Intellektual mulk egalari huquqi himoyasizligi ilmiy texnika taraqqiyotiga jiddiy zarar yetkazadi

Bugun xalqaro intellektual mulk kuni. Shu bois mazkur mavzu, aniqrog‘i, uning huquqiy jihati haqida fikr yuritmoqni lozim topdim.

Xo‘sh, intellektual mulk huquqi nima? Bu - intellektual (aqliy) faoliyat natijasiga tegishli huquq. Mulk egasi ana shu intellektual mulk ob’yektlaridan o‘z xohishiga ko‘ra, har qanday shaklda va har qanday usulda mutlaq qonuniy foydalanish huquqiga egadir.

Intellektual mulkning huquqiy asoslari Fuqarolik kodeksida mustahkamlangan. Ya’ni, kodeksning 19-65-boblarida ixtiro, foydali model, sanoat namunalariga bo‘lgan huquq, o‘simliklar yangi navlari va hayvonlarning yangi zotlariga bo‘lgan huquq, mualliflik huquqi, turdosh huquqlar, oshkor etilmagan axborotni noqonuniy foydalanishdan muhofaza qilish, fuqarolik muomalasi qatnashchilari, tovarlar, ishlar va xizmatlarni shaxsiylashtirish vositalarini muhofaza qilish belgilangan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, intellektual mulkka nisbatan bo‘lgan huquqlarni buzish oqibatida tayyorlangan va tarqatilgan nusxalar soxtalashtirilgan (kontrafakt) nusxalar deb tan olinadi. Soxtalashtirilgan nusxalar deb, shunday asar va fonogrammalar yoki qo‘riqlanishi to‘xtatilgan davlatlardan mualliflik va turdosh huquqlar egalarining roziligisiz respublikada qo‘riqlanadigan asar va fonogramma (yozuv) nusxalari tushuniladi. Intellektual mulk ob’yeklaridan ana shunday g‘ayriqonuniy usullarda foydalanish natijasida fuqaroviy, ma’muriy va jinoiy javobgarlik kelib chiqadi.

Fuqarolik kodeksining 1040-moddasida intellektual mulkni fuqarolik huquqlarini himoya qilinishining umumiy usullari bilan himoya qilinishi mumkinligi havola qilinadi. Shuningdek, intellektual mulkni himoya qilishning maxsus usullari belgilab qo‘yilgan. Huquqbuzar o‘zining g‘ayriqonuniy harakatlari natijasida ma’muriy javobgarlikka tortilsa, bir vaqtning o‘zida unga shu huquqbuzarlik natijasida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni to‘lashi uchun fuqarolik javobgarligi qo‘llaniladi.

2019 yil 3 dekabr kuni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-moddasi (O‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish) yangi tahrirda qabul qilindi. Mazkur kodeksning 177-(1)-moddasi (Mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish), 177-(2)-modda (Ixtiroga, foydali modelga va sanoat namunasiga bo‘lgan huquqlarni buzish) nomli yangi moddalar bilan to‘ldirildi.

Mazkur moddalarda tegishli patentlangan ixtironi, foydali modelni, sanoat namunasini o‘z ichiga olgan mahsulot yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, qo‘llash, import qilish, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yo‘sinda kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish, shuningdek ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulni qo‘llash yoxud bevosita ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usul bilan tayyorlangan mahsulotni fuqarolik muomalasiga kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish huquqbuzarlik sifatida e’tirof etildi.

Bundan ko‘rinadiki, intellektual mulk - davlat himoyasida. Bu bejiz ham emas. Chunki intellektual mulk egalari huquqi himoya qilinmasa, mamlakatda ilmiy texnika taraqqiyoti rivojlanishiga-da jiddiy zarar yetadi.

Zafar Toshev,

Toshkent davlat yuridik universiteti 4-kurs talabasi.