Imtihondan o‘ta olmaslikning 10 sababi
1.Shunchaki matnni ishtiyoqsiz ko‘zdan kechirish. Agar o‘qigan matnning asosiy g‘oyalarini eslab aytib bera olmasangiz, bu shunchaki vaqtingizni maqsadsiz o‘tkazganingizdir.
2.Matnni yoki topshiriqni ko‘p bo‘laklarga ajratish. Asosiy maqsadni yo‘qotasiz. Miyani chalg‘itasiz.
3.Javoblar qismiga qarab masala yoki misolni yechish yo‘lini bildim, deb hisoblashingiz. Ta’limdagi eng katta xatolardan biri. Kitobga qaramay masalani bosqichma-bosqich yechishingiz kerak.
4.Imtihonga oxirgi daqiqalarda tayyorgarlik ko‘rish. Sport musobaqalarida qatnashadigan sportchi oxirgi kunlarda tayyorgarlik ko‘rib boshlasa, g‘olib bo‘la oladimi?
5.Asosan, o‘zingiz bilgan bir xil turdagi masalalarni yechish. Bir xil turdagi masalalarni yechish imtihonga tayyorman, degani emas. Bu futbol musobaqasiga qatnashish uchun faqat darvozaga gol urishni mashq qilishday gap. G‘olib bo‘lish uchun tez yugurish, kombinatsiyalarni amalga oshirish, jamoani his qilishni o‘rganish kerak.
6.Hamkorlikdagi mashg‘ulotlarni samarasiz o‘tkazish. Hamkorlikda qaror qabul qilish, vazifalarni bajarish, bir-birining bilimlarini sinab ko‘rish o‘quvchilarning mavzuni yaxshi o‘zlashtirishlari va bu jarayonda bo‘lgan kamchiliklarni aniqlashga imkon beradi. Biroq topshiriqlar bajarilmay turib, mashg‘ulotlar jarayoni suhbatga aylanishi, zudlik bilan guruhni almashtirishingiz kerakligidan darak beradi.
7.Kitob (darslik)ning kerakli bo‘limini o‘qimay turib, topshiriqlarni bajarishga kirishish. Suzishni o‘rganmay turib, o‘zingizni hovuzga tashlaysizmi? Kitob (darslik) bu suzish bo‘yicha qo‘llanma deb qabul qiling. Mavzuni o‘zlashtirmay misol va masalalarni yechish ma’lum bir vaqtdan so‘ng yoddan ko‘tarilishiga olib keladi.
8.Muammoli vaziyatlarda ustoz va o‘rtoqlaringiz yordamidan voz kechish.
“Bilmaganini so‘ragan bo‘lgaydir olim, orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim” maqoliga amal qiling.
9.Diqqatning doimiy ravishda bo‘linishi.
Diqqatning suhbat, telefon, televizor, musiqaga va boshqalarga bo‘linishi mavzuning qismangina o‘zlashtirilishiga sabab bo‘ladi.
10.Kam uyqu. Tushda miya uyqugacha o‘rganilgan ma’lumotlarni tahlil qiladi va tartiblashtiradi. Agar siz imtihondan oldin uyquga to‘ymasangiz, butun tayyorgarligingiz samarasiz bo‘ladi.
Orzular maqsadga, maqsad esa harakatga aylansagina, orzular ushaladi.
Aziza Qudratova,
SamDU huzuridagi pedagog kadrlarni
qayta tayyorlash va ularning malakasini
oshirish mintaqaviy markazi o‘qituvchisi.