Imom Buxoriy merosi – xalqaro nashr sahifalarida

Turkiyada nashr etiladigan “SANATKıbrıs” gazetasining 2025 yil aprel oyidagi 50-sonida mashhur muhaddis, islom ilm-fani ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan Imom Muhammad ibn Ismoil Buxoriy va uning ilmiy merosi haqida yirik maqola chop qilindi.
“Ilm ustunlarida yuksalgan sivilizatsiya: Buxoriy davridan bizning kunlargacha” sarlavhasi bilan e’lon qilingan maqolada muallif Niso Yilmaz xonim ulug‘ muhaddisning hayoti, ilmiy merosi va islom ilmlari ravnaqida tutgan o‘rnini keng qamrovda yoritgan.
Maqolada, shuningdek, “Al-Jomi’ as-sahih” asarining ilm ahli orasidagi yuksak qadri alohida ta’kidlangan. Muallif ushbu asarni nafaqat hadis to‘plami, balki butun islom sivilizatsiyasining yuksalishi yo‘lidagi muhim manba sifatida ta’riflaydi. Asarning islom ilmlari rivojida tutgan o‘rni va ishonchlilik mezonlari haqida ma’lumotlar keltiradi.
Bundan tashqari, maqolada Samarqandning ma’rifat beshigi sifatida Islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rniga alohida e’tibor qaratilib, Imom Buxoriy hayotining mazkur muazzam shahar bilan bog‘liq jihatlari aks ettirilgan.
Quyida maqolaning tarjimasi keltirilmoqda. Xulosa va taassurotlarni o‘quvchining o‘z hukmiga havola qilamiz:
Niso Yilmaz Ilm ustunlarida yuksalgan sivilizatsiya:
Buxoriy davridan bizning kunlargacha
Samarqand...
Ipak yo‘lining horg‘in karvonlariga soya bergan minoralari, ilm ustunlarida yuksalgan madrasalari bilan asrlar davomida tafakkur yuragini junbushga solib kelgan maskan. Bu toshlarga ganchlangan hikmatlar yeri, zamonlarning g‘uborlarini ilm bilan aritgan buyuk qalb egalarining tuprog‘idir. Qadim Samarqand zaminida bag‘rida yulduzdek porlab turgan ismlardan biri – Imom Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Imom Buxoriyning “Jomeus sahih” asari shunchaki hadis to‘plami emas; balki o‘ta puxtalik bilan bunyod etilgan intellektual tuzilmadir. Yuz minglab hadislarni yod olgan, har bir rivoyatni qalb tarozusiga solgan Buxoriy ishonchlilik tushunchasiga yangi mezon olib kirdi. U ilm vijdon bilan uyg‘unlashganda abadiylikni vujudga keltirishini ko‘rsatib berdi.
Hadis metodologiyasida inqilob
Buxoriyning sahih hadislarni saralab olish uslubi uning ilmiy puxtaligi va yuksak mas’uliyatini yorqin ifoda etadi. O‘zi rivoyat qilgan hadislarning rivoyat zanjirlarini diqqat bilan o‘rgangan; U roviylarning ishonchliligini teran sinchkovlik o‘rganib, faqat xotirasi kuchli bo‘lgan halol va rostgo‘y kishilarning rivoyatlarini olgan. Uning hadisshunoslik ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi nafaqat faqat tinimsiz mashaqqatli mehnatni anglatmaydi, balki yuksak ma’naviy-axloqiy ahamiyati bilan ham beqiyosdir. Chunki hadisning sahih deb hisoblanishi uchun roviylar silsilasining uzluksiz bo‘lishi yetarli emas. Rivoyat zanjiridagi kishilar haqiqatan bir-biri bilan uchrashgan, halol-pokiza va kuchli quvvai hofizaga ega bo‘lishi kerak (uning hadisni sahih deb qabul qilish shartlari 15 bo‘limdan iborat bo‘lgan, boshqa muhaddislarniki 10-11 tadan oshmaydi – IBXITM). Shu jihatdan “Sahihul Buxoriy” nafaqat hadisshunoslikdagi adabiyot manbalarining, balki bashariyat ong-tafakkurining durdonalaridan biridir.
Bugungi ruhiyat: Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi
Imom Buxoriyning ilmiy merosi 2017 yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ochilishi bilan qayta tiklana boshladi. Bu Markaz nafaqat allomaning merosini o‘rganyapti, balki uni zamon talablaridan kelib chiqqan holda ilmiy sharh va izohlar bilan talqin qilib, yangi avlodga taqdim etyapti. O‘zining raqamlashtirilgan arxivlari, nodir qo‘lyozmalar fondi, klassik matn to‘plamlari va zamonaviy akademik infratuzilmasi bilan Markaz tadqiqotchilar uchun noyob imkoniyatlar yaratib bermoqda. Hadis ilmi, islom tarixi, Imom Buxoriy va boshqa allomalar merosini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirayotgan loyihalari, shuningdek, xalqaro simpoziumlar, onlayn treninglar va madaniy tadbirlar tashkil etish orqali o‘z maqsad va vazifalari ko‘lamidan ancha keng bo‘lgan miqyosda faoliyat ko‘rsatmoqda.
Global ta’sir: Sharqda ham, G‘arbda ham Buxoriy
Imom Buxoriyning ta’siri faqat islom olami geografiyasi bilan cheklanib qolmaydi. “Jomeus sahih” Prinstondan Qohiragacha, Tehrondan Kuala-Lumpurgacha yoyilgan ko‘plab ilmiy markazlarda o‘rganilyapti, yuzlab doktorlar uchun ilmiy izlanish mavzusi bo‘lib qolyapti. Bu asar shunchaki hadis to‘plami emas, balki yalpi ishonchlilik va intellektual adolatning ramzi hisoblanadi. Shu tariqa bu asar turli madaniyatlar o‘rtasida bilim robitasi bo‘lib xizmat qilishda davom etyapti, Sharq ham, G‘arb ham birdek bosh uradigan qiladigan umumiy ilmiy murojaat markaziga aylandi.
Samarqand: Toshlarga ganchlangan hikmatlar
Bugun Samarqand nafaqat Imom Buxoriyning, balki butun bir yetuk sivilizatsiyaning ham ilmiy ramzi sanaladi. Bu shahar faylasuflar, matematiklar, hakimi hoziqlar va tasavvuf namoyandalarining ham vatani bo‘lgan. U O‘rta Osiyodan Andalusiyagacha bo‘lgan tafakkur tomirini oziqlantirgan. Qadamjolari va madrasalari bilan go‘yo osmon ostidagi kutubxonadek. Bu muhit nafaqat o‘tmishdan so‘ylaydi, balki kelajakni ham barpo ettiradi.
Raqamli asrimizning betartib axborot girdoblarida o‘z yo‘lini topishga qiynalayotgan hozirgi yoshlar Imom Buxoriyning ilmiy merosidan eng ishonchli yo‘l-yo‘riqlarni topishi mumkin. Manbai mavhum, tasdig‘i mushkul ma’lumotlar dengiziga g‘arq bo‘lish o‘rniga axborotni chig‘iriqdan o‘tkazishga qodir bo‘lgan, teran fikrlashga undaydigan, axloqiy asoslarga tayanadigan tafakkurni shakllantirish bugun har qachongidan ham zarur. Imom Buxoriyning ilmga yondashuvi aslida bir umrlik hayot falsafasini taqdim etadi. Balki Samarqandda qad rostlagan bu yangi avlod (eng ilg‘or – tarj.) tadqiqot markazi shunchaki ilmiy muassasalardan biri emas, aslida sog‘lom ong-tafakkurning so‘nggi tayanchlaridan biridir.
Barcha daholar kabi Imom Buxoriy ham hayotlik davrida yetarlicha ardoqlanmagan alloma edi. Vafotidan keyin so‘ng asrlar osha nur taradigan turadigan yulduzga aylandi. Bugun Samarqand osmonida uning yulduzi yana porlamoqda.