"Inson" ijtimoiy xizmat markazlari: Xodimlar himoyaga muhtoj kishilarga qanday ko‘mak beryapti?

U I guruh nogironi. Shunday bo‘lsa-da, ikki qizini yolg‘iz ulg‘aytirib, turmushga uzatdi. Ammo keksayib, endi mehnatining mevasini yeyman deb turganida kulfat yuz berdi.

Ikki qizining o‘rtasida janjal chiqdi va janjaldagi ehtiyotsizlik sabab biri olamdan o‘tib qoldi. Bunga sababchi bo‘lgan esa qamoqqa ketdi. Bir kunda ikki bolasidan ayrilgan onaning kasali yanada zo‘raydi, u tushkunlikka tushib, uyidan chiqmay qo‘ydi.

— Onaxonning xonadoniga kirib borganimizda, u o‘ta ayanchli holatda edi, - deydi Kattaqo‘rg‘on shahrida faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodim Sirojiddin Sharopov. – U mustaqil harakatlanishga qiynalishi sababli uy antisanitar holatga kelgan, qolaversa, o‘zi ham bir yil davomida ko‘chaga chiqmay, jamiyatdan uzilib qolgan edi. Biz uni darhol tibbiy ko‘rikka olib borib, uyini tartibga keltirdik. Unga maishiy xizmat ko‘rsatish va salomatligini nazorat qilish uchun assistent ajratildi. Nogironlik bo‘yicha nafaqa, uy-joy, kommunal to‘lov va boshqa hujjat bilan bog‘liq ishlari tartibga keltirildi.

Sirojiddin Sharopov Kattaqo‘rg‘on shahrining Amir Temur va Vatanparvar mahallalarida ijtimoiy xizmatni olib boradi. Hududda 2300 taga yaqin oilada 7200 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. U har bir xonadondagi vaziyatni o‘rganib chiqib, ijtimoiy himoyaga muhtoj 12 toifa insonlarning ro‘yxatini shakllantirgan. Ish kunining asosiy qismi shu ro‘yxatdagi kishilarning uyiga borib, holatini o‘rganish, zarur bo‘lsa, tegishli yordamni ko‘rsatish bilan o‘tadi.

— Ishimizning eng qiyin jihati murakkab vaziyatlarga psixologik tayyor turish, - deydi suhbatdoshimiz. – Sababi, biz har kuni turli xonadonlarga kiramiz, turli odamlar bilan muloqot qilamiz. Tajovuzkor insonlar, nizoli oilalar bo‘ladi, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan bemoru keksalarni ko‘ramiz. Bu vaziyatda hissiyotlarga berilish yaramaydi. Maqsadimizga erishish uchun professional bo‘lishimiz, ba’zida noo‘rin munosabatlarga ham chidashimiz kerak. Mukofot ishimizning yakunida bo‘ladi, o‘sha sizga ishonmagan, azoblarining alamini sizdan olmoqchi bo‘lgan insonlar oxirida rahmat aytib, duo qilishadi. Kasbimning shu jihatini juda yaxshi ko‘raman. Bu yerda haqiqiy muhtojlarga yordamimiz tegayotganidan xursandman.

Ijtimoiy xodim o‘tkazgan xatlovda hududda 6 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar aniqlangan. O‘tgan davrda ulardan bir nafarining qarindoshlari bilan aloqasi tiklanib, ro‘yxatdan chiqarilgan. Xususan, yuqorida hayoti tilga olingan onaxonning ham ikki qizidan qolgan ikki nevarasi bilan aloqa tiklangan. Ular onasiga g‘amxo‘rlik qila olishmasa-da, uni yo‘qlab turishibdi.

Ma’lumotga ko‘ra, viloyatimizda 484 nafar ijtimoiy xodim faoliyat yuritmoqda. Ular joylarda aholining muammolarini o‘rganib, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan shaxslar, oilalarga uni yengib o‘tish hamda jamiyatga qaytib, o‘zlari uchun yaratilgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanishini ta’minlashga qaratilgan ish va xizmatlarni ko‘rsatishadi.

— «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni tez orada 114 taga yetkazilishi rejalashtirilgan, - deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi shu’ba bosh mutaxassisi Alisher Suyunov. – Ayni kunda 49 ta xizmatning 23 tasi bevosita joyiga chiqqan holda ko‘rsatilmoqda. Ayni jarayonni samarali tashkil etish maqsadida xodimlarning malakasini tizimli oshirib borish yo‘lga qo‘yilgan. Ular doimiy ravishda turli seminar va treninglarda ishtirok etib, insonlar bilan muloqot qilish, psixologik ko‘mak berish singari zarur ko‘nikmalarni mustahkamlab bormoqda.

Ta’kidlanishicha, shu kunlarda viloyatimizda reabilitatsiya qilishning texnik vositalari va protez-ortopediya vositalarini olish xizmatiga talab ortgan. Bu nogironligi bor fuqarolarni jamiyatga qaytarish yo‘lidagi birinchi qadam hisoblanadi. Ular tegishli texnik vositalardan foydalangan holda sport bilan shug‘ullanishi, ishlashi, umuman, hayot sifatini yaxshilashi mumkin. Ijtimoiy xodimlar esa bu jarayonda ularning yaqin ko‘makchisi bo‘lmoqda.

Asqar Barotov.