Ingichkadagi dasht yerning har sotixidan 300-400 kilogramm mahsulot olinyapti
Joriy yil mart oyida Kattaqo‘rg‘on shahrining Ingichka shaharchasidagi 16 gektar maydonda bitta dala kooperatsiyasi tashkil etildi. Ushbu yer maydoni 40 nafar ishsiz va kambag‘al oilaga bo‘lib berilgandi. Yaqinda shahar hokimi G.Alimova Ingichkaga borib, ushbu loyiha ijrosi bilan tanishdi.
Ushbu yer maydonini sug‘orish uchun qariyb 1,5 kilometr masofadan 300 metr balandlikka suv quvuri tortib kelindi.
Kooperativ a’zolarining mehnatlari evaziga qisqa muddatda dashtda sabzavot ekinlari maydoni yaratildi.
– Yillar davomida foydalanilmagan maydon o‘zlashtirilgach, har 10 sotixdan 3-4 tonna mahsulot olish imkoni yaratildi, – deydi shahar hokimi G.Alimova. – Biz yer ajratgan paytda ko‘proq kambag‘allikdan chiqishga harakat qilayotgan, mehnat qilishdan qochmaydigan oilalarga e’tibor qaratgan edik. Bu o‘z samarasini berdi. Endigi vazifamiz shu tajribadan kelib chiqib, 500 gektar yerni o‘zlashtirish.
– Oilamizda moddiy yetishmovchilik bo‘lgani bois bizga 30 sotix yer berildi, – deydi Nurobod mahallasida yashovchi Dilrabo Sharopova. – Kartoshka, sholg‘om va sabzi ekdik, hademay har bir ekindan 3 tonnadan ziyod mahsulot olamiz. Bu esa oilamizga yaxshigina daromad keltiradi.
Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmati.