1 noyabrgacha telefoningizning IMEI raqamini avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazib qo‘ying

2019 yilning 1 apreldan yurtimizda mobil qurilmalar IMEI kodlarini avtomatik ravishda ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari boshlangan edi.
Davlat xizmatlari agentligi xabariga ko‘ra, bu amaliyot 3 bosqichda amalga oshiriladi:
1 apreldan 1 noyabrgacha — avtomatik (bepul)
1 noyabrdan 1 dekabrgacha — ariza orqali (bepul)
1 dekabrdan boshlab — ariza orqali (pullik)

Qanday tekshirish mumkin?
Bugungi kunda ishlatib yurgan mobil telefoningiz yoki sim-kartali planshetingizning IMEI kodlari aloqa operatorlari tomonidan UZIMEI bazasiga avtomatik o‘tkazilgan.
Har ehtimolga qarshi IMEI kodi ro‘yxatdan o‘tgan yoki o‘tmaganini uzimei.uz saytidan tekshirishingiz mumkin. Telefon (planshet) IMEI kodini aniqlash uchun *#06# kodini tering.

Yangi telefonlarni nima qilish kerak?
Agar telefoningiz yangi bo‘lsa va uni hali biror marta ishlatmagan bo‘lsangiz, 1 noyabrgacha unga bir marta sim karta solib, ishlating, shunda u avtomatik tarzda ro‘yxatga olinadi. Buning uchun xizmat haqi olinmaydi yoki qo‘shimcha biror saytga kirib, ovora bo‘lish shart emas.
Agar telefoningiz 2 ta sim-kartali bo‘lsa va undan faqat bitta sim-karta joylashtirib foydalasangiz, unda 1 noyabrgacha ikkinchi tomoniga ham sim-karta qo‘yib, uni ham bir marta ishlatib qo‘ying. Shunda muammo bo‘lmaydi.

1 noyabrdan nima bo‘ladi?
1 noyabrdan IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish avtomatik bo‘lmaydi. Buning uchun SMS/USSD so‘rovlar, UZIMEI tizimi operatori, pochta bo‘limlari va boshqa usullar orqali amalga oshiriladi. 1 dekabrgacha bu bepul bo‘ladi.

1 dekabrdan nima bo‘ladi?
1 dekabrdan IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun haq olinadi. Bunda narxlar ro‘yxatdan o‘tkazish muddatiga qarab 2 xil bo‘ladi. Masalan, jismoniy shaxslar uchun:
yangi telefonni ishlatgandan boshlab 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tkazsa — 44 ming 600 so‘m (20%);
yangi telefonni ishlatgandan boshlab 30 kundan keyin ro‘yxatdan o‘tkazsa — 55 ming 750 so‘m (25%).
Bunda yana bir muhim jihat, yangi telefonning IMEI kodi 30 kun ichida ro‘yxatga olinmasa, telefon ishlamay qoladi. Ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyingina ishlashni boshlaydi. Shuning uchun, telefon sotib olayotganda uning IMEI kodi ro‘yxatdan o‘tganini albatta tekshiring.

Xitoy telefonlarga nima bo‘ladi?
1 noyabrdan boshlab ishlab chiqaruvchisi noma’lum va IMEI kodi haqiqiy bo‘lmagan qalbaki Xitoy telefonlari ishlamay qoladi. Ularni 1 noyabrga qadar bir marta ishlatib, avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazsa bo‘ladi, keyin buning imkoni bo‘lmaydi.