Iqtidorli qizlar

Tanlovning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.G‘afurova qizlarni tabriklab, yurtimizda iqtidorli qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilgan shart-sharoitlar, buning natijasida xalqaro tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritayotganlar soni yildan-yilga ko‘payayotganligini  ta’kidladi. 

– Joriy yil Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga tanlovning shahar, tuman bosqichlarida mingdan ziyod iqtidorli qizlar ishtirok etdi, – dedi M.o‘afurova. – Ularning barchasi o‘z yo‘nalishida katta yutuqlarga erishib kelmoqda. O‘tgan yil davomida qizlarga ushbu nufuzli mukofot haqida ma’lumot berish, uning ahamiyatini tushuntirish uchun joylarda uchrashuv, seminarlar bo‘lib o‘tdi. Mukofot sovrindorlarining anjumani o‘tkazilib, unda sportda erishgan muvaffaqiyatlari uchun Zulfiya mukofotiga sazovor bo‘lgan sakkiz nafar qizning yutuqlari taqdimoti tashkil etildi. 

Tanlovda ta’lim, fan, madaniyat, san’at, adabiyot yo‘nalishlari bo‘yicha qizlar o‘zlari qatnashayotgan sohada erishgan yutuqlarini namoyish etish bilan bir qatorda yurtimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, yoshlar siyosati, Zulfiyaxonim hayoti va ijodi borasidagi bilimlarini ham namoyon etdi. 

– Xalqaro konferensiyalardagi ikkita ilmiy maqolam jurnallarda chop etilgan, – deydi Samarqand davlat universitetining amaliy matematika va informatika fakulteti talabasi Dilshoda Ibragimova. – Shuningdek, o‘tgan yillar davomida Rossiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro "Yosh matematiklar" olimpiadasida 1-o‘rinni egallaganman. Matematika olami, tenglamalar va ularni turlicha yechish uslublari mening asosiy qiziqishlarimdir. Kelgusida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanmoqchiman.

Tanlov jarayoni bilan tanishar ekanmiz, bu yil qizlar orasida xalqaro tanlov, olimpiadalarda ishtirok etganlar ko‘p ekanini kuzatdik. Misol uchun, SamDU talabasi Sadoqat Yusupova ingliz va yapon tillarida bemalol so‘zlashib, Yaponiyaning Osaka universiteti granti asosida "O‘zbek va yapon tilining geniologik tasnifi" mavzuida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Jomboy tumanidan ishtirok etayotgan Maftuna Samadboyevaning esa Buyuk Britaniya va Rossiya ilmiy jurnallarida maqolalari nashr etilgan.