Iqlimshunoslar xavotirda: Grenlandiya va Antarktika muzliklari 6 karra tez erimoqda
Grenlandiya muzliklari erishi faollashgan, 1980 yildan beri bu jarayon olti karra tezlashdi, deb yozmoqda «Science Alert»ga tayanib xabar.uz.
Kaliforniya universiteti mutaxassisi, tadqiqotchi, Erik Rinoning ta’kidlashicha, atmosferada parnik gazlari o‘ta ko‘p miqdorda to‘planishi oqibatida Yer iqlimida 1980 yillardan keskin o‘zgarish boshlangan.
Grenlandiya 1980-1990 yillar oralig‘ida yiliga qariyb 51 mlrd. tonnadan muzini yo‘qotdi. 2010-2018 yillarda esa yillik yo‘qotish 286 mlrd. tonnani tashkil etdi. Ayniqsa, eng ko‘p muz orol shimoli-g‘arbida erib, okeanga qo‘shilib ketdi - 1 578 mlrd. tonna. Bu, misol uchun, uchta Eri ko‘lini to‘ldirish uchun yetarli miqdor.
«Bu shundan dalolatki, muzliklar iqlim o‘zgarishlariga o‘ta ta’sirchan», - dedi Rino.
Grenlandiya muzliklari erishi dunyo okeani sathini 13,7 millimetrga oshirdi (1972 yilga solishtirganda), shu o‘sishning teng yarmi oxirgi sakkiz yilda qayd etildi.
Kelgusida bu tendensiya keskinlashib boraverishi mumkin. Agarda shimoli-g‘arb va shimoli-sharqdagi eng sovuq o‘lkalarda ham muzliklar erishi faollashsa, dengiz sathi ko‘tarilishi yanada tezlashib ketadi. Eng qo‘rqinchlisi, Rinoning aytishicha, Antarktikada ham muzliklar erishi tezlashgan. So‘nggi 40 yilda bu yerda ham muzliklar erishi olti baravarga tezlashib ketgani aniqlandi, hozir yiliga 250 milliard tonnagacha Janubiy qutb muzlari dunyo okeaniga qo‘shilib ketyapti.
Shimoliy Atlantikaga o‘ta katta miqdordagi chuchuk suv oqimining kelib qo‘shilishi iqlimshunoslarni xavotirga solmoqda. Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlar chuchuk suvlar sayyoramiz iqlim muvozanatida muhim ahamiyatga ega Golfstrim oqimi hamda Atlantika meridianal aylanamasi tizimlariga ta’sir ko‘rsata olishini isbotlagandi.
P.S. Olimlar, iqlim o‘zgarishlari Yer shari aholisi uchun keng ko‘lamdagi halokatlarga olib kelishi mumkinligidan, bundan qochish uchun esa iloji boricha tabiatni asrash kerakligi va unga yetkazilayotgan zarar miqdorini minimal miqdorga tushirish lozimligi haqida ancha yillardan beri bong urib kelayaptilar. Ammo, manfaatlar to‘qnashuvi tufayli odamlar ham, turli davlatlar ham bunga e’tiborsiz bo‘lmoqdalar.