Imkoniyati cheklanganlar maktabida jahon chempionlari tarbiyalanmoqda

Samarqand shahridagi 59-maxsus maktab internatida Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, Samarqand shahridagi harbiy qism harbiy xizmatchilari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizda imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, yaratib berilayotgan sharoitlar va undan unumli foydalanib jamiyatda o‘z o‘rnini topayotgan shaxslar xususida so‘z yuritildi.

- Maktabimiz ko‘zi ojiz, imkoniyati cheklanganlar uchun ixtisoslashgan muassasa bo‘lsa-da, o‘quvchilarimiz mavjud imkoniyatlardan foydalanib ko‘plab yutuqlarga erishib kelmoqda, - deydi muassasa rahbari Sulton Boboqulov. – Ikki nafar o‘quvchimiz Charos Balikova hamda Fayzulla Mardiyevlar shu yil yozda Bolgariyada o‘tkazilgan shashka bo‘yicha musobaqada jahon chempioni bo‘ldi. Maktabni bitirgan sobiq o‘quvchilarimiz ham jamiyatda o‘z o‘rniga ega. O‘zbekiston xalq hofizi Orolmirzo Safarov ham shu maktabda ta’lim olgan.

Tadbirda muassasaning har bir o‘quvchisiga homiylar tomonidan sovg‘alar ulashildi.

To‘lqin SIDDIQOV.