Ilmsiz bir, ilmli ming yashar
![](https://static.zarnews.uz/crop/3/b/720__80_3b950844dbb607a38a62e65d193643f5.jpg?img=self&v=1739275995)
"Bitta qiz farzandni o‘qitsangiz - butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz". Bu kabi hikmatlarni ota-bobolarimiz bejiz aytishmagan. Shuning uchun ham davlatimiz tomonidan xotin-qizlarning ta’lim olish, ilmiy ishlar bilan shug‘ullanishlari uchun barcha qulay sharoitlarni yaratib berilmoqda.
Har bir jamiyatning intellektual salohiyati va rivojlanish darajasi ilm-fan sohasidagi yutuqlar, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar bilan chambarchas bog‘liq. O‘zbekistonda ilm-fan rivoji mamlakatimiz iqtisodiyotining yuksalishi uchun asosiy omillardan biridir. Bu esa o‘z navbatida, ilm-fan sohasida faoliyat olib borayotgan ayollar zimmasiga alohida mas’uliyat yuklaydi. Olimalar tomonidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar sanoat, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy-marifiy va madaniy sohalarning rivojiga muhim hissa qo‘shmoqda.
BMT Bosh assambleyasining 2015 yil 25 dekabrdagi 70-sessiyasida 11 fevral "Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni" sifatida rasman elon qilingan. 2016 yildan boshlab mazkur sana dunyoning ko‘plab davlatlarida, shu jumladan, mamlakatimizda ham keng nishonlanib kelinmoqda.
Bu kunni nishonlashdan maqsad, ayollarni ilm-fan va texnologiyalar sohasidagi kasblarga qiziqishini oshirish, gender tengligini rag‘batlantirish va ayollarga teng imkoniyatlar yaratish hamda ilm-fan sohasidagi ayol olimalarning yutuqlarini tan olish va ularni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
O‘zbekistonda ayollarning ilm-fan sohasidagi faoliyati tobora kengayib bormoqda. Misol uchun, bizning Samarqand davlat chet tillar institutida jami 531 nafar o‘qituvchi faoliyat olib boradi. Bundan 346 nafari xotin-qizlar bo‘lib, ulardan 16 nafari professor, 20 nafari fan doktorlari, 64 nafari fan nomzodlari, PhD darajasiga ega bo‘lgan ayollar va 86 nafar doktorant xotin-qizlar.
Institutimizda faoliyat ko‘rsatayotgan olimalar bugun yosh avlod tarbiyasida, jamiyat rivojida alohida mavqeiga egaligini alohida ta’kidlashni joiz deb topdik. Jumladan, navoiyshunos olima Dilorom Salohiy, Iroda Pardayevalarning mumtoz adabiyotimiz rivojida, xususan, Alisher Navoiy ilmiy adabiy merosini yoshlarimiz ongu shuuriga singdirishda xizmatlari beqiyos. Zulfiya adabiy merosini keng tadqiq etayotgan, bugungi kunda o‘nlab yosh tadqiqotchilarga ustozlik qilayotgan professor Go‘zal Umurovaning faoliyati alohida tahsinga sazovor. Qiyosiy adabiyotshunoslik kafedrasida faoliyat olib borayotgan yosh fan doktorlarimizdan Maftuna Xolova o‘zining ayollar adabiyoti va adabiyotshunosligiga doir tadqiqotlari bilan, ilmiy maqola, monografiya va darsliklari bilan zamonaviy adabiyotning, aynan ayollar adabiyotshunosligining rivojida yangicha qarashlari bilan yondashayotganligi quvonarli hol.
Jadid adabiyotining va uning yoshlar hayotidagi o‘rnini bugungi mezonlar asosida tadqiq etayotgan tadqiqotchi olima Dilafro‘z Rahmatova, shuningdek, fransuz tili o‘qituvchilaridan Dilfuza Ataullayeva Fransiya hukumati tomonidan Fransiya-O‘zbekiston hamkorligini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun "Akademik Palma" ordeni bilan taqdirlanganligi o‘zbek olimalariga berilgan yuksak bahodir.
Shuningdek, ular institutga biriktirilgan chekka tumanlardagi mahallalarga chiqib, mahalla fuqarolari bilan gaplashib, mahalladagi maktab o‘qituvchi va o‘quvchilariga interaktiv darslar o‘tib, o‘z mahoratlarini o‘rgatib kelishga ham vaqt topmoqda.
Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni nafaqat ayollarning yutuqlarini nishonlash, balki gender tengligi masalasini hal qilish uchun ham muhim vositadir. Ayollarning ilm-fan va texnologiyalar sohasida ishtirokini oshirish orqali jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga yordam berish mumkin.
Habiba Jabborova,
institut katta o‘qituvchisi, falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).