Inson. Vijdon. Saboq

O‘qishimning birinchi kuni edi. Go‘sht olish uchun do‘konga ancha kech chiqdim. Go‘shtning buncha turga, narxga ajratilishini birinchi marta shu yerda ko‘rdim. Barchasining narxi elektron tabloda ko‘rsatilgan. Suyaksiz go‘shtdan bir kilo oldim. Sotuvchi go‘shtni o‘rab berdi. Hisobchiga to‘lov kartamni uzatdim. U kerakli mablag‘ni yechib oldi-da, karta va chekni qo‘limga tutqazdi. Qiziquvchanligimdanmi chekdagi raqamga ko‘zim tushdi. Men olgan go‘sht narxi qimmatroq edi-ku?!

Hisobchi adashdimikan, deb o‘ylab qoldim va tezda borib go‘shtni qaysi turidan olganim, ammo men olganimdan chekdagi narx kam ko‘rsatilganini aytdim. U jilmaydi-da menga batafsil tushuntirdi:

- Siz ko‘rganingiz ertalab mahsulot keltirilgan paytda yozilgan narx. Hozir tungi vaqt. Bu paytga kelib har qancha standartda saqlanganda ham mahsulotning sifati pasayadi, shunga mutanosib narx ham.

Xotiramda nimadir tug‘yon qildi. Esladim. Bu holatga avval ham duch kelganman. Ammo unda voqealar hammasi buning aksi bo‘lgandi...

Germaniya, Frankfurt. O‘qishini Yevropada davom ettirayotgan kursdoshim.

 ***

Yaqinda yaponiyalik bir mehmon bilan shahar aylandik. Bozorga kirganimizda go‘sht sotib oldim. Sotuvchi taroziga bir kilo go‘sht qo‘yib berdi. Pulini to‘ladim. Go‘sht deganining yarmidan ko‘pi suyak, ustiga-ustak go‘shtning hajmiga qarab uning tarozisi noto‘g‘ri emasmikan, degan gumonimni sotuvchiga aytdim. U esa “Aka, bemalol, ishonmasangiz boshqa taroziga qo‘yib olavering”, dedi. Shu yaqin orada ho‘l meva sotayotgan dehqonning tarozisiga qo‘yib ko‘rsam sakkiz yuz gramm chiqdi. Sotuvchi buni ko‘rib noqulay ahvolga tushib qoladi, deb o‘ylagandim. Ammo u na xijolat bo‘ldi, na go‘shtning kamini to‘ldirdi. Aksincha, meni mijg‘ovlikda, tuhmatkashlikda aybladi.

Bozordan chiqarkanmiz go‘sht olganimdan beri bir og‘iz ham gapirmagan mehmon biroz tushkun, biroz hayrat bilan gap boshladi:

- Sizlarda asosan musulmon kishilar istiqomat qiladi, shundaymi?

- Ha, - dedim mag‘rur.

- U hammi? - dedi go‘sht sotuvchini nazarda tutarkan mehmon.

- U ham, - dedim beparvo.

- Sizlarning muqaddas kitoblaringizda birovning haqini yemaslik, tarozidan urishning og‘ir gunoh ekani yozilmaganmi?

- Ha, albatta, shunday yozilgan.

- Nega unda sotuvchi sening haqingga xiyonat qildi, tarozisi to‘g‘ri emas, sen unga ishonmay, boshqa tarozida tortib ko‘rding, ammo uning tarozisi noto‘g‘riligini unga aytganingda qilgan ishidan pushaymon bo‘lmadi. Atrofda hech kim uning bu qilmishiga munosabat bildirmadi, beparvo. Vaholanki, bizda sizlarning muqaddas kitoblaringizdagidek ko‘rsatma bo‘lmasa-da, hayotimizda bu kabi holatlar deyarli uchramaydi, - dedi mehmon.

Yapon mehmonimning e’tiroziga hech narsa deya olmadim. Yo‘q, yo‘q. Unga aytadigan javobim yo‘qligidan emas, shunchaki tomog‘imga achchiq bir narsa qadalganidan...

Toshkent, Yunusobod dahasi. Tadbirkor do‘stim.

 ***

Non rastasi. “2 ming so‘m” deb siyohli ruchkada, biri lotin biri kirillda yozib qo‘yilgan. Kun bo‘yi ochiq turganidanmi, nonlarning suvi qochib qolgan. Ikki dona nonni olib sotuvchiga 5 ming so‘mlik uzatdim-da qaytim berishini kuta boshladim. Sotuvchi menga biroz qovoqdor tikilda-da “Yana ming so‘m berasiz”, dedi.

Hayron bo‘ldim. Qo‘limdagi nonga qaradim. Yo‘q, adashmayapman. Ikki ming so‘mlik rastadan oldim.

Boshqa xaridorlar navbat kutib qolgani uchun sotuvchining qiyofasi yana ham norozi tus oldi:

- Bu non bugun uch ming.

U “bugun” degan so‘zga alohida urg‘u berdi. Yana ayyorona nigohda qo‘shib qo‘ydi:

- Kech bo‘lib qoldi, endi boshqa joydan topolmaysiz. Atrofdagi hech bir do‘konda non qolmagan...

Samarqand, Sug‘diyona maskani. Men.

Sulaymon MARDIYeV.