“Ishga marhamat” monomarkazida qo‘shimcha yangi va zamonaviy yo‘nalishlar tashkil etiladi
Samarqand shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida elektromobil ustasi, SMM mutaxassisi, veb-dizayner, quyosh panellari mutaxassisi kabi yangi va zamonaviy yo‘nalishlar tashkil etiladi.
Bu haqda monomarkazda viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasining ish bilan band bo‘lmagan aholini kasbga tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha tashkil etilgan press-turda ma’lumot berildi.
Ma’lumki, aholini ijtimoiy himoya qilish choralarining muhim qismi bu ishsiz fuqarolarni kasbga tayyorlash va ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish hisoblanadi. Ayni shu maqsadda 2021 yil may oyida Samarqand shahrida “Ishga marhamat” monomarkazi tashkil etilgan edi. Qisqa muddatda markazda 4157 nafar tinglovchi kasb-hunar o‘rganib, o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashgan, ma’lum qismi mustaqil ish faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.
Markazda bugungi kunda 26 ta zamonaviy kasblar, 3 ta xorijiy tillar va tadbirkorlik ko‘nikmalari bo‘yicha kurslar tashkil etilgan. 2023 yilning olti oyida 1202 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitilgan bo‘lsa, shundan 844 nafari xotin-qizlarni tashkil etadi. Muhim jihati, bu tinglovchilarning 60 nafardan ortig‘i ijtimoiy daftarlarda turgan fuqarolar, 45 nafari nogironligi bo‘lgan shaxslardir. Shuningdek, aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tavsiyasi asosida 890 nafar tinglovchi o‘qitilib, 763 nafari bugun turli korxonalarda o‘z sohasi bo‘yicha ishlayapti.
- Markaz tashkil etilganida 13 ta yo‘nalishda kasb-hunarga o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan edi, - deydi viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi rahbari Isroil Jabborov. – Hozirda 26 ta yo‘nalishda tinglovchilar kasb-hunar o‘rganmoqda. Bugunga kelib zamonaviy kasblarga talab oshdi, kasb-hunar yo‘nalishlariga ham mavjud talabdan kelib chiqqan holda tinglovchilar qabul qilinyapti. Yaqin kelajakda bu yo‘nalishlarni 30 taga yetkazishni reja qilganmiz. Xususan, elektromobil ustasi, SMM bo‘yicha mutaxassis, veb-dizayner, quyosh panellari ustasi kabi yangi va zamonaviy yo‘nalishlar tashkil etiladi. Bu qo‘shimcha ish o‘rinlarining paydo bo‘lishiga imkon yaratadi. Shuningdek, yurtimizda, xususan, viloyatimizda qurilish sohasi jadallik bilan rivojlanyapti. Butun boshli shaharchalar qurilayotgani ushbu yo‘nalishda ham minglab ish o‘rinlari yaratilishiga zamin bo‘lmoqda. Hozirda Samarqand shahridagi Qorasuv massivi hamda Bulung‘ur tumanida bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida ish beruvchilar bilan hamkorlik o‘rnatib, qurilish ishlarida tajribasi bor ammo ishsiz bo‘lgan fuqarolarning bandiligini ta’minlayapmiz.
Jahon bankining aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini mustahkamlash loyihasi doirasida markazga xorijlik mutaxassislar jalb qilinyapti. Xususan, Turkiyadan 10 nafar oshpazlik, qandolatchilik, issiqxona texnologiyasi, kosmetolog, elektrik, maishiy uy-ro‘zg‘or elektrotexnik buyumlarini tuzatish ustasi kasb yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislar jalb qilinib, amaliy dars jarayonlari tashkil etildi.
E’tiborlisi, shu kungacha monomarkaz muhandis-ustalarining 24 nafari “World Skills” sertifikatini olib, ekspert maqomiga ega bo‘ldi. Hamkor korxonalarda qo‘shma dastur asosida korxonaning o‘zida kurslar tashkil qilindi. Joriy yil xorijiy tillar o‘qitish bo‘limida 240 nafar o‘quvchilar o‘qitildi. Qariyalarni parvarishlash va qishloq xo‘jaligi ishchisi yo‘nalishlari bo‘yicha 34 nafar fuqaro o‘qishni bitirgan bo‘lsa, ulardan 9 nafari N4 til bilish sertifikatini qo‘lga kiritdi.
Bugungi kunda monomarkazda viloyatdagi mavjud 150 dan ortiq ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, qurilish korxonalari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan va markaz bitiruvchilari ushbu korxonalarda bandligi ta’minlanmoqda. Press-turda ish beruvchi korxonalar vakillari ham ishtirok etdi. Ular bugungi bozor talablari, qaysi yo‘nalishlarda mutaxassislarga talab oshayotgani bo‘yicha ma’lumot berdi.
- Yaqin vaqtgacha xodimlarimizni yangi paydo bo‘layotgan sohalarga o‘qitish uchun chet davlatlarga, hech bo‘lmaganda poytaxtga yuborishga majbur bo‘lardik, - deydi “Xayriniso ona fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Yodgor Nurmonov. – Hozirda viloyatimizda ham bu yo‘nalishlar bo‘yicha qayta tayyorlash kurslari ochilayotgani biz ish beruvchilarga ham qo‘l kelyapti. Shu o‘rinda taklifimni ham bildirdim. Har bir sohada yaxshi mutaxassis bo‘lish bilan birga mijoz bilan ishlash ko‘nikmasi ham muhim ahamiyatga ega. Xususan, iste’molchi bilan muomala-munosabatga kirishish, tovarni tavsiya qilishda zarur muloqot ko‘nikmalariga ega bo‘lishi lozim. Markazda kasb-hunarga o‘qitilayotgan tinglovchilarda ushbu ko‘nikmalar bo‘yicha tushunchalar berish uchun tajribali tadbirkorlarni jalb etsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Press-tur davomida ishtirokchilar markazda tinglovchilarga kasb-hunar o‘rganishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, ular bilan muloqot qildi. Tinglovchilar keyingi ish faoliyatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha boshqarma mutasaddilariga savollar berdi, amaliy ko‘mak so‘raganlar ham bo‘ldi. Boshqarma mutasaddilari savollarga atroflicha javob berdi, imtiyozli kredit olish bo‘yicha tushuncha va tavsiyalar berildi.
Sulaymon Mardiyev,
Zamira Boltayeva (surat).