Innovatsion yondashuv hayot sifatini yuksaltiradi
Agrar sohani isloh qilish, unga bozor mexanizmlari va zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.
Xususan, klaster usuli yo‘lga qo‘yildi, bu esa bozor tamoyillariga o‘tishda, sohada davlat aralashuvini keskin kamaytirish, reja ortidan quvish va majburiy mehnat holatlariga butunlay chek qo‘yishda muhim omil bo‘lmoqda. Bu degani qishloq xo‘jaligida yangicha qarash va innovatsiyalar kirib kelishini bildiradi.
Natijada hosildorlik ham, daromad ham oshmoqda.
Birgina Narpay tumani “Ahmad Zoir ota” fermer xo‘jaligi misolida oladigan bo‘lsak, fermer paxta yetishtirishdan manfaatdor yetishtirgan paxtasini bugun yuqori narxlarda sotmoqda.
“Keyingi yillarda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermerlar mavzusi eng ko‘p ko‘tarilgan mavzulardan biri bo‘ldi. Aslida, fermerni yelkasiga shamol tegishiga aynan klasterlar sababchi Sababi, bugun fermerlar yetishtirgan paxtasi yuqori narxda sotib olinmoqda. Prezidentimiz tadbirkorlar bilan Ochiq muloqotida “hamma qarshi bo‘lsa ham klaster faoliyatini ishga tushirdik va tizim o‘z samarasini ko‘rsatdi” degan gaplari bugun o‘z isbotini ko‘rsatdi. Men bu yil 38.6 gektar maydonga “Ravnaq-2” navli paxta ekdim, shartnomaga asosan klasterlarga o‘z mahsulotimizni klaster bilan kelishilgan narx asosida topshirmoqdamiz, bundan biz ham klaster ham manfaatdor” deydi, fermer.
Bugun hayotning o‘zi yangi innovatsion usul — klaster tizimining huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy afzalliklari ko‘pligini namoyon etmoqda. Eng avvalo, klaster usulida mahsulot yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchilar manfaatdorligi kafolatlanayotganini ta’kidlash joiz. Qolaversa, tizim orqali “mavsumiy ishchi” tushunchasiga barham berilayotgani uning ahamiyatli jihatlaridan, deyish mumkin.
Darhaqiqat, klaster bo‘lguncha hamma fermerlar paxta planini bajarish va yillab shu pulni orqasidan yurish bilan sarson edi.
20 yil oldin ham tolani jahon bozoridagi bahosi 1.8-2.0 dollar edi, hozir ham shu narx, katta o‘zgarish yo‘q. Lekin O‘zbekistonda paxta narxi 120 foizga oshdi, sababi talab ko‘paydi, klasterlar yangi ip kalava fabrikalarini tashkil qildi, yangi ishlab chiqarish quvvatlari ko‘paydi.
Zero, davlatimiz rahbari “Klaster va manfaatdorlik — O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining kelajagi. Ilm-fan va innovatsiyalarni joriy etmay turib, bu sohani raqobatbardosh qilib bo‘lmaydi” deb bejizga ta’kidlamagan. Binobarin, bundan keyin klasterning aholi daromadlarini oshirish, ishchi o‘rinlarini yaratish, iqtisodiyot, jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishdagi ahamiyati ortib boraveradi, aslo kamaymaydi.
A.Norboyev, Samarqand viloyati agroxizmatlar markazi direktori.