Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi jahonning inson huquqlari amaliyotiga Samarqand ruhini olib kirdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Unda ta’kidlanganidek, “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi yakunlari: zamonaviy tahdidlar va real voqelik” mavzusida o‘tkazilgan mazkur anjumanning dolzarbligi ana shu asosiy hujjatning o‘rni va ahamiyatini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurati bilan belgilanadi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan ushbu xalqaro forumning yakunlari haqida suhbatlashdik.
– Davlatimiz rahbari tabrigida inson huquqlari sohasiga taalluqli uchta muhim g‘oya ilgari surildi, – dedi A.Saidov. –Birinchi g‘oya – inson huquqlari faqat G‘arb sivilizatsiyasining mahsuli emas, balki dunyodagi barcha sivilizatsiyalar ulushlarining mujassamidir. Tarix shundan dalolat beradiki, dunyodagi barcha sivilizatsiyalar, madaniyat va dinlar inson huquqlari to‘g‘risidagi tayanch tushunchalarning shakllanishiga asos bo‘lgan insonparvarlik g‘oyalari ta’sirida vujudga kelgan, deydi O‘zbekiston Prezidenti.
Agar bevosita bizning ajdodlarimiz tomonidan bu borada qo‘shilgan amaliy hissalar haqida so‘z borsa, xususan, bundan 2700 yil muqaddam Osiyo hududida yaratilgan eng ko‘hna yozma yodgorlik – “Avesto” kitobida inson huquq va erkinliklari, millatlararo munosabatlarni o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillari negizida barpo etish g‘oyalari muhim o‘rin tutishini qayd etish lozim. Binobarin, ota-bobolarimiz azaldan inson huquqlarini ulug‘lagan holda, aksincha, zo‘ravonlik va adolatsizlikni rad etganlar.
O‘z navbatida, Sharqning buyuk huquqshunoslaridan biri Burhoniddin Marg‘inoniy XII asrdayoq o‘zining “Hidoya” asarida har bir insonning haq-huquqini saqlash zarurligi to‘g‘risida muhim g‘oyani ilgari surgan. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “ana shu muqaddas qadriyatlar bugun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan va mazkur forum kun tartibiga hamohangdir”.
Osiyo forumi minbarida: “Ushbu nufuzli anjumanni o‘tkazish uchun Rim va Nankin kabi qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahri tanlangani bejiz emas”, degan mazmundagi samimiy e’tiroflar ko‘p bor yangradi. Qolaversa, bu anjumanning O‘zbekistonda, afsonaviy shahar – Samarqanddatashkil etilgani bizga katta faxr va g‘urur bag‘ishlaydi.
Odatda, qayerda bag‘rikenglik bo‘lsa, o‘sha yerda inson huquqlari himoya qilingan, deb qaraladi. Samarqand turli millatlar, dinlar, tillar, madaniyatlar o‘zaro birlashgan, bag‘rikeng va baxtiyor insonlar yashaydigan tinch-osuda shahardir.
– Deklaratsiya qabul qilinganidan buyon o‘tgan 70 yil ichida inson huquqlariga bag‘ishlangan bunday yuksak nufuzga ega xalqaro anjuman ilk bor Osiyo qit’asida – O‘zbekistonda tashkil etildi. Shu haqda izoh bersangiz?
– Prezidentimizning Osiyo forumi ishtirokchilariga tabrigidagi ikkinchi muhim g‘oyaxuddi shu mavzu bilan bog‘liqdir. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 1-moddasida: “Hamma odamlar o‘z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladilar”, degan qoida mustahkamlab qo‘yilgan.
Ya’ni, ushbu qoidada inson huquqlarining universalligi prinsipi – Yer yuzidagi barcha insonlar bir xil huquqlarga ega ekanini kafolatlaydigan tamoyil aks etgan. Ammo, sayyoramizning Yevropa, Amerika, Afrika kabi boshqa qit’alaridan farqli ravishda, Osiyoda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha muayyan mintaqaviy tizim haligacha yaratilmagan.
Shuning uchun davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishga bizning mintaqamizda birinchi marta tashkil etilgan ushbu forumni o‘tkazish haqidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani uchun samimiy tashakkur bildirdi. BMT Bosh kotibi ham ushbu xalqaro anjuman ishtirokchilariga o‘zining videomurojaatini yo‘lladi.
Prezidentimiz tabrigida: “jami 4,5 milliarddan ziyod aholi istiqomat qilayotgan Osiyo mintaqasining kelajagi ko‘p jihatdan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2030 yilga qadar barqaror taraqqiyot sohasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga tayyor bo‘lishga, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha samarali mintaqaviy mexanizmni shakllantirishga bog‘liq”, deya qat’iy ishonch bildirildi.
Samarqand shahrida o‘tkazilgan xalqaro anjuman ishtirokchilari ushbu g‘oyani ham qizg‘in qo‘llab-quvvatladilar. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining maxsus vakili Adam Abdelmula bayonot berganidek, “Haqiqatdan ham Osiyo mintaqasi dunyoning boshqa mintaqalaridan farqli o‘laroq, Inson huquqlarini ta’minlash borasida yagona tizimga ega emas. Bunday tizim haqida fikr almashish va uni tashkil etishning ayni vaqti kelgan”.
Adam Abdelmulaning ta’kidlashicha, BMTning u rahbarlik qilayotgan departamenti Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekistonga ham shunday tizimni tashkil etishda ko‘maklashishga shaydir. “O‘zbekiston so‘nggi bir yilda bu borada ilg‘or tajribaga ega bo‘ldi. Xususan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari O‘zbekistonga tashrif buyurdi, bu sohaga doir qator tavsiyalar berildi, bir nechta hisobotlar e’lon qilindi”, deb qayd etdi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining maxsus vakili.
Osiyo mintaqasida hozirgi kunda inson huquqlari bilan bog‘liq voqelik qay holatda va u kelajakda qanday rivojlanadi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Zero, bugun inson huquqlari – umuminsoniy qadriyatlarning uzviy bo‘lagidir. Inson huquqlari muayyan davlatning ichki ishi emas, balki xalqaro xavfsizlikning tarkibiy qismi hisoblanadi. Demakki, ma’lum bir mamlakatdagi inson huquqlari qo‘shni davlatlar va jahon hamjamiyati uchun ham birdek muhimdir.
Shu nuqtai nazardan, Osiyo forumining asosiy ish faoliyati inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qit’amizdagi mavjud mexanizmlarni yanada takomillashtirish va yangilarini ta’sis etish, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni ta’minlash yuzasidan amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgani ayni muddao bo‘ldi.
– Prezidentimiz tabrigidagi uchinchi muhim g‘oya nima?
– Uchinchi g‘oya shuki, O‘zbekistonda keyingi ikki yilda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan izchil, shiddatli va samarador islohotlar tajribasi bu boradagi eng yaxshi amaliyot sifatida xalqaro doirada o‘rganish hamda keng targ‘ib etishga munosibdir.
Mamlakatimiz rahbari qayd etganidek, “Bugun O‘zbekiston milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ygan bir davrda biz “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan bosh tamoyilga amal qilmoqdamiz. Aynan ana shu tamoyil 2021 yilgacha O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishning asosi bo‘lib xizmat qilmoqda”.
Samarqand anjumanida bu borada ko‘plab xalqaro e’tiroflarni tingladik. Xususan, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Maykl Myoller O‘zbekistonda inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohot va yangilanishlarga yuksak baho berdi. Martabali mehmon BMT O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni, jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda o‘tkazilgan Inson huquqlari bo‘yicha birinchi Osiyo forumi natijalari doirasida yanada mustahkamlashga tayyor ekanini qayd etdi.
“Ushbu forum O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash, ularni lozim darajada ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish naqadar muhim ekanini teran tushunishini yaqqol ifodalaydi. Forum nafaqat mamlakat, balki mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega”, – dedi BMT Bosh kotibi o‘rinbosari. – “Jahonda hukm surayotgan bugungi tahlikali sharoitda ushbu yuqori darajadagi forumning o‘tkazilishi nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro hamjamiyat uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi”.
– Osiyo anjumanida qaysi xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar mutaxassislari ishtirok etdi?
– Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari, dunyo davlatlari, milliy parlamentlar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar vakillari timsolida 120 nafar xorijiy mehmon ishtirok etishini kutgandik. Samarqand anjumani qatnashchilarining jami soni salkam 400 nafarga yetdi.
Fursatdan foydalanib, Osiyo forumida faol ishtirok etgan BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning Jeneva shahridagi bo‘linmasi bosh direktori Maykl Myoller, YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Ingibyorg Solrun Gisladottir, BMT Bosh kotibining maxsus vakili, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Natalya German, YeXHT Parlament Assambleyasi raisi Georgiy Sereteli, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining maxsus vakili Adam Abdelmula va boshqa barcha ishtirokchilarga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Anjuman qatnashchilari tomonidan inson huquqlarini himoya qilish borasida bugungi kunda xalqaro miqyosda olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar teran muhokama qilindi. Shuningdek, Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungongning forum ishtirokchilariga murojaati tinglandi.
To‘rtta yalpi sessiyada – 20 nafar ma’ruzachi, mavzular bo‘yicha 3 ta sho‘’bada – 18 nafar ma’ruzachi, muhokamalarda 50 dan ortiq ishtirokchi so‘zga chiqdi. Bularning barchasi Samarqand anjumani nechog‘li dolzarbligidan dalolatdir.
– Osiyo forumi yakunida qabul qilingan Samarqand Deklaratsiyasida nimalar haqida so‘z boradi?
– Samarqand Deklaratsiyasi – Osiyo forumi davomida inson huquqlariga doir yalpi strategiya va Barqaror rivojlanish maqsadlarida ko‘zda tutilgan muhim vazifalar, inson huquqlari bo‘yicha ta’lim, inson huquqlarini himoya qilishda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning o‘rni va ahamiyati kabi bir qator masalalar yuzasidan ikki kun davomida olib borilgan qizg‘in bahs-munozara, mushohada va muhokamalarning yakuniy xulosasidir. Ta’bir joiz bo‘lsa, Samarqand Deklaratsiyasi bildirilgan barcha amaliy fikrlarning qaymog‘i, mantiqiy xulosasi hisoblanadi.
“Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi yakunlari: zamonaviy tahdidlar va real voqelik” mavzusida o‘tkazilgan inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumining Samarqand Deklaratsiyasi – muqaddima va 21 banddan iborat. Ushbu salmoqli hujjatda asosan davlat organlari, ya’ni parlament, hukumat, sud hokimiyati, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirishdagi rolini mustahkamlashga doir muhim nazariy qoidalarni ishlab chiqishga e’tibor qaratilgan.
Bundan tashqari, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy mexanizmlarning o‘rni va ahamiyatini kuchaytirishga urg‘u berilgan. Inson huquqlarini himoya qilishning mintaqaviy mexanizmlarini ishlab chiqish uchun kelgusida o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish zarurligi ta’kidlangan.
– Samarqand Deklaratsiyasi yanada muhim qoidalar bilan boyitilishida xalqaro anjuman ishtirokchilarining qanday taklif va tavsiyalari amaliy ahamiyat kasb etdi, deb hisoblaysiz?
– Birinchidan, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mintaqaviy mexanizmlarni ishlab chiqish yo‘llarini aniq belgilab olishga qaratilgan bir qator takliflar o‘rtaga tashlandi. Buning uchun, xususan, shunday forumlarni muntazam, aytaylik, har ikki yilda o‘tkazib turish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.
Ikkinchidan, Barqaror rivojlanish maqsadlarida ko‘zda tutilgan muhim vazifalar ijrosi doirasida “hech kim e’tibordan chetda qolmasligi kerak” degan adolatli tamoyilga amal qilish lozimligi e’tirof etildi. Shu maqsadda “Mintaqa mamlakatlarining inson huquqlari bo‘yicha ta’lim muassasalari konsorsiumi”tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish asnosida, Toshkent shahrida “BMTning inson huquqlari sohasi bo‘yicha ta’limga doir Deklaratsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha mintaqaviy xab (markaz)” tuzish bilan bog‘liq taklif ma’qullandi.
Uchinchidan, bolalarimizda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish, yosh avlodning ushbu soha bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish muhimligi qayd etildi. Bu borada, xususan, YuNISEF, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari, YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi ko‘magida BMT Bola huquqlari konvensiyasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan 2019 yilda o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida xalqaro olimpiada o‘tkazish taklif etildi.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet xonim ta’kidlaganidek, “biz yuksak adolat va tenglik sari harakat qilgan taqdirdagina yanada barqaror tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyotga erishmog‘imiz mumkin”.O‘zbekiston bu muhim prinsipni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini Samarqand xalqaro anjumani timsolida qat’iy tasdiqladi.
Xulosa qilib aytganda, inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi tufayli “Kuch – adolatda” shiorining sohibi bo‘lmish Amir Temur bobomiz saltanati poytaxti yana dunyo hamjimiyatining nazariga tushdi. Bu anjuman O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirdi. Eng muhimi, Osiyo forumi jahonning inson huquqlari amaliyotiga Samarqand ruhini olib kirish yo‘lida ulkan qadam bo‘ldi!
G‘ulom Mirzo, O‘zA .