Mamlakat taqdiri malakali mutaxassis qo‘lida

Samarqand iqtisodiyot va servis institutida yo‘lga qo‘yilgan tajriba xususida
Ta’limni rivojlantirish va uning sifatini yaxshilash borasida mamlakatimizda keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazasi takomillashdi, talabalarning o‘qishi uchun tashkiliy jihatdan ancha qulaylik va shart-sharoitlar yaratildi.
Oliy ta’lim tizimida xususiy sektorga yo‘l ochib berish asosida davlat monopoliyasiga chek qo‘yilib, taraqqiyot uchun suvdek zarur bo‘lgan raqobat muhiti yaratildi. Berilgan imkoniyatlar tufayli 71 ta xususiy oliygoh va 51 ta xususiy texnikum tashkil etilib, ularda 500 ming nafarga yaqin yoshlar tahsil olmoqda. Buning natijasida mamlakatda oliy ta’lim bilan qamrov 9 foizdan 42 foizga oshdi. Iqtisodiyotda band bo‘lganlar tarkibida oliy ma’lumotli va kasbiy tayyorgarligi bor mutaxassislar ulushi sezilarli darajada ko‘tarildi.
Biroq ta’limdagi bu miqdor ko‘rsatkichlari bilan Yangi O‘zbekiston milliy iqtisodiyotining jahon bozoridagi mavqeini mustahkamlash muammosini hal etib bo‘lmaydi. Oliy ma’lumotli kishilar hozirgidan ko‘p bo‘lgan taqdirda ham jamiyatda “Nima uchun mamlakatimizdagi korxonalarda ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlar jahon bozorida xaridorgir emas?”, “Nima uchun ulkan iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lgan, iqtisodiy resurslarga boy mamlakatning aholisi o‘ziga munosib daromad topish ilinjida begona yurtlarda ish izlab yurishi kerak?”, degan savollar ko‘ndalang turaveradi.
Ushbu hayotiy savollardagi muammolar yechimining yakkayu yagona to‘g‘ri va ishonchli yo‘li – mamlakatda ta’lim sifatini tubdan yaxshilash asosida uni xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarishdir. Faqat sifatli ta’lim orqali jahon bozoriga xaridorgir, raqobatbardosh, ilm-fanga sig‘imkor, innovasion texnologiyalar asosida bunyod etilgan mahsulotlarni eksport qilishga erishish mumkin. Bunday mahsulotni qo‘lida diplomi bor mutaxassis emas, balki ongida, miyasida sifatli, uchqundan ummon yarata oladigan bilimi bor mutaxassislargina ishlab chiqara oladi.
Hozirgi kunda aynan ta’lim sifatining pastligi mamlakat ijtimoiy- iqtisodiy taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Aynan bilim sifatining pastligi oqibatida qimmatbaho va nodir iqtisodiy resurslardan, ayniqsa mehnat resurslaridan foydalanish darajasi ancha past. Ayrim yoshlarimiz oliy o‘quv yurtini bitirib, katta kontrakt to‘lovlari va 4-5 yillik surunkali mehnatlari evaziga olingan diplomlari qo‘llarida bo‘la turib, xorijda oddiy ishchi bo‘lib ishlayotganliklarida aynan ta’lim tizimi aybdor ekanini ta’limning mo‘’jizakor kuchidan, uning bepoyon imkoniyatlaridan ozgina xabardor kishilar juda yaxshi tushunadilar.
Agar biz tayyorlayotgan oliy ma’lumotli mutaxassislar tashqi mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis darajasida malakaga ega bo‘lganlarida edi bundan xalqimiz ikki tomonlama manfaat ko‘radi.
Avvalo, xorijda oliy ma’lumotli mutaxassislarning o‘rtacha oylik maoshi oddiy ishchilarning oylik maoshidan 2-3 marta, ayrim mutaxassisliklar bo‘yicha 10 martagacha va undan ham yuqori. Masalan, Germaniyada maktab o‘qituvchisi bir oyda 3000-5000 yevro atrofida, vrach o‘rtacha 7600 yevro ish haqi oladi, muhandisning o‘rtacha oylik maoshi 34 ming yevrodan boshlanadi.
Xorijga mehnat safariga chiqayotgan migrantlarning, hech bo‘lmaganda, to‘rtdan bir qismi mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida egallagan mutaxassisliklariga mos lavozimlarda ishlashga da’vogarlik qila olganda edi, bu xalqimizga qancha iqtisodiy manfaat, obro‘-izzat keltirardi. Farzandlarini ne-ne umidlar bilan oliy o‘quv yurtlarida o‘qitib, topgan-tutganini kontrakt to‘lovlariga sarflayotgan, kelajakda ularning mo‘l-ko‘lchilikda farovon hayot kechirishini orzu qilayotgan ota-onalar qanchalar baxtiyor bo‘lishlarini anglab yetish uncha qiyin bo‘lmasa kerak. To‘rt yil tahsil olib, yoshligi tufayli xatolarga yo‘l qo‘ygan, mas’uliyatsizlik qilib, zo‘r bilim olish imkoniyatini boy berib qo‘ygan, natijada jahon mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis darajasiga ko‘tarilish baxtiga muyassar bo‘lolmagan, vaqtini sifatsiz bilimga behuda sarflab qo‘yganligiga pushaymon bo‘lib yurgan, hozirgi kunda oddiy ishchi bo‘lib, qora mehnat qilishdan o‘zga chora topolmayotgan yigit-qizlarimiz ruhiyatini qanday davolaymiz?
Xo‘sh, bu muammolar yechimi bormi? Bor! Bu ish boshlab ham yuborildi.
Yangi O‘zbekistonda ta’lim sifatini tubdan oshirishga qaratilgan barcha chora-tadbirlar doirasida Prezident maktablarining tashkil etilishini ana shu ezgu maqsad yo‘lidagi katta tashabbus deyish mumkin. Katta aql bilan uzoqni mo‘ljalga olib amalga oshirilgan ushbu tadbir respublikada ta’lim sifatini tubdan oshirishga tomon qo‘yilgan dadil qadam bo‘ldi. U kelajakda o‘rta ta’limning yuqori sifati hisobidan oliy ta’lim sifatini tubdan yaxshilash muammosini yechishda amaliy samara berishi muqarrar. Lekin u o‘rta maktab o‘quvchilarining juda oz qismini qamrab oladi. Qolgan o‘rta maktablarda ta’lim olayotgan yoshlarimizning taqdiri nima bo‘ladi?
Bizningcha, Prezident maktablarida to‘plangan ilg‘or tajribani keng yoyishimiz, sifatli o‘rta ta’lim berish salohiyatiga ega bo‘lgan maktablar sonini asta-sekin ko‘paytirish va pirovard natijada, barcha maktab o‘quvchilari uchun sifatli o‘rta ta’lim olish imkoniyatini yaratish zarur. O‘shanda ta’limda mantiqiy jihatdan mukammal ta’lim tizimi shakllanadi.
Shu o‘rinda institutimizda ta’lim sifatini tubdan oshirishga qaratilgan yangicha yondashuv jarayoniga to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
Uzoq yillik ilmiy-amaliy izlanishlar, tajriba va urinishlar natijasida institutda ta’lim sifatini tubdan oshirish yuzasidan yangicha yondashuv, yangicha ilmiy-amaliy qarashlar shakllandi, ularni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar boshlab yuborildi.
Ushbu maqsadda institutda dastlab yetakchi profesor-o‘qituvchilar tomonidan ilmiy risola va maqolalar yozildi. Ularda yuksak iqtisodiy tafakkurning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida, inson kundalik hayotida tutgan o‘rni va ahamiyati jonli misollar bilan asoslab berildi. Aholi barcha qatlamlarida, oddiy ishchidan tortib to iqtisodga daxldor mutaxassislar, davlat xizmati xodimlari, yosh boladan tortib ulug‘ yoshdagi keksalarga qadar barcha-barchasi uchun iqtisodiy tafakkur yuritish qobiliyatining muhimligi yoritildi.
Bizningcha, iqtisodiy ong va iqtisodiy tafakkur bir butunning ikkita ajralmas qismi sifatida faqat bir-birini to‘ldirgan holda, o‘zaro uzviy bog‘liqlikda aholining mo‘l-ko‘lchilikda, boy-badavlat va farovon hayot kechirish xususidagi bosh maqsadiga erishishini ta’minlab bera oladi.
Iqtisodiy ong va iqtisodiy tafakkur o‘rtasidagi o‘zaro uyg‘unlikni ta’minlashda ta’lim sohasining, ayniqsa oliy va kasbiy ta’limning o‘rni beqiyos. Biroq hozirgi kunda oliy ta’lim muassasasi bo‘lajak iqtisodchilarga fanda allaqachon ayon bo‘lgan, ko‘p hollarda bugungi hayotdan ortda qolayotgan, siyqasi chiqqan bilimlarni o‘rgatish bilan ovora. Ayni paytda yoshlarni mustaqil, kreativ fikrlashga o‘rgatishdek dolzarb masala o‘quv yurtlari e’tiboridan chetda qolayotir. G‘oya mualliflarining fikricha, bo‘lajak iqtisodchilarni fanda ayon iqtisodiy bilimlar bilan qurollantirish ularda mustaqil fikrlash qobiliyatini shakllantirish va rivojlantirish uchun asos, uning muhim vositasi, fanda va amaliyotda hali noma’lum bilim va g‘oyalarni yaratishga turtki beruvchi ishonchli qurol bo‘lib xizmat qilmog‘i lozim. Ushbu maqsadga erishish uchun bo‘lajak mutaxassislarda fanda mavjud bilimlarni o‘rganish, o‘zlashtirish, ularni tahlil qilish, qayta ishlash asosida yangi bilimlarni ixtiro qilish malakasini shakllantirish mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish zarur.
Institutda o‘quv jarayoniga tatbiq etilayotgan strategiyaga ko‘ra, talabalarda iqtisodiy fikrlash qobiliyatini shakllantirish ta’lim sifatini oshirish nuqtai nazaridan ijobiy samara bermayotgan, o‘zining amaliy ahamiyatini yo‘qotib borayotgan, bugungi zamon talablariga javob bermayotgan an’anaviy ma’ruza, seminar va amaliy mashg‘ulotlarning mazmunini, ularni amalga oshirish texnologiyalarini qayta ko‘rib chiqish, ijodiy parametr va elementlar bilan boyitish, sifat nuqtai nazaridan takomillashtirish kerak.
G‘oyaning xulosasi shuki, tobora globallashib borayotgan va ishlab chiqarish kuchlari shiddat bilan rivojlanayotgan hamda murakkablashib borayotgan hozirgi zamonda turli tuman axborot manbalaridan jamlangan bilim zaxiralari (u qanchalik ko‘p bo‘lishidan qat’i nazar) kundalik hayot iqtisodchi oldiga ko‘ndalang qo‘yishi mumkin bo‘lgan, aniqrog‘i, muqarrar bo‘lgan, murakkab vazifalarni bajarish imkonini bermaydi.
Xususiy ta’lim muassasalariga yo‘l ochib berish asosida yigit-qizlarimizga oliy o‘quv yurtiga test sinovlarisiz kirish orqali yaratilgan imkoniyat yoshlarimizning ta’lim sifatiga nisbatan bo‘lgan mas’uliyatini sezilarli darajada pasaytirib yubordi. Buning ustiga, oliy ta’lim sohasida raqobat muhitining yaratilishi natijasida ta’lim sifatini davr talablari darajasiga ko‘tarish, jahon mehnat bozorida raqobatbardoshlik qilish darajasida mukammal bilimga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlashda jiddiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmayapti.
Xo‘sh, biz institutda yangi jarayonni joriy etishda nimalarga erisha oldik?
Darvoqe, talabalarda iqtisodiy tafakkur qobiliyatini shakllantirish va rivojlantirish muammosini yechish uch bosqichda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
BIRINChI BOSQICh – talabalarga iqtisodiy bilimdonlikdan iqtisodiy fikrlash madaniyatiga o‘tishning zarurligini, amaliy ahamiyatini tushuntirish, ongiga singdirish asosida bo‘lajak iqtisodchilarda mustaqil fikrlashga katta qiziqish uyg‘otish.
IKKINChI BOSQICh – talabalarning iqtisodiy tafakkurini rivojlantirish mexanizm va vositalarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish.
UChINChI BOSQICh – talabalarning iqtisodiy tafakkurini baholash, uning ijobiy natijalarini turli (moddiy, ma’naviy va hokazo) vositalar yordamida rag‘batlantirish va ayni paytda salbiy natijalari uchun mas’uliyatini oshirish mexanizmlarini joriy etish.
Yuqorida qayd etilgan vazifalarni bajarish maqsadida “Iqtisodiy tafakkur va taraqqiyot” ilmiy maktabi yaratildi. Uning tarkibiga institutning yetakchi professor-o‘qituvchilari kiritildi, maktabning maqsadi, vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari aniqlandi.
Talabalarga bor bilimlarni o‘rgatish bilangina cheklanib qolmasdan, balki ularga tayangan holda, yangi bilimlarni yaratishga, ya’ni ijodiy fikrlashga o‘rgatish – ilmiy maktabning bosh maqsadi etib belgilandi. Ilmiy maktab faoliyat yuritishi uchun maxsus xona ajratildi.
Rektorat tashabbusi bilan institut qoshidagi matbuot xizmati tuzilmasi va iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi tomonidan tashkil etilgan “Iqtisodiy tafakkur” telegram kanali yordamida yoshlarning iqtisodiy tafakkurini rivojlantirish g‘oyasiga oid targ‘ibot ishlari yo‘lga qo‘yildi. Talabalarda iqtisodiy tafakkurni rivojlantirish talablaridan kelib chiqqan holda “Iqtisodiyot nazariyasi” fanidan sifat jihatidan yangi darslik yaratilib, unda har bir mavzu bo‘yicha 5-6 tadan intellektual treninglar ishlab chiqildi va darslik matniga joylashtirildi. Bu darsliklar yaratish amaliyotida batamom yangi yo‘nalish bo‘lib, u talabaning kreativ tafakkurini rivojlantirish g‘oyasini amalga oshirishni ko‘zda tutadi.
Hozirgi kunda institutda ma’ruza, seminar va amaliy mashg‘ulotlarning an’anaviy, ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan eski usul va texnologiyalarini takomillashtirish, ularni bo‘lajak iqtisodchilarning kreativ qobiliyati va mantiqiy tafakkurini rivojlantirishning asosiy vositalariga aylantirish borasida ilmiy izlanishlar olib borilyapti. Talaba vaqt byudjetida nazarda tutilgan mustaqil dars soatlarini fanda allaqachon ma’lum bo‘lgan fikr va g‘oyalarni o‘rganishga sarflashi, dars jarayonida esa o‘qituvchining bevosita ishtirokida ularni yanada mustahkamlashi, chuqurlashtirishi, ularni ijodiy tahlil qilishi, tafakkur yuritishi, o‘qituvchi tomonidan uyushtirilgan qizg‘in muhokamalarda faol ishtirok etishi asosida yangi fikr va g‘oyalarni yaratish bilan faol shug‘ullanishi lozim.
Institut rahbariyati tomonidan o‘z ixtiyoridagi kollejlardan biri bazasida yuqori sinf (9-11 sinflar) o‘quvchilari uchun litsey-internat tashkil qilish masalasi o‘rganilmoqda. Unga tanlov asosida mustaqil fikrlashga tug‘ma qobiliyati mavjud, iste’dodli yigit-qizlar o‘qishga qabul qilinadi. Internatda institut tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan o‘quv dasturlarini qo‘llash asosida maktabda o‘qish jarayonida o‘quvchilarning iqtisodiy masalalarda mustaqil fikrlash qobiliyatini shakllantirish, kreativ tafakkurini rivojlantirish strategiyasi amalga oshiriladi. Bu yoshlarimizda mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish ishlarini ancha oldin, ya’ni o‘rta maktabda boshlash va shu tufayli kelajakda zamon talablari darajasidagi kuchli iqtisodchi bo‘lib yetishish imkonini yaratadi.
Texnologik jarayon doimo va muttasil yangilanib boradi. Demak, uni davom ettirish hamisha yetishib kelayotgan avloddan o‘z ajdodlaridan ham kuchliroq bo‘lishni talab etadi. Binobarin, O‘zbekistonning yangi strategiyasida bu vazifa davlatimiz rahbari tomonidan oldimizga juda aniq va ravshan qilib qo‘yilgan.
Xulosa qilib aytganda, iqtisodiy tafakkur bugungi globallashuv davrida ommaviy tushunchaga aylanishi zaruriyati paydo bo‘ldi. Demoqchimizki, qaysi kasb egasi yoki qaysi darajada ishlashimizdan qat’iy nazar, har birimiz reja va ishlarga iqtisodiy tafakkur nuqtai nazaridan yondashsak, xalq tili bilan aytganda "birimiz ikki bo‘ladi". Zamonaviy, malakali mutaxassislarimiz esa O‘zbekistonning o‘zidagi resurslardan oqilona foydalanish, ulardan katta daromad olish malakasini o‘zlashtiradilar. Shu asnoda hayotimizdagi boshqa muammolar o‘z o‘zidan yechim topadi.
Mulohaza va dastlabki tajribalarimiz yuzasidan nafaqat olimlar, barcha ziyolilar va mutaxassislarning ham fikrini bilishni istab qolamiz.
Murod MUHAMMEDOV,
Mamayunus PARDAYeV,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professorlari, iqtisod fanlari doktorlari.
***
P/s: Hurmatli kanalimiz obunachilari!
Samarqand iqtisodiyot va servis institutida keyingi yillarda barchamiz uchun o‘ta muhim bo‘lgan mavzu – oliy ta’limni rivojlantirish va uning sifatini oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlar, diqqatga sazovor chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Institut yetakchi professor-o‘qituvchilari tomonidan ushbu dolzarb masalada tayyorlangan maqolani hukmingizga havola qilishni maqsadga muvofiq, deb topdik. O‘ylaymizki, oliy ta’lim sifati barchamiz uchun muhim va dolzarb. Unga hech kim befarq, oddiy kuzatuvchi bo‘lib turolmaydi. Maqolada bildirilgan takliflar va masalalar muhokamasida faol ishtirok etib, o‘zingizning maslahatlaringiz, foydali fikr-mulohazalaringiz bilan, muammoning to‘g‘ri, amaliy natija beradigan yechimlarini topishda munosib hissangizni qo‘shasiz, degan umiddamiz.