Institutning ilk bitiruvchilariga diplom topshirildi

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida bakalavr bosqichini tamomlagan ilk bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

- Bugun institutni bitirayotgan talablarning hayotida muhim kun, ularga mutaxassislik diplomlari berilyapti, - dedi institut rektori Shavkat Hasanov. - Ushbu diplom bilan vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilib, o‘z bilim va iqtidorini tanlagan kasbiga bag‘ishlashi, o‘z kasbi ortidan baxt topish imkoni taqdim qilinyapti. Intiling, faqat oldinga qadam bosing, hech qachon ortga chekinmang, aniq maqsadlar bilan yashang. 5-10 yildan keyin o‘zingizni hayotda kim sifatida va qayerda ko‘rishingizni bugundan tasavvur qila oling.  O‘z ustingizda ishlashdan hech qachon to‘xtamang.

O‘z navbatida bitiruvchilar va ularning ota-onalari ham ustozlarga samimiy tilaklarini bildirdi. Shundan so‘ng 4 yillik o‘qish davrida namunali xulqi, ilmga chanqoqligi, a’lo baholarga o‘qishi, jamoat ishlarida faolligi bilan har tomonlama ajralib turgan bitiruvchilarning ota-onalariga institut rektorining tashakkurnomalari topshirildi.

Tadbirda talabalarning erishgan yutuqlari haqida gapirildi. Masalan, bitiruvchilarning 1 nafari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi sohibi, 1 nafari  Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldi.

Shuningdek, o‘qish davomida talabalarning 75 nafari Germaniya, 10 nafari Angliyaga 3-6 oylik muddatga haq to‘lanadigan xorijiy stajirovkalarga yuborildi.

Rahimjon Norjigitov.