Inson boylik uchun emas, boylik inson uchun yaratilgan

Yer yuzida hayot paydo bo‘lgandan buyon inson bilan moddiy boylik o‘rtasidagi munosabat turlicha talqin etiladi. Chunonchi, birov butun umrini mol-dunyo to‘plashga sarflaydi, boshqasi hayoti mazmunini odamgarchilikda, o‘zgalarga yaxshilik qilishda deb biladi. Donolar esa inson boylik uchun emas, balki boylik inson uchun yaratilganligini mudom ta’kidlashadi.

Bir kambag‘al donishmanddan so‘rabdi:

- Siz shunchalik qashshoq bo‘lishingizga qaramay, doimo xushchaqchaqsiz. Hayotingizdan biror marta noliganingizni eshitmadik. Buning boisi nimada?

- Men orzu-havaslarimga erk bermayman, - dedi donishmand. – Bir burda non topsam ham o‘zimdek qashshoq do‘stlarim bilan baham ko‘raman. Madomiki, shu nonni bir o‘zim yesam, demak, nafsim hakalak otyapti deyavering. Nafsimni tiyganim bois e’zozdaman. Shuning o‘zi boylik, baxt menga. Ming afsuski, ayrimlarning nafsi o‘pqon. Ular tunu-kun mol-dunyo to‘plash ilinjida yashab, umrining behalovat o‘tib ketganini sezmay qolishadi.

Ayrim paytda inson ehtiyojining chegarasi yo‘q: yuz so‘mni ming so‘m, ming so‘mni million qilishni o‘ylaydi. Bu go‘yo sho‘r suv bilan chanqoqni qondirishga intilgandek gap. Ya’ni, ichganing sari chanqog‘ing bosilmaydi. Doim suvga tashnadek bo‘laveradi kishi.

Bugungi sinovli davrda ham ayrim “uddaburon” tadbirkorlarimiz nafsini, boylik orttirishni birinchi o‘ringa qo‘yib, yaxshilik, ezgulik fazilatlarini unutmoqda. Bir-birimizni qo‘llashimiz lozim bo‘lgan bir davrda o‘z ehtiyojlarini ustun qo‘ymoqda.

Afsuski, ikki–uch qavatli serhasham koshonalar qurib, o‘zining kimligini ko‘z-ko‘z qilayotgan, 10-sinfda o‘qiydigan nevarasining tug‘ilgan kunida avtomobil sovg‘a qilayotgan “boy bobo”lar bor oramizda. Ammo ularda halovat bormikan? Ehtiyoj, ya’ni nafs qanchalik kuchli bo‘lsa, u odamni shunchalik tashvishga qo‘ydiki, egasini ne kuylarga solmadi? Bunga yon atrofimizdan ko‘plab misol keltirishimiz mumkin.

Insonning bu dunyoga kelishdan asl maqsadi ezgulikda yashashdir. Demak, mehr-oqibat, saxovat, poklik, bag‘rikenglik, qanoat, yaratuvchanlik, halol mehnat inson umrining bezagi. Keling, bugungi sinovli damlarda umrimizni ezgu fazilatlar bilan bezab yashaylik. Zero, boylik mol-dunyoning ko‘pligi bilan emas, balki nafsning to‘qligi bilan belgilanadi.

Abduaziz HOShIMOV.