Internet texnologiyalari: ishonchlilik, xavfsizlik masalalarini ham unutmaslik kerak

Shubhasiz, XXI asr texnologiya asri. Chunki zamonaviy texnologiyalar insonlarga yordam berayapti. Uy yumushlaridan tortib, ta’lim sohasida, hatto jarrohlik operatsiyalarida ham ularning imkoniyatlaridan foydalanyapmiz.
Internet orqali har qanday sohada, ilm-fanda, texnologiya, tibbiyotda eng so‘nggi ma’lumotlarni tezda topish mumkin. Ayniqsa, bu yangi bilimlarni o‘zlashtirishda juda asqotyapti. Buning uchun yurtimizda onlayn platformalar ko‘paydiki, ular hukumat darajasida qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Jumladan, “Ibrat farzandlari” ta’lim platformasidan foydalanib, yoshlar ko‘plab ta’lim resurslari, onlayn kurslar yordamida chet tillarini bepul, sodda va kreativ usullarda o‘rganishyapti. Mazkur loyiha doirasida 13 ta til bo‘yicha 22 turdagi tizimli va noldan boshlangan darslar majmuasi ishlab chiqilgan. Loyiha barchaga teng ravishda, istalgan joyda, istalgan vaqtda beminnat til o‘rganish imkonini bermoqda.
Shuningdek, internet orqali maqolalar olish, o‘qish va ilmiy-tadqiqotlar qilish uchun ham imkoniyatlar kengaydi. Masalan, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi (www.natlib.uz), O‘zbekiston Matbuot va axborot Agentligi (www.uza.uz), Academia.edu, Google Scholar (scholar.google.com), Sahifa.uz, Uzbekistan24.uz kabi platformalarda, ijtimoiy tarmoqlarda, bloglarda va turli onlayn jurnallarda ham O‘zbekistondagi va xalqaro miqyosdagi maqolalarni o‘qish mumkin.
Texnologiyalar masofaviy ta’limni amalga oshirish imkonini beryapti. Bu esa bugun turli yoshdagi va geografik joylashuvdagi odamlarga ta’lim berishning muhim qismiga aylanib, o‘qish, o‘qitish va o‘rganish usullarini zamonaviylashtirmoqda. Hozirgi kunda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti kabi oliygohlar o‘z talabalariga onlayn ta’limni taklif etyapti. Shuningdek, Edu.uz, ZiyoNet, Ilm.uz, Coursera, edX, Udemy, Khan Academy kabi platformalar o‘quvlarni onlayn tashkil qilyapti. Natijada internet va texnologiyalar orqali turli sohalarda muloqot o‘rnatish va ma’lumot almashish osonlashmoqda.
Aynan shu omillar sabab, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 7 mingdan ortiq sog‘liqni saqlash, maktab va maktabga ta’lim muassasalari yuqori tezlikdagi internetga ulandi. Keyingi ikki yilda 12 mingta muassasa tezkor internetga ulanishi rejalashtirilmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, internet texnologiyalar bilim olish, ta’lim olish va kundalik ishlarni samarali bajarish uchun katta imkoniyatlar taqdim etadi. Ammo axborotning ishonchliligi, xavfsizlik muammolari kabi masalalarni hisobga olishimiz ham zarur.
Mohira ZIYaDULLAYeVA,
Nigora O‘ROZOVA,
Samarqand davlat iqtisodiyot va servis instituti
stajyor o‘qituvchilari.