Internet tezligi haqidagi mish-mish va haqiqat
Birinchi dekabr kuni mo‘’jiza yuz bermadi. Qorbobodan sovg‘a kutgan bolakayday aldanib qolmadikmi, degan o‘y bilan internetning "O‘zbektelekom" aksiyadorlik kompaniyasi hududiy bo‘limiga qo‘ng‘iroq qildik. Ular bilan gaplashganimizda bu kabi masalalar Toshkentda hal bo‘lishi, ularning bu vaziyatda ishtiroki yo‘qligini ta’kidlashdi. Shu tariqa "O‘zbektelekom" AKning rasmiy saytiga mo‘ralab ko‘rdik. Rasmiy saytdagi ma’lumotlar avvaliga bizni biroz shoshirib qo‘ydi. Sababi, undagi fikrlar tezlik haqidagi tarqalgan xabarlar asossiz ekanligiga ishora edi.
Keling, saytdagi ma’lumotlardan avval bundan bir necha oy avvalgi voqealarni eslatib o‘tsak. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AKT sohasini rivojlantirishga qaratilgan majlisda internet narxini pasaytirish, tezligini kamida to‘rt baravarga oshirib, 2020 yilga qadar MDHning boshqa mamlakatlari darajasiga yetkazish vazifasini qo‘ygan edi. Joriy yilning 4 aprelida O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri Azim Axmedxo‘jayev "Biz O‘zbekiston internet-kanali tezligini bugungi 160 Gbit /soniyadan kamida 1,2 Tbit/soniyaga yetkazmoqchimiz. Bu tezlik qariyb 10 baravar oshadi degani. Biz ushbu vazifani yil oxiriga qadar bajarishni rejalashtirganmiz, lekin bu undan oldin ham amalga oshishi mumkin, chunki ushbu ishni amalga oshirish uchun barcha kuchlar safarbar qilingan", degan edi. Xo‘sh, oradan shuncha vaqt o‘tib, bu va’da bajarildimi?
Bu savolga yaqinda, ya’ni 30 noyabr kuni "O‘zbektelekom" AKning hisobot yig‘ilishida javob berildi. Uning rasmiy saytida yig‘ilish haqida axborot berilib, unda jumladan quyidagi fikrlar bildirilgan.
"O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘ining bajarilishi maqsadida "O‘zbektelekom" AK xodimlari tomonidan mavjud infratuzilmalarning tizimli tahlili o‘tkazildi, texnik qurilmalarni evolyusion yangilash rejasi batafsil ishlab chiqildi.
"O‘zbektelekom" AK "Xalqaro paketli kommutatsiya markazlari va ma’lumotlar uzatish tarmoqlarini kengaytirish" loyihasi doirasida xalqaro paketli kommutatsiya markazi komplekslari modernizatsiya qilindi va shundan keyin XPKM komplekslarining umumiy o‘tkazish qobiliyati 10 marta: o‘zgartirilgan trafigi 110 Gbit/s.dan 1200 Gbit/s.gacha o‘sdi.
Shu tariqa, XPKM kompleksi umumiy o‘tkazish qobiliyati 10 barobar oshirildi.
"O‘zbektelekom" AK faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri mamlakatimiz operatorlari va provayderlari bilan samarali hamkorlik qilishdir. Yil boshida internet xizmatlarining mintaqaviy bozorini rivojlantirish uchun kompaniya operatorlar va provayderlar uchun internet-kanalida tarifning narxini 3 barobar pasaytirdi:
2018 yil 10 iyulda xalqaro paketli kommutatsiya markaziga ulangan operatorlar va provayderlar uchun tashqi internet-kanal tariflari 1 Mbit/s. narxi 244 958 so‘mdan 169 459 so‘mgacha tushirildi;
2018 yilning dekabr oyida operatorlar va provayderlar uchun 1 Mbit/s. narxi 85 000 so‘mni tashkil etadi.
O‘tkazish qobiliyatini 10 barobar kengaytirish natijasida "O‘zbektelekom" AK operator va provayderlarning barcha arizalarini to‘la hajmda cheklovlarsiz qondira oladi. Har bir operator va provayderlar o‘z xizmatlari uchun narxlarni o‘zlari mustaqil ravishda belgilashlarini ta’kidlab o‘tamiz. Tezlik masalasiga kelsak, u muayyan provayder yoki operator tarmog‘ining texnologiyalari va texnik imkoniyatlariga bog‘liq.
Bugungi kunda kompaniyani o‘z provayderi sifatida tanlaganlarga "O‘ztelekom" tarif rejalarida e’lon qilingan tezlikni kafolatlaydi. 2018 yil 1 dekabrdan boshlab "O‘ztelekom" yangi kafolatlangan cheksiz tarif rejalarini ishga tushiradi. O‘zbekistonda birinchi marta 2 Mbit/s. tezlikka ega kafolatlangan cheksiz internet narxi oyiga 88 000 so‘mni tashkil etadi, bu oldingi shunday tarif rejadan 2 martadan ortiq arzonroqdir. Bundan tashqari, endi tarif rejalarida "gacha" qo‘shimchasi mavjud bo‘lmaydi, bu tanlab olingan tarif rejasi bo‘yicha tezlikning kafolatlanishini anglatadi. Endi 1Mbit/s.=1Mbit/s. ekanligini anglatadi".
Samarqandlik internet foydalanuvchilar haqiqatan ham arzon internet paketlariga ega bo‘lganini ta’kidlashmoqda. Xususan, ilgari 200 ming so‘m to‘lab internetdan foydalangan iste’molchi bugun xuddi o‘sha hajmdagi internet uchun 88 ming so‘m to‘lamoqda.
Umuman olganda, hisobotdan ham ko‘p gap ma’lum. Demak, internet o‘tkazish tezligi axborot saytlari ovoza qilganidek, 1 dekabrdan emas, yil davomida oshirib borilgan. Yanayam oddiyroq tushuntiradigan bo‘lsak, saytlarga kirish tezligi (internet tezligi tushunchasining o‘zi bir necha xil) qisman, yuqorida ta’kidlanganidek oshgan. U ham bo‘lsa, optik tolali internet foydalanuvchilari uchun. Mis sim orqali tortilgan internet foydalanuvchilari uchun esa yuqori tezlik haqida va’da berish murakkab masala. Hisobotda ta’kidlanganidek, yuqori tezlik sizga xizmat ko‘rsatayotgan provayderlarning texnik imkoniyatlari bilan ham bog‘liq.
Gulruh MO‘MINOVA.