Ishi ko‘p, maoshi oz
Ushbu sohada faoliyat yuritayotgan aksariyat xodimlar ishi ko‘pligi, tadbirlardan bo‘shamasligi, lekin maoshi kamligiga qaramay, bu sohani tashlab ketolmasligini aytadi.
Ular madaniyat xodimlari. Viloyatda bu sohada 3900 nafardan ziyod boshqaruv, ijodiy va texnik xodim ishlaydi. Bugun ularni nima qiynayapti, umuman, tizimda qanday ishlar amalga oshirilmoqda, sohadagi muammo va kamchiliklar, kelgusidagi rejalar haqida viloyat madaniyat boshqarmasi rahbari Orif Hayitov bilan suhbatlashdik.
- Orif aka, yaqinda Samarqand shahar hokimi o‘rinbosarligidan viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandingiz. Tizimda faoliyatingizni nimadan boshladingiz?
- Rahbarlik – mas’uliyat degani. Har bir rahbar qaysi sohada ishlamasin, ana shu mas’uliyatni his qilib, avvalo, tizimdagi muammo va kamchiliklarni o‘rganishdan boshlaydi. Tabiiyki, men ham sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni o‘rganishdan boshladim. Bugungi kunda viloyatda 78 ta madaniyat markazi, 1 ta ixtisoslashtirilgan san’at maktabi, 32 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 4 ta teatr, “O‘zbekkonsert” viloyat bo‘limi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi viloyat bo‘linmasi, “Maqom” namunali xalq ansambli, ko‘zi ojizlar kutubxonasi, shahar va tuman madaniyat bo‘limlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Madaniyat tizimidagi asosiy muammolardan biri – bu kadrlar masalasi. Chunki sohada xodimlar yetishmaydi, buning ustiga, kadrlarning 52 foizi, ya’ni 2 ming nafardan ortig‘i o‘rta maxsus ma’lumotli. Ushbu muammoni hal qilish va boshqarma tizimidagi tashkilotlarni oliy ma’lumotli kadrlar bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlarga qo‘l urilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 28 apreldagi “2022-2026 yillarda Samarqand viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab 2026 yilga qadar madaniyat va san’at yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga Samarqand viloyati uchun maqsadli (har yili 100 tadan) kvotalar ajratish vazifasi belgilangan edi.
Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Madaniyat vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda viloyatga 100 nafar maqsadli kvota ajratish taklifi yuborildi. Shuningdek, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining filialini ochish bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlanyapti va joriy yilgi o‘quv yilida filialni ochish rejalashtirilgan.
- Viloyatda 80 ta madaniyat markazi bor, bugungi kunda ularning holati qanday?
- Viloyatdagi 80 ta madaniyat markazidan 62 tasi o‘z binosiga ega bo‘lsa, 18 tasida bino yo‘q. Albatta, bu ham tizimdagi asosiy kamchiliklardan biri. Biroq keyingi yillarda madaniyat markazlariga alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, 2023 yil 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida davlatimiz rahbari ma’naviyat va ma’rifat, madaniyat, san’at va ijod sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar xususida to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, har bir tuman va shaharlardagi namunaviy madaniyat markazlari faoliyatini samarali tashkil qilish maqsadida konsert tomosha zali, kutubxona, kinozal va to‘garak xonalari bo‘lgan bittadan madaniyat markazlarini qurish va ta’mirlash bo‘yicha topshiriq berildi.
Viloyatda tasdiqlangan manzilli ro‘yxat asosida viloyat hokimligi va homiylar yordamida 16 ta madaniyat markazini ta’mirlash belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar 3 ta - Samarqand shahridagi 5-, Payariq tumanidagi 48- va Urgut tumanidagi 76-madaniyat markazlarida qurilish ta’mirlash ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Ayni paytda Bulung‘urdagi 12-, Narpaydagi 37- hamda Oqdaryodagi 43-madaniyat markazlarida ta’mirlash ishlari boshlangan. Kattaqo‘rg‘on shahar va Qo‘shrabot tumani hokimliklari tomonidan ta’mirlanishi rejalashtirilgan madaniyat markazlari uchun esa mablag‘ ajratilib, loyiha hujjatlari tayyorlanmoqda.
- Madaniyat xodimlarining aksariyati maoshi kamligi va norasmiy tadbirlarga chaqirilib, haq to‘lanmayotganidan noliydi. Bu qanchalik to‘g‘ri?
- Bu bor gap. Madaniyat xodimlarining maoshi kam va ayrim vaqtlarda tashkilotlar tomonidan tashkil qilingan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlari hamda kasb bayramlarini o‘tkazishda madaniyat bo‘limiga ovoz kuchaytirish moslamalari, san’atkorlar va boshlovchilarni jalb qilish vazifasi yuklanadi. Bu esa madaniyat va san’at xodimlarining boshqa tashkilotlar uchun bepul xizmat ko‘rsatishiga va ularning o‘rinli e’tiroziga sabab bo‘ladi. Ammo mazkur holat bo‘yicha tashkilotlarning buyurtmalariga asosan ko‘rsatiladigan barcha madaniy xizmatlar haq evaziga tuziladigan shartnoma asosida o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 26 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori madaniyat sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarning bu kabi muammolariga yechim bo‘ldi, deyish mumkin. Qarorga ko‘ra, Madaniyat vazirligi markaziy apparati xodimlari hamda hududiy madaniyat boshqarmalari, tuman va shahar madaniyat bo‘limlari xodimlariga ko‘p yillik mehnati uchun rag‘batlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda, lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda har oyda qo‘shimcha pul to‘lash tartibi joriy etildi.
Shuningdek, 2022 yil 1 yanvaridan boshlab davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan Madaniyat vazirligi markaziy apparati xodimlarining Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq, lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti – 1,4 baravarga, hududiy madaniyat boshqarmalarida – 1,2 baravarga oshirilgan miqdorda qo‘llaniladigan bo‘ldi.
Bunda Madaniyat vazirligi, hududiy madaniyat boshqarmalari, tuman va shahar madaniyat bo‘limlari xodimlarini Madaniyat vazirligining byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha rag‘batlantirish ular faoliyatining natijadorligi va erishilgan yutuqlarga qarab amalga oshirilishi belgilab berildi.
- Keyingi paytda madaniyat xodimlarining mahallalarga gastrol safarlar uyushtirishi kamayib ketdi. Bunga sabab nima?
- Joriy yil viloyatda bunday tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha tashkilotlar bilan hamkorlikda kalendar-reja tayyorlandi va tasdiqlandi. Unga ko‘ra, shartnoma qilingan tashkilotlar tomonidan belgilangan miqdorda madaniyat xodimlariga xizmat haqi to‘lab berilmoqda. Misol uchun, joriy yilning o‘tgan davrida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi viloyat bo‘linmasi tomonidan 119 million so‘m mablag‘ evaziga joylarda 35 dan ortiq madaniy-ma’rifiy tadbirlar va konsert tomoshalari o‘tkazildi. Ammo hamma tashkilotlar ham madaniyat va san’at bo‘limlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymagan. Shu bois, hududlarda gastrol safarlar kamayib ketgan. Masalan, bitta hududga borib teatr tomoshasi yoki konsert qo‘yish uchun turli dekoratsiya va media uskunalar, ijodiy xodimlarga mashina, kiyim-kechaklar kerak bo‘ladi. Bularning hammasi esa mablag‘ bilan bog‘liq. Bu borada tuman va shahar hokimliklari, ta’lim muassasalari va tashkilotlar mas’ullari faollik ko‘rsatsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
- Joriy yilning o‘tgan davrida qanday yutuqlarga erishildi va yil oxirigacha nima o‘zgarishlar bo‘ladi?
- Joriy yilning o‘tgan davrida madaniyat sohasida bir qancha yutuqlarga erishildi. Jumladan, birgina Bulung‘ur tumani madaniyat bo‘limi qoshida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan «Chavqi» folklor-etnografik ansambli Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Ona zamin ohanglari» respublika ko‘rik-tanlovi hamda Surxondaryo viloyatida tashkil etilgan «Boysun bahori» xalqaro folklor festivalida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Markaziy Osiyoda birinchi marta yagona pavilonda tasvirga olingan Samarqand hokimi, sarkarda va Registon ansambli asoschisi Yalangto‘sh Bahodir haqidagi tarixiy film suratga olindi.
Prezidentimizning viloyatimizga tashrifi chog‘ida berilgan topshirig‘iga asosan, Madaniyat vazirligi bilan madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish bo‘yicha «Samarqand tajribasi»ni yaratish bo‘yicha konsepsiya loyihasi ishlab chiqildi. Jumladan, Samarqand shahridagi Qorasuv massivida “AGROMIR BULDINGS” MChJ tomonidan «Marhabo talantlar» xamda Narpay tumani Salovat mahallasida «MAROQAND SIFAT» klasterining tashabbusi bilan umumiy qiymati 7,5 milliard so‘mlik yangi namunadagi madaniyat markazi qurish loyihasi tayyorlandi. Ushbu madaniyat markazi 400 o‘rinli konsert zali, 9 turdagi musiqa va san’at yo‘nalishidagi to‘garaklar, kompyuter, xoreografiya, “Book cafe”, ovoz yozish studiyasi va karaoke faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Fazliddin Ro‘ziboyev suhbatlashdi.