Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulug‘
9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan erta tongdan Samarqand shahridagi Xotira maydonida viloyat hokimligi, harbiylar, huquq-tartibot idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mehnat faxriylari, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari jam bo‘ldi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligida Motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘yilib, bugungi tinch va osuda kunlar uchun jonini fido qilganlar xotirasi yodga olindi.
Insoniyat uchun katta azob-uqubatlarga sabab bo‘lgan Ikkinchi jahon urushida 152 mingdan ortiq samarqandliklar ishtirok etgan. Ularning 73 ming nafari ona yurtga qaytish baxtidan mosuvo bo‘ldi.
Xotira va qadrlash kuni oldidan urush qatnashchilari va mehnat faxriylari xonadonlariga yo‘qlovlar uyushtirilib, ularga yana bir karra izzat-ikrom ko‘rsatildi. Davlatimiz rahbarining farmoni asosida viloyatda umrguzaronlik qilayotgan 10 nafar Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisiga bir martalik pul mukofoti, Prezident tabrigi yetkazildi va qimmatbaho sovg‘alar tantanali tarzda topshirildi. Shuningdek, front orti mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatildi.
Shuningdek, viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilyapti. Urush qatnashchilari va front orti mehnat faxriylari holidan xabar olinib, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatilmoqda.