Iqlim o‘zgarishining ish jarayoni, xodimlar faoliyatiga ta’siri bormi?

Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida 28 aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan “Iqlim o‘zgarishining mehnat munosabatlariga ta’siri va ularning innovatsion yechimlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimining o‘rinbosari X.To‘xtayev, viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi vakillari, Belarus, Turkiya, Pokiston, Qozog‘iston kabi davlatlari va respublikamizdagi 9 ta oliy o‘quv yurtlarining olimlari, sohaga aloqador tashkilotlar, shuningdek, ishlab chiqarish korxonalaridagi mehnat muhofazasi yetakchi mutaxassis xodimlari ishtirok etdi.
Anjumanda so‘zga chiqqanlar hamjamiyat e’tibori ish joylarida sodir bo‘layotgan oqibati og‘ir va yengil, shuningdek, o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisalarning, kasb kasalliklarining oldini olishga qaratilayotganligini ta’kidladi.
- Hozirgi kunda o‘zgaruvchan ob-havo sharoiti mehnat sohasiga, ayniqsa, xodimlar xavfsizligi va sog‘lig‘iga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi, - dedi SamDAQU mehnat muhofazasi va salomatlik muhandisligi kafedrasi mudiri Zikrilla Yasakov. - Iqlim o‘zgarishi sababli kasbiy xavf-xatarlarga issiqlik stressi, ultrabinafsha nurlanish, havoning ifloslanishi, yirik sanoatdagi avariya holatlari, ekstremal ob-havo hodisalari, transmissiv kasalliklar ko‘payishi va kimyoviy moddalar ta’siri kuchayishi ehtimoli katta.
Yuqori harorat yurak-qon tomir va nafas olish tizimi kasalliklari tufayli o‘limga olib kelishi ham mumkin. Iqlim o‘zgarishi, ayniqsa, ochiq havoda yoki issiq xonalarda ishlaydigan odamlarga ko‘proq xavf tug‘diradi.
Iqlim o‘zgarishi davrida mehnat munosabatlari muammolari anjumanda batafsil muhokama qilindi. Baxtsiz hodisalar sabablari tahlil qilindi. Qurilish sohasida xavfsiz ish sharoitini yaratish, ishchi xodimlarning mehnat muhofazasi madaniyatini shakllantirish asoslari bo‘yicha tegishli xulosalar berildi.