Iqtisodiy forum O‘zbekistonning barqaror o‘sayotganini namoyon etdi
Samarqand shahri mezbonlik qilgan II O‘zbekiston iqtisodiy forumi yakunlandi.
3-4 noyabr kunlari o‘tkazilgan “Inson manfaatlarini iqtisodiy islohotlarning bosh mazmuniga aylantirish” mavzusidagi bu yilgi forumda nufuzli xalqaro tashkilotlar, yurtimizdagi vazirlik va idoralar rahbarlari, yetakchi iqtisodchilar, nufuzli investor va ekspertlar – 1200 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev forum qatnashchilariga murojaat yo‘llashi va mamlakatimizda kechayotgan iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tishi xorijlik ekspert va tadbirkorlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Forum o‘ndan ortiq sessiyada o‘z ishini davom ettirdi va ularda yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi asosida olib borilayotan faol iqtisodiy islohotlar, qulay investitsion muhit, ijtimoiy siyosat haqida fikr almashildi. O‘zbekiston va xalqaro moliya idoralari bilan birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar, hamkorlikning kelgusi istiqbollari muhokama etildi.
Forumning yakuniy yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.Qo‘chqorovning ma’lum qilishicha, ikki kun davomida mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar muhokama etilishi bilan birga 3 million dollarlik 62 ta shartnoma imzolandi.

– Biz bugun yurtimizda iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarida amalga oshirilayotgan ishlarimizni xalqaro ekspertlar, iqtisodchilar bilan birga tahlil qilib, kelgusida amalga oshirishimiz kerak bo‘lgan vazifalarni belgilab oldik, – dedi J.Qo‘chqorov. – Albatta, hozirgi murakkab sharoitda erishayotgan natijalarimiz, iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari ta’minlanayotgani yaxshi. Lekin oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga erishish, Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish va yaqin istiqbolda mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish uchun yana ham ko‘proq ishlashimiz kerak. Forum bizni qo‘llab-quvvatlayotgan xalqaro tuzilmalar, hamkorlarimiz bilan bu boradagi chora-tadbirlarni belgilab olishimiz uchun qulay maydon bo‘ldi. Keyingi forumgacha biz oldimizga qo‘ygan maqsadlarimiz sari islohotlarni davom ettiramiz, yaxshi iqtisodiy o‘sishga erishamiz, ko‘plab aktivlarni xususiylashtiramiz.
Majlisda xalqaro moliya korporatsiyasi mintaqaviy vitse-prezidenti Hela Cheyxruxu, Whiteshield Partners konsalting kompaniyasi boshqaruv kengashi a’zosi, YuNESKOning sobiq bosh kotibi Irina Bokova, xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi bosh amaliyotchi direktori Nazim Nordali forum muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidlab, bu O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarni jadal rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

– Bugun O‘zbekiston erishayotgan natijalar juda quvonarli, mamlakatda juda katta islohotlar amalga oshirilmoqda va bu o‘z natijalarini bermoqda – dedi Irina Bokova. – Bu faqatgina iqtisodiy sohada emas, boshqa yo‘nalishlarda ham namoyon bo‘lmoqda. Men YuNESKOning avvalgi rahbari sifatida aytishim mumkinki, BMTning ta’lim, sog‘liqni saqlash, gender tenglik va boshqa dastur, maqsadlariga erishishda O‘zbekistonda keyingi yillarda keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Muhimi, bu aholi hayotida o‘z ifodasini topyapti.
Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi bosh amaliyot direktori Nazim Nordali O‘zbekiston bugungi kunda iqtisodiyotni transformatsiya qilishda katta natijalarga erishgani, kichik va o‘rta biznes rivojlanib borayotgani, bank sektori sifat darajasiga o‘tayotganini qayd etdi. Taraqqiyot strategiyasi esa o‘sib kelayotgan O‘zbekistonni ko‘rsatayotganini alohida ta’kidladi.
Tahlillarga ko‘ra, forumda eng ko‘p ishlangan so‘zlar – “o‘sish”, “ochiq”, “imkoniyatlar” bo‘ldi. Mamlakatning barqaror taraqqiyoti uchun esa inson kapitali, shaffoflik, investitsiya muhimligi qayd etildi. Xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonni pandemiyadan keyin barqaror rivojlanayotgan davlatlar qatorida va mintaqadagi eng yaxshi iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichiga erishayotgan mamlakat deb e’tirof etmoqda.
II O‘zbekiston iqtisodiy forumi ana shu jihatlari bilan tarixiy anjumanlar qatoridan o‘rin oldi.