Institut talabalari Vonkvang universitetida o‘qiydi

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutiga Janubiy Koreyaning Vonkvang universiteti xalqaro masalalar bo‘yicha mas’ul vakili, professor Kang Yeon Seok boshchiligidagi delegatsiya keldi.

Uchrashuvda institut rektori, professor Shavkat Hasanov mehmonlarga institut faoliyati, yaratilgan sharoitlar, Janubiy Koreya bilan hamkorlikdagi loyihalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Delegatsiya rahbari ham o‘z oliygohi haqida taqdimot qildi. Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Vonkvang universiteti Janubiy Koreyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, Iksan shahrida joylashgan. Universitet 1946 yilda tashkil etilgan va bugungi kunda ilg‘or va keng qamrovli tadqiqotlar olib borish uchun zarur bo‘lgan laboratoriyalarga ega. Mazkur universitetda qishloq xo‘jaligi, xususan, oziq-ovqat, dorivor o‘simliklar bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish imkoni mavjud.

Uchrashuvda tomonlar o‘rtasida istiqboldagi hamkorlik rejalar muhokama qilindi va o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Kelishuvga binoan, dastlabki bosqichda intitutdagi bakalavriat bosqich talabalarning bir qismi Vonkvang universitetida o‘qitiladi, keyingi bosqichlarda esa magistratura va doktoranturada o‘qiyotgan talaba va tadqiqotchilar uchun stajirovkalar tashkil qilinishi belgilandi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutining xalqaro darajadagi hamkorlari soni yildan yilga ko‘payib bormoqda. Bularning barchasi institutda yangi ilmiy loyihalar yo‘lga qo‘yilishiga, ta’lim sifatining oshishi, unda xalqaro tajribalar asosida yangicha yondashuvlarning joriy etilishiga, professor-o‘qituvchilarning xorijiy stajirovkalar orqali malakalarining oshishiga xizmat qilmoqda.

SamATI axborot xizmati.