Insoniyat tarixida birinchi marta koinotga parvoz qilgan inson yulduzi qay tariqa so‘ndi?
Yuriy Gagarin insoniyat tarixida birinchi bo‘lib koinotni zabt etdi. Hali hech kimga nasib etmagan shon-shuhrat, izzat-ikromga sazovor qahramon qolgan umrini shohona yashab o‘tkazishi mumkin edi. Biroq, uni osmon o‘ziga chorlar, parvoz maftuni edi.
…1968 yil 28 martda dunyo ommaviy axborot vositalari Yuriy Gagarinning sinov-mashq parvozi chog‘ida fojiali halok bo‘lganini xabar qildi. O‘sha mudhish kundan bir kun avval 27 mart kuni Gagarin va Harbiy Havo kuchlari instruktori, polkovnik Seryogin MiG-15 UTI qiruvchi samolyotida o‘qish-sinov mashqini bajarishlari lozim edi. Parvozdan 13 daqiqa o‘tgach, Gagarin Yerga ko‘zda tutilgan mashq-sinovlar bajarilgani haqida xabar berib, bazaga qaytishga ruxsat so‘radi. Ekipaj efirga boshqa chiqmadi. Samolyot halokatga uchragandi. Samolyot parchalarini qidiruvchi guruh Kirjacha shaharchasi yaqinida dahshatli fojianing guvohi bo‘ldilar. Gagarin va Seryoginning jasadlari tilka-pora bo‘lib parchalanib ketgandi.
Halokatning ertasi kuni hukumat maxsus komissiyasi fojiani o‘rganib shunday xulosaga keldi: «MIG-15» halokatiga atmosfera yuqori qatlamiga chiqarilgan havo shari - zond sabab bo‘lgan. Unga duch kelgan samolyot to‘qnashib ketmaslik uchun keskin burilgan va boshqaruvni yo‘qotib qulab tushgan…».
Komissiya xulosasida havo shari kimga tegishli, taqiqlangan zonaga kim uchirgan, lom-mim deyilmagandi.
Mustaqil ekspertlar komissiyasi a’zolari Arseniy Mironov va kosmonavt Aleksey Leonov, general-leytenant Sergey Beloserpovlarning fikri esa boshqacha.
2013 yil. A.Leonov: «Gagarin uchayotgan hududda boshqa - «SU-15» havo laynerining yangi turi 10 ming metr balandlikda parvoz qilgan. Ammo uning uchuvchisi parvoz rejimini buzib, 500 metr masofada uchgan. Gagarin boshqarayotgan samolyot unga 10-15 metr yaqinlashgan va uning ortida paydo bo‘lgan uyurma havo girdobga tushib boshqaruvni yo‘qotgan va tumshug‘i bilan pastga qulagan».
A.Mironov: «Gagarin va Seryogin boshqaruvidagi «MIG-15» uchuvchi Andreyevning «SU-15» samolyoti bilan to‘qnashish xavfi paydo bo‘lgach, uning oldini olish jarayonida halokatga uchragan».
General Beloserpov ham shunday fikrni bildirgan. Savol tug‘iladi: o‘quv-mashq parvozlari amalga oshirilayotganda ushbu zonada boshqa har qanday parvozlar taqiqlanganiga qaramay, nega havo shari, «SU-15» samolyoti havoda bo‘lgan? O‘tgan davr mobaynida olib borilgan turli tekshiruvlar xulosasida bu savolga hamon javob yo‘q.
Gagarin va Seryogin qahramonlar sifatida yuksak izzat-ikrom bilan dafn etildi. Stalinning dafn marosimidan keyin mamlakatda bunday motam marosimi o‘tkazilmagan edi. Mitingda halok bo‘lganlarning safdoshlari, davlat rahbarlari qahramonlarning jasorati va xizmatlari xalq qalbida mangu yashashini ta’kidladilar. Qahramonlar xoki solingan quti Kreml devorlari orasidan joy oldi va ism-shariflari, tug‘ilgan, halok bo‘lgan yil sanalari bitilgan marmar lavha qopqoq bilan yopildi. Insoniyat tarixida birinchi marta koinotga parvoz qilgan inson yulduzi shu tariqa so‘ndi.
«Tayni SSSR» jurnalining 2016 yildagi 12-sonidan Shokirjon ShERALIYeV tarjimasi.