Ilmni qo‘lg‘a olmog‘u, fununi, davlatning lisoni va zokuni

O‘tgan gal toshkentlik jadid Sattor Jabbor (1905-1938)ning 1931 yilda Subutoy imzosi bilan yozgan «Kurtulush yo‘linda» kitobida kattaqo‘rg‘onlik birinchi jadid shoir Muhammad hoji Murod o‘g‘li Miriy (1898 yilda vafot etgan) haqidagi voqealardan parcha keltirgan edik. Bu gal muallifning jadid muallim Said Ahmadxo‘ja Siddiqiy to‘g‘risidagi qismini keltiramiz.

 “Adabiyotda Miriy tarafidan boshlangan bu uyg‘onish harakati Turkistonning butun madrasalarida sonsiz do‘stlar to‘plamishti. Bularning eng muhimi mashhuri va Miriyning halafi asli Turkiston shahrindan bщlgan Said Ahmadho‘ja Siddiqiydir. Siddiqiy 1895 da Buxoroda Miriy bilan tanishadi. U yerda oning nufuz va ta’siri ostida bir ko‘p she’rlar yozsada mutaassib ulamo va qozilarning qo‘lidan jonini qutqarmoq uchun ularni yoqmoqqa majbur bo‘ldi. Siddiqiy bu ishda muvaffaq bo‘lmak uchun har yerga bosh urub ko‘rdi. Oxiri 1898 yilda majbur yurtini tark etib, “mamaliki Osmaniya”da yillarcha ma’muran yashadi. Siddiqiy ortiq yurtiga qaytishdan umidini uzgani uchun u yerda yozgan she’rlarini usmonli turkchasida yozgandi. 1901 yilda, ya’ni ustozi Miriy vafotidan uch yil o‘tib Turkistonga qaytish imkoni bo‘ldi va bundan keyingi she’rlarini yana o‘zbek turkiysida yozadi. Siddiqiy yolg‘iz bir shoir emas, ayni paytda quvvatli bir tashkilotchi va yana bir o‘tkir muharrir edi. Bu sababdan xalqning ehtiyojlarini yaqindan ko‘ra bildi. Turkistonning Chor Rossiyasi tomonidan istilo etilishiga Vatanning taraqqiyotdan ortda qolishi va iqtisodiy tanazzuli sabab bo‘lganiga ishonardi. Shuning uchun G‘arb madaniyatini xalqqa tanitmoq niyatida Samarqandda “Zarafshon” nomida bir kutubxona ta’sis etdi va uning vositasida ko‘plab kitoblar nashr etib, tarqatdi. Siddiqiy ijodi tadqiq uchun juda qiziqarli va foydalidir. Ovro‘po teknikasidan ilhom olmoq va uni tamsil etmoqda ustozi Miriydan ham ko‘proqqqa muvaffaq bo‘ldi. Tarix va Jug‘rofiyaga oid yozgan asarlarini bir tarafga qo‘yib, faqat she’riyatiga to‘xtalamiz:

Buyuk Amir Temurning qurgan buyuk hukumatining markazi bo‘lgan “Ko‘kshahar” – Samarqandning bukungi holini juda go‘zal tasvir etar. Chor hukumati tarafidan insho etilmakta bo‘lgan yangi shaharda, rus muhojirot siyosatiga oid bu she’rni yazar:

Masjid yeriga o‘lib kalisa,

Bir yangi shamoil ila barpo,

Daryo qadar o‘lub imorat,

O‘lmish edi bo‘yla zebu-ziynat,

Yig‘ilmish edi ko‘p anda inson,

Lekin yo‘k edi bir musulmon...

Shu tariqa bu sevikli shoir haqiqiy turk o‘g‘liga yarashadigan shaklda xalqqa hayqiradi:

O‘ldim bu o‘yunda mayus,

Etmish edim anglamakdan nomus.

Siddiqiyning Qrim, Rus-Yapon, Bolqon muhoribalariga oid ko‘p muhim she’rlari bordir. Bularning orasida uning Turkiston uchun maydonga otgan to‘rt o‘gitiga qaraymiz:

To‘rt narsa menga bundan erdi maqsud,

Bundan bo‘lur halq baxti mas’ud,

Ilmni qo‘lg‘a olmog‘u, fununi,

Davlatning lisoni va zokuni (* zokun, ruscha qonun demakdir).

Bu to‘rt o‘git haqiqatan u davrning juda mashhur mavzusi bo‘lgandi. Siddiqiy yana xalqni tijoratga tashviq etish uchun shunday deydi:

Bu jumla tijorat balosi

Dunyoning tijoratdir bahosi!

Bu tushunchalar u zamondagi Turkistonning uyg‘onish darajasini o‘lchamak uchun bir vositadir. Aynan o‘sha zamonda Siddiqiy ijodiyoti uning zamondosh shoirlari orasida eng kuchlisi va eng qimmatlisi bo‘lganini ko‘rsatadi.

Siddiqiy hayotining so‘nggi yillarini milliy tashkilotga xizmat qilmoq va muallimlik bilan mashg‘ul bo‘ldi. Lekin, uning so‘nggi yillarida hayoti qashshoqlikda kechdi. Butun hayoti va qalbini turk olami uchun baxsh etgan Siddiqiy 1927 yilda Samarqand atrofidagi bir qishloqda vafot topdi. Uning turk uyg‘onish adabiyotida tutgan yuksak maqomi yillar o‘tib yanada yaxshi anglashilajakdir”.

Shu o‘rinda Ajziy haqida qisqacha to‘xtalsak. Saidahmad Hasanxo‘ja o‘g‘li Siddiqiy Ajziy (1864-1927) Samarkand, Buxoro madrasalarida o‘qigan. Madrasada arab, fors, ozarbayjon tillarini, keyinroq rus tilini mukammal o‘rgangan. 1901-1903 yillarda Kavkaz, bir qator Arab mamlakatlari va Rossiyaga sayohat qilgan. Jiddada ma’lum muddat rus elchixonasida tarjimon bo‘lgan. Samarqandga qaytgach 1903 yil Halvoyi qishlog‘ida yangi usuldagi maktab ochib, o‘qituvchilik qila boshlagan.

Ma’rifatparvar shoir Ajziy XIX asrning 80-yillaridan she’r yoza boshlagan. Uning 1912 yil “Anjumani arvoh” (“Arvohlar yig‘ini”) dostoni, 1914 yil “Ganjinai hikmat” (“Hikmat xazinasi”), “Mir’oti ibrat” (“Ibrat oynasi”), 1916 yil “Ayn ul-adab” (“Odob chashmasi”) kabi she’riy to‘plamlari nashr qilingan. “Anjumani arvoh”da xonlikdagi turg‘unlik tanqid qilingan. “Mir’oti ibrat”da esa Turkistonning o‘sha davrdagi fojiali ahvoli va undan qutulish choralari haqida bahs yuritgan. Ilm-fan, davlat tili, qonun – bularsiz hech bir millatning istiqboli yo‘q, bu to‘rt narsani qo‘lga kiritmagan millat halokatga mahkumdir, deydi. Ajziy she’rlari chuqur falsafiy mazmuni, ijtimoiy-siyosiy mushohadalari, Fuzuliy va Bedilona uslubi bilan ajralib turadi. 1908-1910 yillarda tarjimon sifatida L.Tolstoy hikoyalarini, Krilov masallarini, Gogolning “Shinel” povestini o‘zbek va tojik tillariga tarjima qildi. Jadid maktablari uchun darslik yozib, unga o‘z tarjimalaridan namunalar kiritgan.

Siddiqiy 1917 yil fevral inqilobidan keyin ijtimoiy hayotda bevosita ishtirok etdi. 1918-1921 yillarda Viloyat Adliya komissari lavozimida ishladi. 1922 yildan yana o‘qituvchilikka qaytib, 1926 yil O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi unvonini olgan. Samarqandda “Mashrab”, “Mulla Mushfiqiy” kabi hajviy jurnallarni, “Zarafshon” gazetasini chiqarishda faol ishtirok etdi. “Mayna”, “Gina-gina”, “Shashpar”, “Tir”, “Gumnom”, “Olmos” imzolari bilan hajviy asarlar yozdi.

Bahrom IRZAYeV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori.