar ilgari tosh qurolini “yo‘qotib” qo‘yganlar keyinchalik temir uchli nayzalari “kamayib” qolganlar, yana keyinroq ust-bosh, osh-ovqat, mol-holini, yaqin zamonda ot-ulov, velosipedu avtomashinasini o‘g‘irlatganlar bo‘lganini bilardik.
Axborot texnologiyalari rivojlangan bugungi zamonda ba’zilar “bir dumalab” “olimu fuzalo”ga aylanib qolyaptilar, jild-jild kitoblar chop etib jamiyat peshvoligini davo qiladilar.
Jimjimador dasxat qo‘yib bergan kitoblarini o‘qib, “vo ajab, shundoq ilmiy tahlil, tadqiq, xulosa nahotki, shu biz tanigan insondan chiqqan bo‘lsa”, deb qoyil qoldik, hayratlandik va “olim” haqiga duolar qildik. Axir bunday kitoblarni yozish uchun yillab kecha-kunduz izlanish, o‘rganish kerak-da!
Keling, indalloga o‘taylik. Soliq idorasiga Farg‘ona viloyati bosh imom xatibi Salimqori Qodirovning “Ayolni e’zozlagan din” (“O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi” nashriyot-matba birlashmasi, T-2018) kitobining har birini 20 ming so‘mdan Oltiariqdagi “Birlashgan” jome masjidi imomi Doniyorbek Jabborov qavmga sottirayotgani haqida Adhamxoji Abdurahmonovdan shikoyat yetib keldi.
Ular darhol masalani o‘rgandi. Aslida 20 ming nusxada chop etilgan kitobni 49 ta masjidga 10 ming nusxadagisi sotish uchun tarqatilgani, uning bir qismi sotilgani aniqlangan.
– Lekin voqelik savdo qoidalarini buzgan holda amalga oshirilgan, deb topildi va 43 ta masjid imomiga ma’muriy bayonnoma tuzildi, – deydi viloyat soliq boshqarmasi soliq sohasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi sho‘ba boshlig‘i Azamatjon Asqarov. – Chunki masjidda kitobning kirim-chiqim hujjatlari bo‘lmagan, savdo puli kirim qilinmagan, tushum keyinchalik muallifga yetkazish uchun uning haydovchisiga berilgan.
Shunga ham shunchami, dersiz. Asosiy “gap” boshqa yerda edi. “Ayolni e’zozlagan din” kitobining muallifi “Salimqori Qodirov” deb yozib qo‘yilgan bo‘lsa-da, aslida uning aksariyat qismi Nigora Jaloliddin qizi Yusupovaning “Islomda ayol huquqlari” (Toshkent, 2006 yil, Toshkent islom universiteti, “Akademiya” noshirlik markazi) kitobidan so‘zma-so‘z, betma-bet, bobma-bob shundoqqina, yaxlit-yaxlit ko‘chirib, “yangi muallif” nomidan chop etilgan ekan.
– Men Toshkent islom universitetining Islom huquqshunosligi ixtisosligi bo‘yicha asperanturada o‘qib yurgan chog‘imdan buyon ko‘plab ustozlarim, yuridik fanlari doktori, professor A.Juzjoniy, shayx Abdulaziz Mansur hazratlari, Rahmatulloh qori Obidovlar rahbarligida o‘n yillar davomida bu mavzuni tadqiq qilganman.
O‘zbekistondagina emas, boshqa mamlakatlardagi olimlar, ulamolar bilan uchrashib, kutubxonalardan mavjud manbalarni izlab, topib, taqqoslab o‘rgandim. Igna bilan quduq qazidim. Va nihoyat, 2006 yilda “Islomda ayol huquqlarini o‘rganishning nazariy-tatbiqiy jihatlari” mavzuida yuridik fanlari nomzodligi dissertatsiyamni yoqladim. So‘ng uning asosida “Islomda ayol huquqlari” nomli monografiyam chop etilgandi. Farg‘ona viloyati bosh imom xatibi Salimqori Qodirov undan aynan ko‘chirib o‘z nomidan kitob chiqaribdi, –deydi Nigoraxon Jaloliddin qizi Yusupova. – Men bu haqda diniy qo‘mita, diniy idorani xabardor qildim. Soxta kitobni qayta yig‘ishtirib olish, internetdan u haqidagi ma’lumotlarni olib tashlashni so‘radim. Afsus, oldimga kelgan “vakil”lar sizlarni islohga keltiraylik, deb turlicha “taklif”lar aytdilar.
Nigoraxon yana 13 yil davomida izlanib, mavzuni chuqurlashtirib o‘rgandi va shu oy oxirida yuridik fanlari doktori ilmiy darajasi olish uchun dissertatsiya yoqlash arafasida turibdi.
Har ikki kitobni solishtirib varaqlaymiz
– Salimqori Qodirov “muallif”ligidagi 116 betli kitobning 34,35,37-betlari, 38-betining 2 va 3-xatboshisi, 48-betning 2, 3-xatboshisi, 53-bet, 54-betning 2, 3-xatboshisi, 60-betning oxirgi xatboshisi, 68, 69, 70, 71, 72, 73-betlar, 79-betning 2, 3-xatboshisi, 80-betning 2, 3-xatboshisi, 84-betning 2, 3-xatboshisi, 87-betning oxirgi xatboshisi, 89, 90, 91, 92, 94, 95, 96, 98, 100, 101, 102-betlar, 103-betning 1-xatboshisi, 104-112-betgacha bo‘lgan matnlar, ya’ni 29 betigina “Islomda ayol huquqlarini o‘rganishning nazariy-tatbiqiy jihatlari” mavzuida yoqlangan dissertatsiya hamda ushbu dissertatsiya natijasi sifatida 2006 yilda nashr etilgan “Islomda ayol huquqlari” nomli monografiyamga tegishli emas, – deydi N.Yusupova. – Lekin risolaning qolgan asosiy matni yuqorida nomlari zikr etilgan mening muallifligimdagi tadqiqotdan ko‘chirilgan.
Yana bir taajjubli jihat, N.Yusupova muayyan masalada xulosaga kelishdan avval shu mavzuda fikr bildirgan olim, ulamolar asarlaridan iqtibos keltiradi va manba haqida sahifa ostida ma’lumot (qayd) beradi.
Salimqori Qodirov esa “ishtahasi ochilib ketib”, ularning iqtibosdagi fikrlarini, masalan, amerikalik olim Lik, fransiyalik sharqshunos Jul Labum (42-b), rossiyalik M.Vagabov (55), Ye.Vardiman (17, 19-betlar), hatto, Burhoniddin al-Marg‘inoniyning “Hidoya” asarlaridagi ul ulug‘ zotga tegishli bo‘lgan 2001 yilda “Adolat” nashriyotida chop etilgan “Hidoya” kitobining I jildidagi, masalan, 669-betidagi fikrlarni ham o‘z nomidan e’lon qilgan.
Mana o‘sha satrlar:
"Sukutda rozilik tarafi kuchliroq bo‘ladi. Chunki qiz bola xohishini ochiq aytishdan uyaladi, rad javobini berishdan esa, uyalmaydi. Sukutdan ko‘ra kulgi rozilikka ko‘proq dalolat qiladi. Yig‘i esa aksincha. Chunki yig‘i yoqtirmaslikka, xohlamaslikka dalolat qiladi".
Burhoniddin al-Marg‘inoniy,
“Al-Hidoya”, T-2001, 699-bet.
“Sukutda rozilik kuchliroq bo‘ladi. Chunki qiz bola o‘z xohishini ochiq aytishdan uyaladi, rad javobini berishdan esa, uyalmaydi. Sukutdan ko‘ra kulgi rozilikka ko‘proq dalolat qiladi. Yig‘i esa aksincha. Chunki yig‘i yoqtirmaslikka, xohlamaslikka dalolat qiladi”.
Yoki olima N.Yusupova yozadi:
“Fikrimizcha, islom huquqidagi nikohni o‘zaro rozilik asosida tuzish sharti uning ixtiyoriylik va tenglik prinsipi asosida vujudga kelishini ta’minlash bilan birga, oilaning barqaror va mustahkam bo‘lishiga ham imkoniyat yaratadi”.
Yusupova Nigora Jaloliddin qizi,
“Islomda ayol huquqlari”, T-2018, 75-bet
Salimqori go‘yo “yozadi”:
“Fikrimizcha islomda nikohni o‘zaro rozilik asosida tuzish sharti uning ixtiyoriylik va tenglik tamoyili asosida vujudga kelganini ta’minlash bilan birga, oilaning barqaror va mustahkam bo‘lishiga ham imkoniyat yaratadi”.
Salimqori Qodirov,
“Ayolni e’zozlagan din” T-2018, 56-bet
Bunday misollarni o‘nlab keltirish mumkin. (Kitoblarning taqqoslama sahifalariga qarang)
O‘zbekistonda Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev tashabbusi bilan din, etiqod borasida biz tasavvur ham qilolmaydigan darajada erkinliklar berilyapti. Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilishi, umra, haj safarlari arzonlashtirilishi va ziyoratchilar soni 3-4 barobar ko‘paytirilgani, diniy ilm maktablari, hatto mehmonxona-yu, aeroportlarda nomozxonalar tashkil etilgani, Xalqaro islom akademiyasidek yirik ta’lim va ilmiy tizim yaratilgani, har yili yuzlab diniy kitoblar chop qilinayotgani...
Sanab sanog‘iga yetmaysan. Shunday paytda musulmonlar e’tiqodi bilan bog‘liq soxta kitoblar qanday yuzaga kelib qolyapti?
Nega Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita o‘zining 6591-sonli xulosasi bilan uni chop etishga tavsiya bergan? O‘ylaymizki, bu va bu kabi boshqa savollarga tegishli idora mutasaddilari javob topadilar va soxta muallifning xatti-harakatiga huquqiy baho beradilar.
Sarvar OLIM