Iqtisodiy zona ishtirokchisi bo‘lish uchun nima qilish kerak?
Maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi bo‘lishi uchun nima qilish kerak va maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchilariga qanday soliq imtiyozlari beriladi?
Xurshid XALILOV,
Bulung‘ur tumani.
- “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 29-moddasiga muvofiq, investorlar investitsiya loyihasini amalga oshirish yuzasidan ma’muriy kengash qarorini olganidan keyin besh ish kuni ichida maxsus iqtisodiy zona joylashgan joydagi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga o‘zi tashkil etayotgan tadbirkorlik sub’yektini yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yoki investor tomonidan ilgari tashkil etilgan tadbirkorlik sub’yektini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni taqdim etadi.
Yuridik shaxs investitsiya bitimi imzolanganidan va maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestriga kiritilganidan keyin maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini oladi.
Shuningdek, Soliq kodeksining 473-moddasiga asosan, maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga kiritilgan investitsiyalar hajmiga qarab, mol-mulk solig‘idan, yer solig‘idan va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilangan muddatga ozod qilish tarzida soliq imtiyozlari beriladi.
Savolga Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi xodimi Orzujon Nasimov javob berdi.