Ishtixonda tug‘ruq ta’tilidan qaytgan hamshira ishga olinmagan. Masalaga adliya idorasi aralashdi

Ishtixon tumani adliya bo‘limi boshlig‘i B.Boymurodovning ma’lum qilishicha, S.Rasulovaning bola parvarishi ta’tilidan so‘ng o‘z ish o‘rniga chiqishi tuman tibbiyot birlashmasi ma’muriyati tomonidan paysalga solingan.

Shu bois, u o‘z huquqlarini tiklashda adliya idoralariga murojaat qilgan. O‘rganish jarayonida ish beruvchi, ya’ni tuman tibbiyot birlashmasi ma’muriyati tomonidan mehnat to‘g‘risidagi qonun xujjatlari talablariga rioya qilinmaganligi, qonun buzilishi holatlariga yo‘l quyilganligi, bu bilan shaxsning qonun bilan kafolatlangan xuquq va manfaatlariga ziyon yetkazilganligi aniqlangan.

Aniqlanishicha, 2018 yil 19 sentyabrdagi buyruq bilan S.Rasulovaga 2018 yil 18 sentyabrdan 2020 yil 18 sentyabrgacha bola parvarishi ta’tili berilgan. Joriy yil fevral oyida S.Rasulova bola parvarishidan ishga qaytish masalasida ma’muriyatga murojaat qilganda, xodimning qonun bilan kafolatlangan o‘z ish o‘rniga ishga qabul qilinishi ta’minlanmagan va ishga chiqishga ruxsat berishni buyruqlashtirish biror bir asos bildirilmagan holda rad etilgan.

Vaholanki, Mehnat kodeksining 234-moddasida bola ikki va uch yoshga to‘lgunga qadar parvarishlash uchun ta’tillar berilishi, homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta’til berilib, bu davrda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nafaqa to‘lanishi, ayolga uning xohishiga ko‘ra, bolasi uch yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta’til ham berilishi mumkinligi, bolani parvarishlash ta’tillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanishi lozimligi ko‘rsatilgan.

Holatdan kelib chiqib, tibbiyot birlashmasi bosh vrachining 1 million 115 ming so‘m ma’muriy jarima jazosiga tortilishi, S.Rasulovaning ishga joylashtirilishi ta’minlandi.