Endi mualliflik huquqi ob’yektlari nusxalari elektron yagona bazada saqlanadi
Inson huquqlarining asosiy va tarkibiy qismlaridan sanalgan intellektual mulk natijalariga bo‘lgan huquqlarni muhofaza qilish va himoyasini kuchaytirish davlatimiz huquqiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu bois, intellektual mulk mualliflarining huquqlarini hech bir to‘siqsiz himoya qilishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish, ularning huquq va qonuniy manfaaatlarini ro‘yobga chiqarish, bunda adliya organlarining ishtirokini ta’minlash asosiy vazifalardan bo‘lib turgan edi.
Intellektual mulkning huquqiy himoyasi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishda tizim imkoniyatlaridan oqilona foydalanish, ushbu sohalarda muvofiqlashgan faoliyatni ta’minlash hamda mavjud ma’muriy tuzilmalarning yaxlit vertikal boshqaruvini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 17 martda “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan Adliya vazirligi zimmasiga quyidagi yangi, qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:
- intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish hamda ixtirolar, tovar belgilari, mualliflik huquqi va boshqa intellektual mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish;
- ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari va boshqa intellektual mulk ob’yektlarini huquqiy muhofaza qilish.
Adliya vazirligi intellektual mulk (intellektual mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqlarni muhofaza va himoya qilish) sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi hamda Butunjahon intellektual mulk tashkiloti va intellektual mulk sohasidagi boshqa xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasini ifodalovchi vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
2023 yil 1 apreldan boshlab quyidagicha tartiblar joriy etiladigan bo‘ldi:
- mualliflik huquqi ob’yektlarining elektron nazorat nusxalari majburiy tartibda mualliflik huquqi ob’yektlarining yagona bazasida (Yagona baza) saqlanadi;
- “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi Yagona bazani yuritish, texnik ta’minlash hamda mualliflik huquqi ob’yektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazaga kiritish jarayonini muvofiqlashtirish bo‘yicha mas’ul-operator etib belgilanadi;
- ob’yektning elektron nazorat nusxalari Yagona bazaga mualliflik huquqi ob’yektlarini saqlash faoliyatini amalga oshiruvchilar (depozitariylar) tomonidan joylashtiriladi;
mualliflik huquqi ob’yektlarini saqlash faoliyatini amalga oshiruvchilar (depozitariylar) tomonidan ob’yektning elektron nazorat nusxalari Yagona bazaga kiritilgandan so‘ng, uning saqlovga qabul qilinganligi to‘g‘risida hujjat taqdim qilinadi.
Qabul qilingan mazkur hujjat intellektual mulk huquqini himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish, intellektual mulk ob’yektlari yaratilishini rag‘batlantirish va ularning tijoratlashtirilishi, ya’ni ishlab chiqarishga qo‘llanishi, respublikamizning jahon xo‘jaligida munosib o‘rin egallashi yo‘lida qo‘yilgan dadil qadamlardan sanaladi.
Gulnora Xudoyberdiyeva,
Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti,
yuridik fanlar nomzodi.