Ingushetiyalik yetti yoshli qizchaning muntazam kaltaklangani sababi aniqlanmoqda

Nazrandagi shifoxonalardan biriga yetti yoshli Aisha Ajigova olib kelindi. Qizcha shifoxonaga ko‘plab jarohatlar bilan yotqizildi. Ma’lum bo‘lishicha, ammasining uyida vasiylikka hujjati bo‘lmagan holda yashagan. Qarindoshlari qizchani muntazam ravishda qiynab kelgan. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Yetti yoshli jiyanini muntazam ravishda kaltaklab kelgan ingushetiyalik 35 yoshli ayolning eri politsiyada ishlaydi. Bu haqda respublika IIV voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha bo‘linmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Adam Murgustov ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, qizcha hech narsaga muhtoj emas edi. Nega qizchaning onasi tashlab ketgani, nima uchun ammasi muntazam ravishda qiynab kelgani IIV tomonidan hozircha aniqlanmadi.

Shu bilan birga Murgustovning xabar qilishicha, ikki yil muqaddam qizchaning oilasi nochor sifatida politsiya hisobida turgan edi.

4 iyul kuni qizcha ko‘plab jarohatlari bilan shifoxonaga olib kelindi. Keyinroq Ajigova Moskvadagi bolalar jarrohlik Ilmiy tadqiqot institutiga olib borildi. Shifokorlar uning qovurg‘alari va umurtqasi singanini, oyoq-qo‘llariga jiddiy ziyon yetganini va qon aylanmasida buzilishlar bo‘lganini aniqladi. Klinika prezidenti Leonid Roshalning xabar qilishicha, qizchaning qo‘li amputatsiya qilinishi ehtimoli bor. Qizchaning ahvoli og‘irligicha qolmoqda.