Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Imom Buxoriy ta’limotini o‘rgangan yoshlar yomon yo‘lga kirmaydi

Imom Buxoriyning zamondoshlaridan biri Yahyo ibn Ja’far: “Agar qudratim yetsa, Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning umrini ziyoda qilar edim. Mening o‘limim bir kishining o‘limi bo‘ladi. Muhammad ibn Ismoilning o‘limi ilmning ketishidir”, degan edi. Muso ibn Horun Hammol esa: “Menimcha, Islom ahli barchasi jamlanib, Muhammad ibn Ismoilga o‘xshash yana bir kishini yetishtirmoqchi bo‘lishsa, eplay olishmaydi”, degan edilar.

Darhaqiqat, bobomiz Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi butun Islom olami “Amirul mo‘minin fil hadis” – “hadis ilmida mo‘’minlarning amiri”, “Shayxul-islom” – “musulmonlarning ustozi” kabi unvonlar bilan nomlaydi. Bularning barchasi bejizga emas. Ajdodimizning bu darajaga yetishishiga u zotning taqvosi, parhezkorligi va omonatdorligi kabi ko‘plab fazilati va hadis ilmiga qo‘shgan ulkan va beqiyos hissasi sabab, desak yanglishmagan bo‘lamiz.

Alloh taolo O‘zining kalomida shunday marhamat qiladi:

"Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur" (Mujodala surasi 11-oyat).

Alloh taolo ilm, zuhd va taqvoda zamonasining peshqadami bo‘lgan Imom Buxoriyni bu dunyoda nomlarini ulug‘ qildi. Imom Buxoriy to‘plagan hadislar insonga to‘g‘ri yo‘l tanlash, ota-onani hurmat qilish, halol, oqibatli, bag‘rikeng bo‘lish, Allohning buyruqlariga bo‘ysunish kabi xislatlarga ega bo‘lish imkonini beradi.

Ana shularni hisobga olib yurtboshimizning tashabbusi bilan mamlakatimizda Imom Buxoriyning ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Hadis ilmi maktabi, Xalqaro Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yaratildi. Mana endi, bir tomondan Imom Buxoriyning xizmatlari va o‘zlariga mos yodgorlik majmuasi, ikkinchi tomonidan ziyoratchilar uchun barcha sharoitlarga ega bo‘lgan maskan yaratilmoqda.

Prezidentimiz Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida bo‘ldi. Davlatimiz rahbari Islom dini rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ bobokalonimizning olamshumul dovruqlariga mos va arzigulik qadamjoning yangi loyihasi bilan tanishdi. Tadbirda hozir bo‘lgan oqsoqollar, ulamolar, tuman va shahar deputatlari, jamoatchilik vakillarining fikrlarini eshitdi va yangi majmua qurilishi boshlanganini e’lon qildi.

Yangi yodgorlik majmuasida soni tobora oshib borayotgan milliy va xorijiy ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Majmua tarkibiga kiruvchi masjidning ichki sahnining o‘zi ikki ming kvadrat metrdan oshadi. Atrofidagi sahnlar bilan masjidda bir necha o‘n ming musulmon bir vaqtning o‘zida namoz o‘qishi mumkin bo‘ladi. Hazrat Imom Buxoriy qabrlarini ziyorat qilish sharoitlari ham yaxshilanadi.

Ushbu buyuk inson xotirasiga xalqimizning va jahon hamjamiyatining ehtiromi belgisi sifatida Allohning izni va xalqimizning xohish-irodasi bilan amalga oshiriladigan majmuaga muborak Ramazon oyi kunlarida tamal toshining qo‘yilishi Yaratgan Parvardigorning ushbu ezgu ishlarni qo‘llab-quvvatlashiga umid bog‘lashga imkon beradi.

Tadbir avvalida Shavkat Mirziyoyev mo‘min-musulmonlar, butun O‘zbekiston xalqini muborak Ramazon oyi bilan muborakbod etar ekan: “Ramazon oyi – ezgu niyatlar ijobat bo‘ladigan muqaddas oy. Bu qurilishni shu oyda boshlayotganimiz ham xayrli, xosiyatli bo‘ladi, qalbimizga taskin beradi. Bu sohada qilayotgan ishlarimizdan maqsad – islomga e’tiqodimizni, alloma bobolarimizga hurmatimizni ilm bilan bildirish. Ajdodlarimizga munosib bo‘lish biz uchun juda katta burch”, – dedi.

2020 yilda pandemiya tufayli Ramazon oyida diniy amallarni uyda bajarishga to‘g‘ri kelgani yodga olindi. Bu yil esa masjidlar ochiq, mo‘min-musulmonlar karantin qoidalariga qat’iy amal qilib, ibodatlarini ado etayotgani qayd etildi.

“To‘rt yillik izlanish, yangilanish va sinovlardan o‘tib, katta tajriba orttirdik. Xalqimizni hayotdan rozi qilishga qaratilgan ishlarimiz bundan keyin ham izchil davom ettiriladi. Ramazon oyining olijanob g‘oyalari, muqaddas amallari ham ana shunday ezgu maqsadlarimizni ro‘yobga chiqarishda mustahkam zamin bo‘ladi”, – dedi yurtboshimiz.

Markaziy Osiyo davlatlari – O‘zbekiston, Tojikiston hamda Afg‘oniston o‘rtasida diniy-ma’rifiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash maqsadida 2021 yil 15 martda Samarqand shahrida Imom Buxoriy merosining o‘ziga xos xususiyatlari mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etilgan edi.

Ushbu xalqaro anjumanda so‘zga chiqqan Afg‘oniston Islom Respublikasi irshod, haj va vaqf ishlari vaziri Muhammad Qosim Halimiy: “O‘zbekiston shunday diyorki, Yer yuzidagi har bir musulmon bu tabarruk yurtning ziyoratiga oshiqadi. Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning maqbarasini ziyorat qildik. Bu tabarruk joyda juda katta obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani, qadamjolar yanada obod etilayotgani bizni g‘oyat xushnud etdi. Bularning barchasi Prezident janob Shavkat Mirziyoyevning mamlakatni yanada obod, xalqni yanada farovon qilish, yuksak bilim va salohiyatli, vatanparvar, milliy qadriyat hamda an’analarga, ajdodlarning bebaho merosiga sadoqatli avlodni kamolga yetkazishdek ezgu orzu-umidlari ro‘yobiga xizmat qilayotir. O‘zbekiston yana ilm-fan markaziga aylanmoqda”, degan edi.

Shavkat Mirziyoyev majmuada amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Bu yerda katta masjid, to‘rtta simmetrik minora, baland ayvonlar, yo‘ldan kirib kelishda xiyobon bo‘ladi. Ko‘p sonli ziyoratchilarga zamonaviy qulayliklar yaratish uchun 7 ta mehmonxona, 3 ta avtoturargoh va avtobekat, supermarket, bozorcha barpo etiladi. Shuningdek, oshxonalar, hunarmandchilik buyumlari rastasi, hammom, tahoratxona, qushxona qurilishi belgilangan.

Zayniddin Eshonqulov,

Samarqand viloyati bosh imom-xatibi