Ishonchli vakil ichimlik suvi muammosini bartaraf etish va mahallaga avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish masalasini o‘rgandi
Past Darg‘om tumanida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Bahrom Abduhalimovning Samarqand viloyatidagi ishonchli vakili, partiyaning Samarqand viloyat kengashi raisi Muhiba Bobobekova fuqarolar bilan uchrashib, ular bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Dastlab ishtirokchilarga B.Abduhalimovning tarjimai holi hamda saylovoldi dasturidagi ustuvor vazifalar, asosiy yo‘nalishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. So‘ngra nomzod dasturidan o‘rin olgan hayotbaxsh g‘oyalar, xalq farovonligi, yorqin kelajagi yo‘lida belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyati yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirildi.
Shuningdek tadbirda so‘z olgan deputat va oddiy odamlar “Adolat - hayotimizning bosh mezoni” deb nomlangan saylovoldi dasturda ta’limning barcha yo‘nalishlari, bu maktabgacha, umumiy o‘rta ta’lim, oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, sud-huquq tizimi, ilm-fan, xalqaro munosabatlar yuzasidan ko‘tarib chiqilayotgan aniq takliflar xalqimizning turmush farovonligini oshirish, qulayliklar yaratilishida xizmat qilishini ta’kidlashdi.
– O‘zim ta’lim sohasining odami bo‘lganim uchun e’tiborimni tortgan jihatidan eng birinchisi uchta ta’lim vazirligi - Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’lim va Oliy ta’lim vazirliklarini yagona Ta’lim vazirligiga aylantirish masalasi bo‘ldi, - deydi “Xumo” o‘quv markazi rahbari, tadbir ishtirokchisi Farrux Rustamov. - Bu yo‘lni juda oqilona yo‘l deb hisoblayman. Uchta vazirlik orasidagi bo‘shliq to‘ldiriladi. Maktabgacha ta’limdan so‘ng xalq ta’limiga, xalq ta’limidan so‘ng Oliy ta’limga har tomonlama tayyor bo‘lib yetishadi. Ikkinchidan, barcha to‘lovlarni (jarimalar, davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa majburiy undiruvlar) davlat byudjetiga tushishini ta’minlash xalq farovonligi, sohalar rivojiga juda katta hissa qo‘shadi. Yana bir masala, adolatsiz jazo va jarimalarni qayta ko‘rib chiqish, bunda jarimalarni xalqning real daromadlariga mutanosib ravishda belgilash taklifi ilgari surilayotgani ham xalqchilligi bilan e’tirofga munosib, deb o‘ylayman.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar tomonidan hududda mavjud muammolar ham o‘rtaga tashlandi. Xususan, Past Darg‘om tumanida ichimlik suvi muammosini bartaraf etish, “Yangi avlod” mahallasidagi 99-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga uzoq hududdan qatnash uchun mikroavtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish, maktablarda, oliy ta’lim dargohlarida kam ta’minlangan, yetim o‘quvchilar uchun bepul issiq ovqatlar tashkil etish borasida takliflar, murojaatlar ko‘tarildi. Murojaatlar tegishliligicha qayd etilib viloyat, tuman Kengashi deputatlari tomonidan so‘rovlar chiqarilishi, ijrosi bo‘yicha saylovchilarga ma’lumot taqdim etilishi ma’lum qilindi.
“Adolat” SDP Samarqand viloyati Kengashi axborot xizmati.