Inspeksiya uy-joy fondidan foydalanish masalalarini nazorat qilyaptimi?
Bugun mamlakatimizning aksariyat hududlarida ko‘p qavatli turar joy binolari barpo etilayotgani ko‘p xonadonli uy-joy fondini boshqarish, ularda istiqomat qiluvchi aholi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishda yuklamalarni yuzaga keltirmoqda. Tabiiyki, bu holat sohada kamchilik va muammolarning kelib chiqishiga sabab bo‘layotir.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi viloyat hududiy inspeksiyasi inspektori Samandar Ismatov bilan suhbatimiz shu kabi masalalar xususida bo‘ldi.
– Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi Prezidentimizning 2017 yil 18 apreldagi “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tashkil etilgan. Davlatimiz rahbarining o‘sha yil 19 apreldagi “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror bilan inspeksiyaga ko‘p xonadonli uy-joy fondini, unga tutash hududlarni saqlash va undan foydalanish qoidalariga rioya etish, ko‘chmas mulk egalarining binolarni o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishiga yo‘l qo‘ymaslik, umumiy foydalaniladigan joylar, fasadlar, uylarning ichki muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini ta’mirlash-tiklash ishlarini tizimli o‘tkazish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish vazifalari yuklatilgan. Shuningdek, inspeksiya uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi tashkilotlari tomonidan tegishli kommunal xizmatlar ko‘rsatishda texnik tartibga solish bo‘yicha me’yoriy hujjatlar talablariga rioya etilishini, ko‘p xonadonli uylarda ko‘chmas mulk egalarining mukammal ta’mirlash ishlarini bajarish uchun ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli foydalanishni ham nazorat qiladi.
Bugungi kunda inspeksiya o‘ziga berilgan vakolatlar doirasida ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlab turish va ulardan foydalanish sohasida vakolatli organ sifatida to‘liq shakllantirilib, respublikamizning barcha hududlarida faoliyat yuritmoqda.
– Keyingi paytda “an’anaga” aylangan - ayrim tadbirkorlar va aholining shaharsozlik va qurilish qoidalariga zid ravishda, o‘zboshimchalik bilan turar joy konstruksiyalarini o‘zgartirayotganidan inspeksiya qay darajada xabardor?
– Albatta, inspeksiya shaharsozlik va qurilish qoidalariga zid ravishda o‘zboshimchalik bilan turar joylarning konstruksiyalariga o‘zgartirish kiritish orqali ularning tabiiy ofatlarga bardosh bera olmaydigan ahvolgacha olib kelinishiga sabab bo‘layotgan huquqbuzarliklarni, shu jumladan, fuqarolarimizning xavfsiz yashashiga rahna soladigan darajada noqonuniy qurilmalarni aniqlab, ularni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rmoqda.
Jumladan, inspeksiya tomonidan o‘tgan yil 157 ta uy-joy fondining texnik xavfsizlik holatlari o‘rganilishi natijasida 190 ta ko‘chmas mulk egalarining uyga tutash hududlarda noqonuniy qurilmalar barpo etganligi, ko‘p xonadonli uylardagi 644 ta boloxona ayvoni (balkon) o‘zboshimchalik bilan o‘rab olinganligi, 232 ta uyning fasadidan noqonuniy eshiklar ochilganligi, 14 ta uydagi xonadonning ichki qismi o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirilgani, 20 ta umumiy foydalanishda bo‘lgan hududlar to‘sib olinganligi, uylarga tutash 2004 kvadrat metr yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallangani va 53 ta boshqa turdagi qoidabuzarliklar aniqlandi. Ushbu qonunbuzilish holatlarining aksariyati joyida bartaraf etilib, 83 nafar mulkdorlarga majburiy ko‘rsatmalar tarqatildi, 56 holatdagi kamchiliklar bartaraf etildi, 27 holatda noqonuniy qurilmalar uchun mulkdorlarga nisbatan hujjatlar rasmiylashtirilib, sudlarga taqdim etildi.
Yigirma yetti nafar aybdor shaxsga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llashga oid sudlarga kiritilgan materiallar bo‘yicha aybdorlarga 7 milliard 359 million so‘mlik jarimalar qo‘llanildi. O‘zboshimchalik bilan barpo etilgan binolar buzdirilib va inshootlar o‘rni obodonlashtirildi.
– Aholi ko‘p hollarda uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatidan norozilik bildirishadi. Buning sababi nimalarda deb o‘ylaysiz?
– Iste’molchilar haq. Chunki uy-joy mulkdorlari shirkatlarining majburiy badal va kredit mablag‘laridan maqsadli foydalanishga oid faoliyatida ko‘plab noqonuniy ishlar kuzatilmoqda. O‘rganish natijalariga ko‘ra, shirkatlar 64 ta holatda 349 milliard 65 million so‘mlik mablag‘larni maqsadsiz sarflagan. Shulardan ikkita holatda 259 milliard 87 million so‘m ish hajmiga qo‘shib yozilganligiga oid muammolarni joyida bartaraf etdik. Ikki holatda esa 59,39 million so‘mlik mablag‘lar talon-toroj qilinganiga oid to‘plangan hujjatlar chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborildi.
– Ko‘p qavatli uylarning lift uskunalarida bot-bot nosozliklar uchrayotgani aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotir.
– Darhaqiqat, ko‘p qavatli uylarda liftlardan yillar davomida ta’mirsiz foydalanib kelinayotgani, uskunalarning aksariyati muddatini o‘tab bo‘lgani yoki texnik xizmat ko‘rsatish tizimlarining yo‘lga qo‘yilmagani fuqarolarimizga ana shunday noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda.
Shu kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida 2020 yil 12 iyunda Vazirlar Mahkamasining “2021-2027 yillarda respublikadagi ko‘p kvartirali uylarning lift uskunalarini ta’mirlash va yangilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat ijrosini ta’minlash bo‘yicha inspeksiya tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda ko‘p kvartirali uylardagi mavjud lift uskunalarining texnik holati o‘rganib chiqildi.
Jumladan, Samarqand viloyatidagi 205 ta ko‘p kvartirali uylarda 507 ta lift mavjud bo‘lib, o‘tgan yili ikkita lift qurilmasi almashtirildi. Joriy yilda esa 40 dona lift uskunasini almashtirish rejalashtirilgan.
Abdug‘ofur Sherxolov suhbatlashdi.