Intellektual mulk. Unga boylik deb qarash kerak
Bugungi kunda O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ilm-fan sohasida erishilayotgan ulkan kashfiyotlar va ularning ishlab chiqarishga keng miqyosida joriy qilinishi olimlarning ijtimoiy va iqtisodiy hayotdagi rolini kuchaytirmoqda.
Xususan, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatiga, jamiyat taraqqiyotiga muhim ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonda intellektual mulk ob’yektlari - ixtirolar, sanoat namunalari, foydali modellar va boshqalarni huquqiy muhofazaga olish hamda ularni tijoratlashtirish bilan jamiyatning intellektual salohiyatini oshirish muhim o‘rin egallaydi.
Shuning uchun O‘zbekiston 1991 yilda 190 ta davlatni birlashtirgan Butun jahon intellektual mulk tashkilotining mutloq a’zosi bo‘lib qabul qilindi. 1993 yildan sanoat mulkini muhofaza qilish Parij konvensiyasiga qo‘shildi.
Ma’lumki, intellektual mulkning asosiy manbai bo‘lib insonning ilmiy-tadqiqot faoliyati, inson yashab turgan jamiyatning bu faoliyatga, ayniqsa, bilimiga, ilmiga, umuman, fanga, texnikaviy rivojlanishga bo‘lgan munosabati, mamlakatning ilmiy va texnologik salohiyati hisoblanadi. Hozirgi vaqtda intellektual mulkning yaratilishi va huquqiy muhofazasi bo‘yicha ishlarning tashkillashtirish dunyo mamlakatlarida muhim davlat ishlari sifatida olib boriladi. Chunki, har qanday mamlakatning rivojlanish darajasi, undagi intellektual mulk bo‘yicha ishlar qanday darajada olib borilishiga, uning yangi texnika-texnologiyalar yaratilishiga, jamiyat va tabiat qonunlarini o‘rganib, hayotga tadbiq etganligiga bog‘liq. Shuning uchun yer yuzidagi minglab ilmiy muassasa va korxonalarda, muntazam ravishda millionlab ilmiy tadqiqot natijalari olinib, tahlil etilib, inson hayoti - amaliyotiga tadbiq etib bashariyat sivilizatsiyasining rivojlanishiga hissa qo‘shib kelmoqda.
Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi, intellektual mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqlarni muhofaza va himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Intellektual mulk sohasini rivojlantirish mamlakatimizning jahon integratsiyasidagi asosiy omil ekanligidan kelib chiqib, intellektual mulk ob’yektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 yanvarda «Intellektual mulk ob’yektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinib, ushbu qaror bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Intellektual mulk himoyasi markazlari tashkil etildi.
Markazlarning asosiy vazifalari etib, joylarda kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish va ularning muomalasiga, shuningdek, intellektual mulk huquqlarining buzilishiga qarshi tizimli va samarali kurashishda bevosita ishtirok etish, xususan, ogohlantiruv va taqdimnomalar kiritish, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalarni tuzish, joylarda intellektual mulk ob’yektlarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi bilan bog‘liq faoliyatga ko‘maklashish, intellektual mulk sohasidagi huquqni qo‘llash amaliyotini izchil va bir xilda ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, jamiyatda intellektual mulkka nisbatan huquqiy madaniyatni oshirish va hurmat hissini shakllantirish maqsadida intellektual mulk huquqlari bo‘yicha qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng ommaga yetkazish belgilandi.
Ushbu qaror bilan tasdiqlangan Yo‘l xaritasining 19-bandiga muvofiq Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi, Davlat soliq qo‘mitasi va boshqa tegishli vazirlik, idoralarga har yili bir marta 15 fevraldan 15 martgacha respublika bo‘ylab kontrafakt mahsulotlarini realizatsiyasiga qarshi real samarali kurashishni ko‘zda tutuvchi hamda targ‘ibot-tashviqot ruhi bilan sug‘orilgan “Kontrafaktsiz oy” oyligini o‘tkazish belgilangan.
Kontrafakt nusxalarni ko‘paytirganlik uchun Jinoiy va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda javobgarlik belgilangani, shuningdek, huquqbuzarning qonunni buzganligi uchun moddiy zararni qoplashi, yaratilgan intellektual mulk ob’yekti va muallif mehnatini qadrlash, mualliflarning o‘z mehnati uchun munosib haq olishiga erishish, adabiy-badiiy asarlarning kontrafakt aylanmasiga qarshi samarali kurashish to‘g‘risida Samarqand viloyat Intellektual mulk himoyasi markazi tomonidan keng tushuntirish ishlarini olib borilyapti.
Hasan Uzoqov,
Samarqand viloyat intellektual mulk himoyasi markazi yetakchi mutaxassisi.