Ilmiy maktab yaratgan shifokor

Bolalarda kasallikni davolash uchun shifokor chuqur bilim va tajribaga ega bo‘lish bilan birga bemor bolaning ayta olmagan og‘riqli holatini, ruhiy kechinmalarini ham qalb-shuuri bilan his eta olishi lozim. Bunday fazilat esa hammaga ham berilavermay­di. Ana shunday xislatga ega bo‘lgan kam sonli bolalar shifokorlaridan biri pediatriya sohasining bilimdoni Hamid Mamatqulov edi.

Professor H.Mamatqulov 1940 yilning 15 avgustida Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani­da tavallud topdi. O‘rta maktabni tugatgach, Samarqand davlat tibbiyot institutida tahsil oldi. Insti­tutni bitirib, mehnat faoliyatini Jizzax tumanidagi “Toqchilik” qishloq uchastka shifoxonasida vrach-pediatrlikdan boshladi. Uch yildan so‘ng bilimini yanada oshi­rish istagida o‘zi tahsil olgan institutda pediatriya mutaxassisligi bo‘yicha aspiranturada o‘qidi.

Yosh olim 1970 yilda nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi. Mehnatsevarligi bilan ustozlar ishonchini qozongan Hamid Mamatqulov davolash fakulteti bolalar kasalliklari kafedrasida ishga qoldirildi. U qator yillar davomida mazkur kafedrada assistent, dotsent va mudir vazifalari­da ishladi. Zahmatkash olim yangi ilmiy tadqiqotlarini o‘sha kezlarda respublikada kichik yoshli bolalar­da keng tarqalgan o‘tkir zotiljam, sepsis va o‘tkir ichak kasallikla­rida bemor bolaning gomoyestazini korreksiyasi va davolash usullarini ishlab chiqishga bag‘ishladi. Ustoz o‘z ilmiy izlanishlarini umumlashtirib 1985 yilda fan doktori bo‘ldi.

Dissertatsiyada ishlab chiqilgan xulosa va tavsiyalarni keng amali­yotga joriy qilinishi mamlakatda bolalar o‘limining kamayishiga olib keldi. Uning ilmiy ishlari ahamiyati yuqori baholandi. Oradan ikki yil o‘tgach, unga professor ilmiy unvoni berildi. 1988 yilda pediatriya kafedrasi mudirligiga saylandi. Shuningdek, pediatriya fakulteti dekani, institut ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori lavozim­larida samarali faoliyat ko‘rsatdi.

Professor H.Mamatqulov ellik yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davrida pediatriya sohasida o‘ziga xos ilmiy-amaliy maktab yaratdi. Ustoz shogird tanlashda ularning bilim va iqtidori, fanga fidoyi­ligini asosiy mezon qilib belgi­lardi. Tabiatan xushfe’l bo‘lsa-da, shogirdlardan ijro intizomini qat’iy talab qilardi.

Uning maktabida pediatriyaning o‘ta dolzarb muammolari yechimiga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar olib borildi. Domla rahbarligida yi­girmata nomzodlik, ikkita doktor­lik dissertatsiyalari yoqlandi.

Ustoz mudirlik qilgan yillarda pediatriya kafedrasi SamDTI 1-kli­nikasining bolalar kasalliklari bo‘limlari bazasida joylashgan edi. U bo‘limlardagi bemorlarni, ayniq­sa og‘ir holatdagi bolalarni diqqat bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazardi. Aniq tashxis qo‘yib davolash usulini belgilardi. Ustozning bemor bilan suhbatlashish madaniyati, ularning ko‘nglini ko‘tarib, o‘ziga ishontira olish qobiliyati, kerakli so‘zlar­ni topib o‘z o‘rnida ishlata bilishi shogirdlar uchun mahorat maktabi edi. Shogirdlariga doim joni og‘rib turgan bemor bola va uning ota-ona­si uchun professor yoki akademikning ahamiyati yo‘qligini uqtirardi. U vrach hamisha bemor bilan chin ko‘n­gildan do‘stona munosabatda bo‘lishi kerakligini ta’kidlardi.

Hamid Mamatqulov hayot bo‘lga­nida bugun 80 yoshni qarshilagan bo‘lardi. Undan qolgan boy ilmiy meros, qobil farzandlar va sho­girdlar ustozning xayrli ishlari­ni davom ettirib kelishmoqda.

Yaxshinor ALLAYoROV,

Turdiqul BOBOMURODOV,

Tursunpo‘lat ShOMURODOV.