«Investitsiya vizasi» egalariga 10 yillik yashash guvohnomasi beriladi

Prezidentning 2019 yil 17 yanvardagi PF–5635-son farmoni bilan xorijiy investitsiya kiritgan shaxslar uchun «investitsiya vizasi» joriy etilgan bo‘lib, kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq ushbu vizani berish tartibi va u bilan bog‘liq imtiyozlar belgilandi.
Jumladan, investitsiya vizasi ichki ishlar hududiy organlari tomonidan beriladi va uzaytiriladi.
Vizani olish va uzaytirish uchun xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona iltimosnomasi, kiritilgan investitsiya to‘g‘risidagi ma’lumotnomalardan birini ilova qilgan holda belgilangan shakldagi anketa bilan murojaat qilinadi.
Shuningdek, investitsiya vizasiga ega bo‘lgan xorijiy investorlar va ularning oila a’zolari respublika OTMlarida o‘qish davrida O‘zbekiston fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda stipendiya hamda oliy ta’limdan keyingi ta’limni olishga haqlidir.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, 3 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritgan chet el fuqarosiga 10 yil muddatga O‘zbekistonda yashash guvohnomasi beriladi (ilgari barcha chet el fuqarolari uchun 5 yil muddatga berilgan).