Imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, shaxmatni qoyilmaqom o‘ynadi

Samarqand olimpiya zaxiralari kollejida davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i kubogi uchun shaxmat musobaqasi o‘tkazildi.

Aql mashqida viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan 60 nafarga yaqin 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan imkoniyati cheklangan o‘g‘il-qizlar o‘zaro bellashdi.

Musobaqaning ochilish marosimida davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Ahmedov, Samarqand shahar hokimi B.Oblaqulov, xalqaro grossmeyster T.Vohidov yurtimizda shaxmatni ommalashtirish, bu sport turi bilan shug‘ullanuvchilarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bugungi kunda ming nafarga yaqin samarqandliklar shaxmat bilan shug‘ullanib, respublika, Osiyo va jahon maydonlarida yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. 

Musobaqada shogirdlarim munosib ishtirok etdi, - deydi Samarqand shahridagi 59-ko‘zi ojizlar maxsus maktab-internatining shaxmat bo‘yicha murabbiyi Ziyoda Qo‘chqorova. – Ular shaxmat o‘ynaganda o‘zlarini nogiron deb bilmaydi, ichki sezgisi ularning ko‘ziga aylanadi. Shogirdlarim orasida viloyat, respublika musobaqalarida g‘olib bo‘lganlari bor. Shu yilning fevral oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan xalqaro musobaqada shogirdim Rayhona Sharafova oltin medal bilan taqdirlangan edi.

Bellashuv yakuniga ko‘ra, Shahboz Qudratov hamda Durdona Jumanova birinchi o‘ringan sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni Shehroz Daminov va Rayhona Sharafova egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Hasan Rashidov va Habiba Omonovaga nasib etdi. G‘oliblarga diplom hamda qimmatbaho sovg‘a berildi. Boshqa ishtirokchilarga ham tashakkurnoma taqdim etildi.

Kattaqo‘rg‘on shahridan kelgan 23 yoshli Murodulla Ortiqov shaxmat donalarini qanday yurish kerakligini onasiga aytib turdi va raqiblariga bo‘sh kelmay yetti turda 4,5 ochkoga ega bo‘ldi. O‘yinda qatnashgani uchun unga nogironlik aravachasi hamda tashakkurnoma berildi.  

Husan Eltoyev.