Indoneziyada saylov komissiyasining 272 a’zosi qattiq charchoqdan o‘ldi

Dunyoning eng katta saylovi Indoneziyada bo‘lib o‘tdi. 193 million saylovchining ovozini qo‘lda sanagan saylov komissiyasining 272 nafar a’zosi qattiq charchoqdan o‘ldi, 1878 nafari shifoxonaga yotqizilgan, deb yozmoqda minbar.uz.

Shuningdek, qattiq charchash va shu bilan bog‘liq sabablar oqibatida saylov payti va undan keyin ro‘y bergan avtohalokatlarda mamlakat bo‘yicha 15 nafar politsiyachi ham qurbon bo‘lgan.

  • Mamlakat markaziy saylov komissiyasi raisi Orif Budimanning xabariga ko‘ra, ayrim a’zolar to‘xtovsiz 24 soatdan ortiq ishlagan.
  • Budiman halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning oilalariga 30-36 million Indoneziya rupiysi (taxminan 2100-2500 dollar) miqdorida tovon puli to‘lashni taklif qilgan.

Indoneziya prezidenti Joko Vidodo saylov komissiyasining marhum a’zolari va politsiyachilarning oilalariga hamdardlik bildirib, ularni "demokratiya kurashchilari" deb atagan.

  • 17 aprelda Indoneziyada dunyodagi katta eng saylov bo‘lib o‘tgan. Fuqarolar mamlakat prezidenti, parlamentning ikkita palatasiga deputatlar, viloyat va okruglarning qonunchilik organlariga a’zolarni saylagan.
  • Mamlakat bo‘ylab 800 mingdan ortiq saylov uchastkasi ishlagan, saylovda 260 million aholidan saylash huquqiga ega 80 foizi (193 million kishi) qatnashgan.
  • Saylovning rasmiy natijalari 22 maydan kechiktirmay e’lon qilinishi kerak.